22 fevral kuni Buxoro shahridagi Yoshlar markazida Ziyorat turizmi bo‘yicha birinchi xalqaro forumning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ochib berdi.

Bosh vazir o‘rinbosari yig‘ilganlarga O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish yo‘lida olib borilayotgan ishlar haqida ma'lumot berib, quyidagilarni ma'lum qildi:

"45 ta mamlakatga vizasiz rejim joriy qilindi, fuqarolari O‘zbekistonga vizasiz kirishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar soni 64 taga yetdi; 76 ta mamlakat fuqarolari elektron kirish vizasini olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. 2018 yilda 50 dan ortiq mamlakat fuqarolari uchun qariyb 22 mingta elektron kirish vizalari rasmiylashtirildi; O‘zbekiston hududidan tranzit bilan o‘tayotgan 101 davlat fuqarolariga O‘zbekistonga vizasiz kirish tartibi joriy etildi", - dedi u.

Aziz Abduhakimov
Foto: Kamil Yenikeyev

Shuningdek, Aziz Abduhakimov O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi xorijiy fuqarolarning ayrim guruhlari uchun qo‘shimcha kirish vizalari toifalari («Vatandosh»«Academic visa», «Medical visa», «Student visa») joriy etilgani to‘g‘risida ma'lumot berdi. Forum mavzusi va mehmonlarimizga bevosita aloqador bo‘lgan yangi viza turi - «Pilgrim visa» aynan ziyorat turizmini rivojlantirish maqsadida joriy etilganini alohida qayd etdi.

Bundan tashqari, Bosh vazir o‘rinbosari «Buyuk ipak yo‘li» mamlakatlari bo‘ylab sayohat qiluvchi sayyohlarga qulaylik yaratish, bir tashrif doirasida Markaziy Osiyodagi bir nechta mamlakatlarda bo‘lish imkoniyatini beruvchi «Silk visa» tizimini ham joriy qilish masalasi ko‘zda tutilayotganini ta'kidladi.