Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Putin: Rossiya DXR va LXRni Donetsk va Lugansk oblastlari chegaralarida tan oladi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Moskva o‘zini o‘zi mustaqil deb olgan DXR va LXRni Ukrainaning Donetsk va Lugansk oblastlari chegaralarida tan olishini aytdi. Bungacha Federatsiya kengashi Rossiya qurolli kuchlaridan xorijda foydalanish uchun ruxsat bergandi.
Foto: Getty Images
«Ushbu respublikalar mustaqilligi qaysi hududlarning chegaralarida tan olinadi? Biz ularni tan oldik, bu esa ularning barcha fundamental hujjatlarini, jumladan ushbu respublikalarning konstitutsiyasini ham tan olishimizni anglatadi. Konstitutsiyalarda ular Ukraina tarkibida bo‘lgan vaqtidagi Donetsk hamda Lugansk oblastlarining hududlari mazkur respublika chegaralari deb tan olingan», dedi Putin jurnalistlarga Federatsiya kengashi unga armiyadan xorijda foydalanish uchun ruxsat berganidan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
«Ammo biz barcha bahsli masalalar Kiyevning hozirgi hukumati va bu respublikalar rahbariyati o‘rtasidagi muzokaralar chog‘ida hal etilishiga umid qilamiz. Lekin bu oson bo‘lmasligi aniq», - deya qo‘shimcha qilgan u.
Avvalroq Federatsiya kengashi Putinning rossiyalik harbiylardan chegaradan tashqarida foydalanish uchun qilgan murojaatini ko‘rib chiqqan va unga rozilik bildirgandi. Putin ruxsat so‘rab murojaat qilgani haqida senatorlar yig‘ilishi boshlanishi arafasida ma’lum qilindi.
Seshanba kuni Rossiya parlamentining ikki palatasi DXR va LXR bilan do‘stlik to‘g‘risidagi kelishuvlarni ma’qulladi, Putin Donbassdagi o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan respublikalarni tan olishi ortidan bu respublikalar rahbarlari bilan shunday kelishuvlarni imzolagandi.
«Qurolli kuchlardan xorijda foydalanish bo‘yicha - xo‘sh qanday qilib? Albatta, biz kecha kelishuvlar imzoladik. DXR va LXR bilan tuzilgan bu bitimlarda tegishli punktlar bor, unga ko‘ra biz bu respublikalarga tegishli yordamlarni, jumladan harbiy yordam ko‘rsatishimiz mumkin», - dedi Putin seshanba kuni kechqurun jurnalistlar savollariga javoban.
Putin Federatsiya kengashi qarori harbiylar hozirning o‘zida u yerga yuborilishini anglatmasligini qayd etgan.
Chegaralar masalasi
DXR va LXR Ukrainaning Donetsk va Lugansk oblastlarining to‘liq hududiga da’vo qilsa-da, bu hududning kichikroq qismini nazorat qiladi, oblastlarning asosiy qismi Kiyev nazoratida.
Seshanba kuni avvalida Davlat dumasining MDH ishlari bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Leonid Kalashnikov Rossiya Donbassdagi respublikalarni Ukrainaning Donetsk va Lugansk oblastlari chegaralarida tan olishini aytib, shov-shuv ko‘tardi.
Ko‘p o‘tmay uning so‘zlari xato talqinligi aytildi, Rossiya TIV o‘rinbosari Andrey Rudenko «Rossiya DXR va LXRni ushbu respublikalar rahbariyati o‘z vakolatlari va yurisdiksiyasini amalga oshiradigan chegaralardagina tan olishi» haqida gapirdi.
Federatsiya kengashining xalqaro munosabatlar bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Andrey Klimov Rossiya LXR va DXRni amalda o‘rnatilgan chegaralarda tan olishini aytdi. Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarning shu haqdagi savoliga javob berarkan, vaziyatni yana chigallashtirdi.
«Bu ikki respublika o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan chegaralarda», dedi u DXR va LXR qaysi chegaralarda tan olinishi haqidagi savolga javoban. Peskov boshqa tafsilotlarni aytishni istamadi va boshqa aytadigan qo‘shimchasi yo‘qligini bildirdi. «Ular mavjud bo‘lgan va o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan chegaralarda», deya takrorladi u.
Svyatoslav Xomenko, BBC korrespondenti:
Rossiya LXR va DXRni qanday chegaralarda tan olishi o‘ta muhim hisoblanadi.
Respublikalar «qonunchiligi»da ularning chegaralari - Ukrainaning Donetsk va Lugansk oblastlari chegaralari hisoblanishi ko‘rsatilgan. Tan olinmagan respublikalar rahbarlari amalda bu oblastlar hududlarining jami uchdan bir qismini nazorat qilishadi.
Donbassning Ukraina nazoratidagi va ayirmachilar qo‘lida qolgan qismlari «tutashuv chizig‘i» orqali ajratilgan, bu hududda so‘nggi yillar mobaynida nazorat-o‘tkazuv punktlari, mudofaa inshootlari va minalangan hududlar yuzaga kelgan.
Voqealarning keyingi rivoji mantiqan Rossiya DXR va LXRni aynan qaysi chegaralarda tan olganiga bog‘liq edi. Agar bu «tutashuv chizig‘i»da bo‘lganida, Donbassdagi vaziyat deyarli o‘zgarmasdi, kamida Kiyev uchun. Ukraina hukumati shusiz ham chiziqdan narigi tomondagi hududni nazorat qilmasdi va endi ham nazorat qilmaydi, Moskvaning DXR va LXRni shu chiziqqacha bo‘lgan hududda tan olishi va hatto u yerga rasman qo‘shin kiritishi ham shunchaki bezovtalik uyg‘otuvchi noqulaylik kabi ko‘rinardi.
Lekin agar Rossiya ularning butun Donetsk va Lugansk oblastlariga - Kramatorsk, Mariupol, Lisichansk va Starobelsk shaharlariga ham huquqini tan olsa - o‘z-o‘zidan, do‘stlik to‘g‘risidagi o‘zaro kelishuvga muvofiq, bu hududlarni «qaytarish» uchun yordam berish harakatini boshlaydi, bu esa tayyor eskalatsiya ssenariysi bo‘ladi.
Putinning tinchlikparvar ohangidagi luqmasi - chegara masalasini Kiyev DXR va LXR rahbariyati bilan muhokama qilib hal qilishi mumkinligi haqidagi so‘zlari, chalg‘itmasligi kerak. Ukraina bunday muzokaralarga bormaydi. Bu esa Donbassda navbatdagi katta urush boshlanishi mumkinligini anglatadi.
Diplomatik munosabatlar
Bu vaqtda, 22 fevraldan Rossiya DXR va LXR bilan diplomatik aloqalar o‘rnatdi.
Rossiya TIV axboroti bo‘yicha mustaqilligi tan olingan ikki respublikaning tashqi ishlar masalalari bilan shug‘ullanuvchi idoralarining rahbarlariga Sergey Lavrov imzolagan tabrik telegrammalari yuborilgan.
«Shu kundan boshlab Rossiya Federatsiyasi va Donetsk xalq respublikasi, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi va Lugansk xalq respublikasi o‘rtasida elchixonalar darajasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida kelishuv tuzildi.
Rossiya DXR hamda LXR bilan har tomonlama hamkorlik, xususan, tashqi siyosiy vazirliklarning mamlakatlarimiz fuqarolari manfaatlariga xizmat qiladigan, mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan munosabatlarni rivojlantirishni maqsad qilgan», deyiladi Rossiya TIV xabarida.
Putin 21 fevral kuni kechqurun millatga telemurojaatida Donbassdagi o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan respublikalar tan olinishi haqida ma’lum qilgandi. G‘arbdagilar Moskvaning bu qadamini Minsk kelishuvlari va Ukraina hududiy yaxlitligining qo‘pol ravishda buzilishi sifatida baholagan. Sanksiyalar tayyorlanmoqda. Germaniya 22 fevral kuni «Shimoliy oqim-2» gaz quvuriga sertifikatsiya berishni to‘xtatdi.
Mavzuga oid
13:38
Putin biznesdan tug‘ilishni oshirishda faol ishtirokni talab qildi
14:31 / 19.02.2026
Mers Putin bilan munosabatlar normallashishini «deyarli istisno etdi»
20:11 / 18.02.2026
Putin yana ikki yil urushishni rejalashtirmoqda – NYT
14:08 / 18.02.2026