«Gaz, tok, suvsiz ikki yil amallab turdim» - Ohangaronlik tadbirkorning quyonlari qirilib, bankrot bo‘ldi. U bunda kadastrdagilarni ayblamoqda
Kun.uz’ga murojaat qilgan ohangaronlik tadbirkor ayol quyonchilik biznesini uyida boshlab, ishi yurishib ketgach, hokimiyat mas'ullarining tashabbusi bilan unga yer ajratilganini aytdi. Tadbirkorga ajratilgan yerning hujjatlari tuman kadastr bo‘linmasi va hokimiyat mas'ullarining e'tiborsizligi tufayli oxiriga yetmaydi. Natijada, suv, gaz, toksiz qolgan quyonxonada tadbirkorning 600dan ziyod quyonlari nobud bo‘ladi, ayol esa bankrotga uchraydi.
Kun.uz’ga murojaat qilgan ohangaronlik tadbirkor Salomatxon O‘lmasova quyonchilik biznesini o‘z uyida boshlagani, uy sharoitida yuzlab quyonlarni parvarish qilgani va ishni yaxshigina yo‘lga qo‘yib olgani haqida aytib berdi. Mahalla va hokimiyat vakillarining tashabbusi bilan 2018 yilgi davlat dasturi doirasida unga quyonlarini ko‘paytirish va sohani rivojlantirish uchun yer maydoni ham ajratiladi.
«Uch bolam bor, qachongacha boqimanda bo‘laman dedim-da, o‘z biznesimni boshladim. Quyonchilik sohasiga qarasam, juda katta boylik manbasi ekan. Lekin quyonchilikka uncha katta mablag‘ kerak emas ekan. Bitta ona quyon 10-15tagacha bolalaydi, makka, beda kabi ozuqalar berib tursangiz, 40 kunda yetiladi. 40 kun ichida bitta quyondan 350 ming so‘mdan foyda kelib turadi.
Shularni o‘ylab Sirdaryoga borib, uchta quyon olib keldim. Uy sharoitida boqa boshladim. Quyonlarim 450taga yetganda, (2018 yilda) quyonchilik bo‘yicha davlat dasturi chiqib qoldi. Shunda mahalla va hokimlik mas'ullari kelib, quyonchilikni rivojlantirish kerak, sizga yer ajratamiz, deb kattadan katta va'dalar berishdi», deydi tadbirkor ayol.
Shundan keyin u ajratilgan yerda quyonlari uchun maxsus obekt qurilishini boshlaydi. Quyonxonani jihozlab, kerakli uskunalarni olib kelgan tadbirkorning quyonlari adadi 2 yil ichida 1000taga yetadi. Biroq Toshkent viloyati «Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri» davlat korxonasi Ohangaron tuman hududiy bo‘limi tegishli hujjatlarni rasmiylashtirishni paysalga solishi oqibatida obektga gaz, tok va suv tortib bora olmaydi. Buning natijasida 600dan ziyod quyonlari nobud bo‘ladi. 2020 yilda bankrotlik yoqasiga kelib qolgan tadbirkor ayol 2021 yilga kelib, o‘z faoliyatini butunlay yakunlashga majbur bo‘ladi.
Tadbirkor 80 million so‘mdan ortiq zarar ko‘rgani haqida aytib berdi. Bir qarashda arzimas tuyulishi mumkin bo‘lgan bu mablag‘ oddiy qishloq oilasining bir necha yillik daromadini tashkil qilishini unutmaslik kerak.
Xullas, kadastr hujjatlari oxiriga yetmagani bois, ayolda gaz, tok va suv muammosi hal bo‘lmaydi. Hokimiyat esa tadbirkorni qo‘llab-quvvatlashini, barcha hujjatlar rasmiylashtirilishini aytib, va'da berishda davom etadi.
Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, yer ajratish to‘g‘risidagi dalolatnoma asosida u qurilishni boshlagan. Qurilish bo‘layotgan hududga hokim va kadastr boshqarmasi mas'ullari keladi. Shu yerning o‘zida hokim kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish uchun yer ajratish to‘g‘risidagi qarorni imzolab, Toshkent viloyati «Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri» davlat korxonasi Ohangaron tuman hududiy bo‘limi mas'uli Sa'dulla Karimovga beradi. Tadbirkor esa barcha tashkilotlar xulosasini, kerakli hujjatlarni kadastrchiga topshiradi.
Salomatxon O‘lmasova kadastr hujjatlarini oxiriga yetkazish uchun, kadastr agentligining hududiy bo‘limiga, Sa'dulla Karimovga
bir necha bor murojaat qilgani, biroq kadastr xodimi turli bahonalar bilan ishni paysalga solganini aytadi.
Ohangaron tumanida 2018 yilda hokim vazifasida ishlagan O‘ktam Tursunovning qarori bilan yer ajratilishi kerak edi. Tumanda 2019-2020 yillarda esa ikki marta hokim almashgan. Asosiy muammoni yuzaga keltirgan vaj ham shu bo‘lsa ajab emas: hokim yo‘q, qaror ijrosini so‘raydigan ham.
«Kadastr bo‘limiga, tuman hokimligi arxitektura bo‘limiga hujjatlarni rasmiylashtirish borasida bir necha bor murojaat qildim. Har safar «ha bo‘lyapti», deb bahona qilaverishdi. Menga ajratilgan yerda qurilish boshlaganman, faoliyatimni yo‘lga qo‘yganman, kadastr hali ham bitmagan. Kadastr yo‘q, gaz, tok, suv yo‘q – ikki yil amallab turdim. 2020 yil sharoit yo‘qligidan bankrotlik yoqasiga kelib qoldim, 2021 yilda esa butunlay faoliyatimni to‘xtatdim.
O‘zim yetimxonada katta bo‘lganman, davlat meni yedirdi, ichirdi, odam qildi, o‘qitdi; endi davlatga nafim tegsin, deb uy sharoitida tinchgina ishlayotgan joyimdan cho‘l hududiga chiqdim. Davlat dasturini bajaraman deb, ham mablag‘imdan, ham sog‘lig‘imdan ayrildim», deydi Salomatxon O‘lmasova.
Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Toshkent viloyati «Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri» davlat korxonasi Ohangaron tuman hududiy bo‘limida bo‘ldik.
Sa'dulla Karimov bilan shaxsan uchrashishning imkoni bo‘lmadi, u bilan telefon orqali muloqot qildik. U tadbirkor ayolga ajratilgan yer boshqa fermer xo‘jaligiga tegishli ekanligini, shuningdek, tadbirkor hujjatlarni to‘liq topshirmaganini aytdi. Hokimning oldida barcha hujjatlarni olganini esa rad etdi.
Holatni o‘rganib, kim aybdorligi to‘g‘risida hukm chiqarmoqchi emasmiz. Tadbirkor «davlat dasturi»ni bajaraman deb, mas'ullarning gapi bilan ish boshlab, yakunda kuyib qolganini aytmoqda. Ammo kadastr xizmati xodimi «hech qanday hujjatlarni olmagani»ni iddao qilib, mas'uliyatni zimmasidan soqit qilishga urinmoqda.
Yer bilan bog‘liq masalalarda muammolar yuzaga kelayotgan bir paytda, kadastr hujjatlari bitmay ish boshlagan tadbirkorni ham, tadbirkorga yer ajratish to‘g‘risida dalolatnoma tuzilib, barcha hujjatlarni olgani iddao qilinayotgan kadastr xodimini ham oqlab bo‘lmaydi.
Bunda masalaning ahamiyatli jihati shundaki, mahalliy hokimlik tadbirkor ayol taqdiriga panja ortidan qaramaganida hozir potensial soliq to‘lovchi boy berilmagan hamda bir oila daromadsiz qolmagan bo‘lar edi.
Madina Ochilova, Kun.uz muxbiri,
Tasvirchi: Sherzod Egamberdiyev,
Montaj ustasi: Abduqodir To‘lqinov.
Mavzuga oid
17:12 / 30.10.2024
Alimentdan qochib yurgan otani “ilintirgan” xodim – MIB operatsiyasi tafsilotlari
13:38 / 19.10.2024
Toshkent viloyatida qo‘ylarni urib yuborgan “Spark” yonib ketdi
09:28 / 22.09.2024
Toshkent viloyatida noqonuniy dori savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar ushlandi
13:12 / 20.05.2024