O‘zbekiston | 21:24 / 25.02.2019
8957
10 daqiqa o‘qiladi

Buxoro deklaratsiyasi: Ziyorat turizmi xalqaro forumi yakunlari

Buxoroda o‘tkazilgan Ziyorat turizmi bo‘yicha I Xalqaro forum o‘z ishini yakunladi. Mazkur forum O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatning xalqaro maydondagi ziyorat turizmi bo‘yicha mavqeini oshirish maqsadida o‘tkazildi. Tadbir Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari qo‘mitasi, O‘zbekiston musulmonlar idorasi, "Vaqf" xayriya jamg‘armasi, Tashqi ishlar vazirligi, Buxoro viloyati hokimligi, ISESCO (Ta'lim, ilm-fan va madaniyat bo‘yicha islom tashkiloti) va UNWTO (Butunjahon turistik tashkiloti) hamkorligida tashkil etildi.

Foto: Kamil Yenikeyev

Ikki tomonlama uchrashuvlar

Foto: Kamil Yenikeyev

Ziyorat turizmi bo‘yicha I Xalqaro forum doirasida Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov xorijiy mutaxassislar bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi. Jumladan, Tatariston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Vasil Shayxraziyev, Dehli markaziy masjidi bosh imomi Said Buxoriy, Misr Vakillik palatasining Ijtimoiy hamdardlik, oila va nogironlar qo‘mitasi raisi Abdulhadiy Al-Kasabiy, MATTA (Malayziya turistik kompaniyalar va turoperatorlar uyushmasi) vitse-prezidenti Oqil Yusuf, Gunadarma universiteti reaktori, O‘zbekistonning Indoneziyadagi turistik brend elchisi Eko Shri Margianti va Tri Ways Traveland Tour (Singapur) xalqaro kompaniyasi bosh menejyeri Ahmad Hamid bilan muzokaralar o‘tkazildi.

Ikki tomonlama uchrashuvlar davomida mamlakatning turistik imkoniyatlari va salohiyati targ‘ibotiga yo‘naltirilgan hamkorlik masalalari va qo‘shma loyihalar muhokama qilindi. Shuningdek O‘zbekistonning islom olamida ziyorat turizmining eng yirik markazlaridan biri sifatida xalqaro e'tirof etilishi masalasiga urg‘u berildi.

"Imom Al-Buxoriy, Imom At-Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Burhoniddin Marg‘inoniy kabi islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalar, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Mahmud Zamaxshariy, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi kabi jahon ilm-fani tarixida o‘chmas iz qoldirgan olim va mutafakkirlarning vatani sifatida O‘zbekiston zamini butun dunyodan islom sivilizatsiyasining muhim markazlaridan biri sifatida sayyohlarni chorlab kelmoqda. So‘zimizning yaqqol dalili sifatida bir necha asrlardan buyon islom madaniyati poytaxti sifatida namoyon bo‘lib kelgan “Qubbatul Islom” - Buxoro shahri Islom hamkorligi tashkiloti Ta'lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom tashkiloti (ISESCO) tomonidan Buxoro boshqa shaharlar qatorida Islom madaniyatining poytaxti deb e'lon qilinganligini ta'kidlash joiz", - dedi Bosh vazir o‘rinbosari.

Buxoro deklaratsiyasi

Foto: Kamil Yenikeyev

Xalqaro forum doirasida O‘zbekistonning ziyorat turizm markazlaridan biri sifatida tan olinishiga doir Buxoro deklaratsiyasini imzolashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik va idoralar, xalqaro toifadagi mehmonlar va tadbir ishtirokchilari, shu bilan birga, mahalliy va xorijiy OAV vakillari ishtirok etishdi.

Ta'kidlash joizki, Buxoro deklaratsiyasining imzolanishi O‘zbekiston tarixidagi muhim hodisadir. Ekspertlarning fikricha, bu hujjatning imzolanishi respublikada sayyohlik infratuzilmasining rivojlanishiga va umuman turistik oqimning yanada ko‘payishiga kuchli turtki beradi.

Hamkorlik memorandumi

Bundan tashqari, forum doirasida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Milliy PR-markaz hamda Malayziya turagentliklari assotsiatsiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Foto: Kamil Yenikeyev

Memorandum turistik kompaniyalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, turizm sohasidagi ishchi va investitsion aloqalarni kengaytirish, shuningdek ikki mamlakat sayyohlar sonini oshirishni ko‘zda tutadi.

Memorial yodgorlik

Foto: Kamil Yenikeyev

Rossiya muftiylar kengashi matbuot xizmatida xabar berilishicha, Buxorodagi forum doirasida Mir Arab madrasasida tatar olimi va ma'rifatparvari Shigabuddin Marjoniy sharafiga memorial yodgorlikning ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan.

Shu bilan birga, Ziyorat turizmi bo‘yicha ilk xalqaro forum maydonida Rossiya muftiylar kengashi raisi Rushan Abbasov va O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov o‘rtasida uchrashuv o‘tkazilgan. Tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish va xususan, ziyorat turizmi bo‘yicha hamkorlikni chuqurlashtirish istagini bildirishgan.

O‘zbekistonning Malayziyadagi ziyorat turizmi elchisi

Foto: Kamil Yenikeyev

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmatidan olingan ma'lumotlarga ko‘ra, Perlis shtati muftiysi Mohd Asriy bin Zayn-ul Obiddin O‘zbekistonning Malayziyadagi ziyorat turizmi bo‘yicha elchisi etib tayinlandi. Buxorodagi xalqaro forum doirasida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi Abdulaziz Akkulov unga tegishli sertifikatni topshirdi.

Mohd Asriy bin Zayn-ul Obiddin islom teologiyasi bo‘yicha doktorlik maqomiga ega bo‘lib, Malayziyaning ko‘zga ko‘ringan islom arbobi hisoblanadi. U uzoq vaqt Oksford universitetining Islom tadqiqotlari markazi, Uels universiteti, Malayziya ilmiy universitetida pedagoglik qilgan.

Ziyorat turizmi elchisi Facebook ijtimoiy tarmog‘ida 1,1 million folloverga ega bo‘lib, o‘z sahifasida O‘zbekistonning ziyorat turizmi bo‘yicha targ‘ibot ishlarini olib boradi. Shuningdek O‘zbekistonga turistik guruhlarni shakllantirishga doir ishlarni ham olib boradi, guruh tarkibidan Malayziyaning islom bo‘yicha olimlari ham o‘rin oladi. Yaqin orada Kuala-Lumpurda "Yangi O‘zbekiston: islom olimlari vatani" mavzuidagi seminar o‘tkazish rejalashtirilgan.

Matbuot anjumani

Tadbir doirasida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi. Savollarga Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi Abdulaziz Akkulov, uning o‘rinbosari Ulug‘bek Qosimxo‘jayev javob berishdi. Anjuman davomida savollar bilan bir qatorda qiziqarli takliflar ham berildi. Takliflardan biri Buxoro aeroportini ochiq osmon formatiga o‘tkazishni ko‘zda tutadi. Malayziya vakilining so‘zlariga ko‘ra, dastlab Toshkentga qo‘nib, keyin Buxoro yoki boshqa shaharlarga borish sayyohlar uchun o‘ziga yarasha noqulaylik tug‘diradi, shu bois Buxoro aeroportini ochiq osmon formatiga o‘tkazish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Ta'kidlash joizki, Ziyorat turizmi bo‘yicha birinchi xalqaro forumda Xalqaro Ziyorat turizmi forumida shuningdek Turkiya din ishlari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Osman Tiraschi, Dehli bosh masjidi imomi Said Buxoriy, Rossiya muftiylar kengashi raisi birinchi o‘rinbosari Rushan Abbasov, Indoneziyadagi O‘zbekiston sayyohlik brendi elchisi Eko Shri Margianti, Misr Vakillar palatasining Ijtimoiy birdamlik, oila va nogironlar qo‘mita raisi Abdulhadiy Al-Kasabiy kabi qator xorijiy mutaxassislar ishtirok etishdi.

Foto: Kamil Yenikeyev

Islom sivilizatsiyasi markazi, Xalqaro islom akademiyasi, Mir Arab oliy madrasasi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari O‘zbekistonning boy ilmiy-tarixiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilishga xizmat qilishi shubhasiz. Forumda ziyorat turizmi uchun tarixiy-madaniy obektlar, ziyoratgohlarning o‘zi yetarli emasligini inobatga olgan holda, O‘zbekistonning ziyorat turizmi jozibadorligini oshirish uchun targ‘ibot ishlari yaxshi yo‘lga qo‘yilishi bilan birga ziyoratchilarga qulay shart-sharoitlar yaratilishi kerakligi ta'kidlandi.

Foto: Kamil Yenikeyev

O‘zbekiston bo‘ylab sayohat

Xalqaro forum doirasida xorijiy mamlakatlardan tashrif buyurgan mehmonlar Buxoro, Samarqand va Toshkent shaharlarining tarixiy va diqqatga sazovor maskanlarni ko‘zdan kechirishdi.

Foto: Kamil Yenikeyev

Shuningdek, juma namozini birgalikda o‘qishdi.

Foto: Kamil Yenikeyev

Ziyorat turizmi bo‘yicha birinchi xalqaro forumga oid maqolalar nafaqat mahalliy nashrlar, balki xorijiy mamlakatlarning ommaviy axborot vositalari va islom ulamolari sahifalarida ham chop etilmoqda.

Buxoro shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro miqyosdagi forum bu yo‘nalishdagi birinchi yirik tadbir bo‘ldi, kelgusida bunday tadbirning muntazam ravishda o‘tkazilishi O‘zbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirish va mamlakatni chin ma'noda ziyorat turizmining yirik markazlaridan biriga aylantirish yo‘lida xizmat qiladi, degan umiddamiz. Asosiysi - bu yo‘nalishdagi ishlarni  forum doirasi bilan cheklanib qolmay, undan keyin ham tizimli ravishda davom ettirish va sezilarli amaliy natijalarga erishish.

Lola Rahmonboyeva,
Kun.uz jurnalisti

Mavzuga oid