Jahon | 14:31
1128
3 daqiqa o‘qiladi

Mers Putin bilan munosabatlar normallashishini «deyarli istisno etdi»

«Rossiyadagi hokimiyat yaqin kelajakda urushsiz yashay olmaydi», - dedi Germaniya kansleri. «Men bu rejimga qarasam, umidim juda kam», - deb qo‘shimcha qildi Fridrix Mers.

Foto: Kay Nietfeld/dpa/picture alliance

Germaniya federal kansleri Fridrix Mers Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan munosabatlarni normallashtirish imkoniyatini «amalda deyarli istisno qiladi». Germaniya hukumati rahbari bu haqda Neue Berliner Redaktionsgesellschaft media-uyushmasi va Rheinpfalz gazetasiga bergan intervyusida aytdi, intervyudan parchalar payshanba, 19 fevral kuni e’lon qilindi.

«Men bu rejimga qarasam, umidim juda kam», — deb ta’kidladi Mers. «Rossiyadagi hokimiyat yaqin kelajakda urushsiz yashay olmaydi. U harbiy mashinani ushlab turishi shart, chunki frontdan qaytayotgan — jumladan og‘ir ruhiy va jismoniy jarohat olgan — yuz minglab askarlar bilan nima qilish bo‘yicha unda hech qanday reja yo‘q», — deb qo‘shimcha qildi u.

Siyosatchi fikricha, Ukrainadagi urushni tezda muzokaralar orqali yakunlash imkoniyatlari deyarli yo‘q. «Mening baholashimcha, bu urush faqat tomonlardan biri harbiy yoki iqtisodiy jihatdan butunlay holdan toygandagina tugaydi», — dedi Germaniya vazirlar mahkamasi rahbari.

«Oqilona va gumanitar dalillar (RF prezidenti Vladimir — tahr.) Putinni ishontirmaydi. Bu — achchiq haqiqat», — deb hisoblaydi Mers. Shuning uchun Yevropa sa’y-harakatlarining maqsadi — «Rossiya davlati urushni harbiy vositalar bilan davom ettira olmasligi va iqtisodiy jihatdan ham uni moliyalashtira olmasligi»dir, deya qayd etdi kansler.

Rossiya haqida gapirar ekan, Fridrix Mers shunday dedi: «Hozir biz bu mamlakatni eng chuqur varvarlik holatida ko‘ryapmiz. Yaqin kelajakda bu o‘zgarmaydi va biz bunga ko‘nikishimiz kerak».

Bundan oldin, 13 fevral kuni Myunxen xavfsizlik konferensiyasida (MSC) Fridrix Mers, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer va NATO bosh kotibi Mark Ryutte Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuv o‘tkazgan edi. Muzokaralar «Berlin formati» deb atalgan formatda bo‘lib o‘tgan.

MSC'dagi chiqishida Mers Rossiya bilan muloqotni qayta tiklash ehtimoli haqida ehtiyotkorona fikr bildirdi: «Agar gaplashishning ma’nosi bo‘lsa, biz muzokaralarga tayyormiz», — dedi Germaniya kansleri. Biroq uning fikricha, Rossiya haligacha «jiddiy muhokamalar»ga tayyor ekanini namoyon etmayapti.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid