Jahon | 13:38
1618
3 daqiqa o‘qiladi

Putin biznesdan tug‘ilishni oshirishda faol ishtirokni talab qildi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin ish beruvchilarni mamlakatdagi demografik vaziyatni yaxshilashda hal qiluvchi rol o‘ynashga chaqirdi. Uning aytishicha, biznes xodimlarni “katta, ko‘p bolali oila qurish”ga rag‘batlantirishi kerak. 

Foto: Komsomolskaya Pravda / Global Look Press

Putin payshanba kuni, 19 fevralda, Strategik tashabbuslar agentligi kuzatuv kengashi yig‘ilishida so‘zlar ekan, shularni ta’kidladi. U hukumat tomonidan yaqinda tasdiqlangan “Biznesning jamoat kapitali standarti”da xodimlarning olti yoshgacha bo‘lgan bolalari soni hisobga olinishini eslatdi. Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur hujjat kompaniyalarning jamiyat farovonligiga real ta’sirini baholash imkonini beradi.

RF hokimiyati ushbu hujjatda belgilangan ko‘rsatkichlardan davlat qo‘llab-quvvatlovi to‘g‘risida qarorlar qabul qilishda foydalanmoqchi. “Bu davlatga uzoq muddatli milliy ustuvor maqsadlar uchun ishlayotganlarni ko‘rish va ular bilan barqaror sherikliklar yo‘lga qo‘yish imkonini beradi”, — deb tushuntirdi agentlik bosh direktori Svetlana Chupsheva.

“Biznesning jamoat kapitali standarti”da “ijtimoiy mas’uliyatli” biznesni belgilaydigan 95 ta ko‘rsatkich bor. Ular qatorida — bir xodim hisobiga o‘rtacha bolalar soni, ko‘p bolali ota-onalar ulushi va ro‘yxatdan o‘tgan nikohda turgan xodimlar soni kabi ko‘rsatkichlar mavjud.

Alohida tarzda “an’anaviy ma’naviy-axloqiy va madaniy-tarixiy qadriyatlar”ni shakllantirishga qaratilgan loyihalarga qilingan xarajatlar ham hisobga olinadi. Ro‘yxatga, shuningdek, “urushlar faxriysi” bo‘lgan xodimlar soni va volontyorlik faoliyatiga sarf-xarajatlar ham kiritilgan. Standart g‘oyasi Putin tomonidan demografik inqirozga javob chorasi sifatida 2024 yil may oyida e’lon qilingan edi.

Bu tashabbus Rossiyada tug‘ilish keskin kamaygan bir paytda amalga oshirilmoqda. Oxirgi ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda RFda 1,222 mln bola tug‘ilgan — bu 1999 yildan beri eng past ko‘rsatkich. 2025 yilning birinchi choragida esa XVIII–XIX asrlar chegarasidan beri eng past natija (288 ming bola) qayd etilgan, shundan keyin Rosstat joriy statistikani maxfiylashtirib qo‘ygan.

2025 yil yakunlari bo‘yicha umumiy tug‘ilish koeffitsiyenti 1,374 gacha tushgan (bir yil oldin — 1,4), bu 2006 yildan beri eng past ko‘rsatkich bo‘ldi. Qulash ketma-ket o‘n yildan beri qayd etilmoqda. Hokimiyat ko‘p bolalilikka yo‘nalish berishga chaqirib kelayotganiga qaramasdan, dekabr oyida uchinchi va undan keyingi bola tug‘ilishi koeffitsiyenti Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanishidan oldingi darajadan ham pastga tushib ketgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid