Jahon | 14:08
4491
4 daqiqa o‘qiladi

«Odamlar buni hech qachon kechirmaydi. Hech qachon». Zelenskiy Donbassni Rossiyaga berish taklifi haqida

U hududiy masalada kelishuvga erishish uchun Vladimir Putin bilan yuzma-yuz uchrashishi lozimligini aytmoqda.

Foto: Sven Hoppe/picture alliance via Getty

Ukraina aholisi mamlakat qurolli kuchlarini Donetsk oblastidan olib chiqib ketish va bu hududni Rossiyaga topshirish shartini o‘z ichiga olgan tinchlik bitimini qabul qilmaydi, dedi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Axios nashriga bergan intervyusida.

«Hissiy jihatdan odamlar buni hech qachon kechirmaydi. Hech qachon. Ular kechirmaydi... meni ham, AQShni ham», – degan Zelenskiy. U ukrainlar nima uchun ulardan qo‘shimcha yer berish talab qilinayotganini tushuna olmasligini qo‘shimcha qilgan: «Bular – barcha fuqarolar, bayroqlar, yer – mamlakatimizning bir qismi».

Zelenskiy Ukraina aholisi faqat Donbassdagi front chizig‘ini muzlatishni nazarda tutuvchi kelishuvni qabul qilishi mumkinligini aytib o‘tgan. «Agar biz hujjatga hozirgi tutashuv chizig‘iga amal qilish to‘g‘risidagi bandni kiritsak, o‘ylaymanki, odamlar referendumda buni qo‘llab-quvvatlaydi. Mening fikrim shunday», – dedi u.

Zelenskiyning aytishicha, AQSh muzokarachilari – Stiv Uitkoff va Jared Kushner – unga RF urushni tugatmoqchiligi va Ukraina tomoni Jyenevada muzokaralar boshlanishidan oldin bu ma’lumotni hisobga olgan holda o‘z pozitsiyasini o‘zgartirishi kerakligini bildirgan.

Ukraina prezidenti esa ularga vaziyatni ancha pessimistroq baholashini ma’lum qilgan. U AQSh vakillariga o‘zini ukrainlarga ular «muvaffaqiyatsizlik» deb hisoblaydigan qarashni o‘tkazishga majburlamaslikni maslahat bergan.

Zelenskiy AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiyani emas, balki Ukrainani tinchlik uchun yon berishga chaqirishini «adolatsizlik» deb atagan. U Tramp uchun Moskvadan ko‘ra Kiyevga bosim o‘tkazish osonroqligini taxmin qilgan. «Bu uning yechimi emas, balki shunchaki taktikasi ekaniga umid qilaman», – degan Zelenskiy Axios uchun intervyusida.

Shu bilan birga, u Trampga urushni yakunlashga qaratilgan sa’y-harakatlari uchun minnatdorchilik bildirgan. U Uitkoff va Kushner bilan muzokaralarida bosim bo‘lmayotganini qayd etgan.

Zelenskiy yana bir bor hududlar masalasida yutuqqa erishishning eng yaxshi yo‘li – uning Vladimir Putin bilan uchrashuvi bo‘lishini ta’kidlagan.

Rossiya va Ukraina 2025 yilda Donald Tramp Oq uyga qaytganidan buyon AQSh vositachiligida urushni yakunlash bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. 17 fevral kuni Jyenevada muzokaralarning navbatdagi raundi boshlandi.

Tomonlar kelishuvga erisha olmayotgan asosiy band – Donbass hududi kimga qolishi bo‘yicha. Rossiya bu hududni yoki muzokaralar yo‘li bilan, yoki kuch ishlatish orqali o‘ziniki qilmoqchi. AQSh ukrain qo‘shinlarini Donetsk oblastining hali Ukraina nazoratida qolayotgan qismidan olib chiqishni va hududda harbiylardan xoli bo‘lgan «erkin iqtisodiy zona» tashkil etishni taklif etmoqda. Bu hududni kim boshqarishi noma’lum.

Zelenskiy qo‘shinlarni olib chiqish masalasini muhokama qilishga tayyorligini, shu bilan birga, Moskva ham o‘z qo‘shinlarini Donbassdan olib ketishi kerakligini aytmoqda.

Ukraina rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Kiyev va Vashington har qanday tinchlik shartnomasi Ukrainada referendumga qo‘yilishi kerakligi haqida kelishib olgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев

Mavzuga oid