O‘zbekiston | 18:54 / 16.02.2022
60696
15 daqiqa o‘qiladi

Umra va Haj ziyorati: Javobsiz qolayotgan savollar va oxiri ko‘rinmas monopoliya

O‘zbekistondagi ochiqlik siyosatiga qaramay, monopoliyaga asoslangan Haj va Umra ziyoratining tashkil etilishi va xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalarning tanlab olinishida hamon shaffoflik yo‘q, ziyorat uchun to‘langan puldan qaysi xizmat uchun qancha ishlatilishi esa sirligicha qolmoqda. Sohadagi monopoliyani tugatish va pullik xizmatlar ko‘rsatishni xususiy sektorga berish vaqti kelmadimi?

Kun.uz yanvar oyida “O‘zbekistonliklar uchun Umra-2022 arzonroq bo‘lishi ham mumkin edi. Ammo...” sarlavhali maqola e’lon qilgan edi.

Maqolada Saudiya Arabistonining “Manazel Al-Mukhtara Trading Co” kompaniyalar guruhi o‘zbekistonliklar uchun Umra-2022 safarini tashkil etish bo‘yicha nisbatan yaxshiroq takliflarni bildirganiga qaramay, tenderda sohada yetarli tajribaga ega bo‘lmagan transport-logistika kompaniyasi g‘olib deb tanlab olingani haqida so‘z boradi.

O‘zbekiston Musulmonlar idorasi mazkur maqolaga raddiya berdi, ushbu maqolamiz mazkur raddiyadan keyin paydo bo‘lgan savollar haqida bo‘ladi.

Ta’kidlash joizki, maqolani e’lon qilishdan maqsad kimnidir yomon ko‘rsatish emas, aksincha Umra va Haj ziyoratini tashkil etish borasida avval amalga oshirila boshlangan islohotlarni davom ettirishga turtki berish edi.

Axir, pandemiyadan oldin Umra to‘lovlari qariyb 4 mln so‘mga arzonlashtirilgani holda kvotalar olib tashlanishiga erishilgan edi. Sarf-xarajatlar kamaytirilgani hisobiga ko‘pchilikda ushbu muqaddas ziyoratni amalga oshirish imkoni paydo bo‘lgandi. Haj ibodatini amalga oshirish narxlari 38 mln so‘mdan 33 mln so‘mga arzonlashtirilgan, kvotalar 7 200 kishiga yetkazilgan edi.

Qayd etish lozim, davlat rahbari ko‘plab marotaba o‘z chiqishlarida barcha sohada shaffoflikni ta’minlash, jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish zarurligini takrorlaydi.

Ammo davlat idoralari va jamoat tashkilotlarining ochiqligi hamda shaffofligi nima uchundir Umra va Haj xarajatlari ochiqlanishiga kelganda ishlamay qolyapti?!

Qolaversa, butun dunyoda, hatto yon qo‘shni mamlakatlarda ham Umra va Haj ziyoratlarini tashkil etishning barcha bosqichlari shaffof. Ularda Umra va Haj xarajatlari davlat idoralari va sayyohlik shirkatlarining internet sahifalarida ochiq joylashtirilgan.

Yodingizda bo‘lsa, Musulmonlar idorasiga 12 banddan iborat savollarni yo‘llagandik. Buni qarangki, idoraning na munosabatida va na rasmiy javob xatida keltirilgan savollarning birortasiga tayinli javob berilmagan.

Endi keling, Musulmonlar idorasining munosabatini biroz tahlil qilsak.

Diniy idora o‘z munosabatida Kun.uz sayti tomonidan tenderga doir berilgan ochiq-oydin savollarga deyarli javob berilmagan. Aksincha, “Abu Sarhad”ning maqtoviga kirishib ketgan. Aslida, munosabatda ushbu shirkatning necha yil transport-logistika yoki oziq-ovqat yetkazish ishlari bilan shug‘ullanib kelganiga emas, balki bevosita Umra ziyoratini tashkil etishdagi tajribasi ochiqlanishi kerak edi. Afsuski, bu savol hamon mavhum bo‘lib qolmoqda. Kun.uz surishtiruvi natijasida “Abu Sarhad” aynan umrachilarga faqat va faqat transport xizmatini ko‘rsatgani aniqlangan edi.

 “Eng avvalo, Haj va Umra vazirligi talabiga asosan, Umra xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha podshohlikda amaldagi qonunchilikka to‘la mos keladigan litsenziyaga ega bo‘lgan shirkat bo‘lishiga katta e’tibor qaratildi. Keng qamrovli o‘rganishlar natijalarida, Saudiya Arabistonidagi “Abu Sarhad” shirkati o‘zbekistonlik ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish uchun munosib, deb topildi”, deya ta’kidlaydi idora.

Ammo, yana “keng qamrovli o‘rganishlar”ni isbotlaydigan, ikkinchi tomonni mot qilib qo‘yadigan birorta hujjat munosabatga ilova qilinmagan.

Qolaversa, Hilton Makkah Convention Hotel mehmonxonasi idora aytganidek Haramdan 150 emas, 600 metr uzoqlikda joylashganini yirik platformalarda ko‘rish mumkin.

“Har bir ziyoratchi uchun sovg‘a (termos, sumka, to‘shak, soyabon va h.k) beriladi. Vatanga qaytishda Zam-zam suvi, xurmo va joynamoz tuhfa etiladi”.

Qiziq, pandemiyadan avvalgi yillarda bu hadyalar berilmaganmi? Yoki termos, sumka, to‘shak, soyabon, Vatanga qaytishda beriladigan Zam-zam suvi, xurmo va joynamoz uchun ziyoratchilarimiz 4 mln 770 ming so‘m ustama to‘lashi kerakmi?

“Shuningdek, ushbu muxbir O‘zbekiston musulmonlari idorasi shartnoma imzolagan “Abu Sarhad” shirkati haqida ham turli asossiz ma’lumotlarni bayon etgani jurnalistik etikasiga to‘g‘ri kelmasligini alohida ta’kidlaymiz. Masalan, shirkatning sayti yo‘q deb iddao qildi.

Lekin shirkatning rasmiy https://abosarhad.com/ internet sayti innovatsion xizmatlar bilan faoliyat olib bormoqda.

Shuningdek, Facebook ijtimoiy tarmog‘ida yuqori sifat va zamonaviy xizmatlarni o‘z ichiga olgan sahifasi faol ishlamoqda. Bundan tashqari, Instagram, Twitter, Telegram kabi tarmoqlarga ham egaligini bilib olish kerak”, – deyiladi idora munosabatida.

Avvalo, “Abo Sarhad”mi yoki “Abu Sarhad”, Musulmonlar idorasi o‘zi uchun aniqlab olishi maqsadga muvofiq.

“To‘g‘risi, Kun.uz tahririyati muxbiri shuncha asossiz ma’lumotlarni keng ommaga e’lon qilish va asl vaziyatdan mo‘min-musulmonlarni chalg‘itishga nima turtki bo‘lganini tushunmadik”.

Idoraning nimani tushunmaganini biz ham tushunmadik. Zero, maqolada Umra 4 mln 770 ming so‘mga arzonroq bo‘lishi mumkinligi haqida so‘z borgan edi. Bu esa, pandemiyadan oldingi ro‘yxat bo‘yicha 10 ming kishi deb hisoblangandayam salkam 4,4 mln AQSh dollarini anglatadi. Ayni shuncha summa Umraga boruvchilar cho‘ntagida qolishi, boshqa ehtiyojiga sarflashlari mumkin edi.

Oshkora bahs-munozara ketayotgan ekan, yana ta’kidlaymiz, qarshi tomonni “mot” qiluvchi biror dalil-hujjat taqdim etishning nahotki iloji bo‘lmasa.

40 yillik tarixga egaligi iddao qilingan kompaniyaning internetdagi sahifalariga nazar tashlasak.

“Abo Sarhad”ning sayti va tarmoqlardagi sahifalarining aksari 2021 yil fevral oyidan so‘ng tashkil etilgan. Buni yuqoridagi havolalar orqali istagan kishi tekshirib olishi mumkin.

Uning bosh sahifasidagi ma’lumotlarda asosan recruiting – xorijlik ishchilarni Saudiya Arabistoniga yollash, ya’ni, ishchi viza berish (e’tibor qiling, ishchi viza hamda Umra va yoki Haj vizasi umuman boshqa-boshqa narsalar) bilan shug‘ullanishi qayd etilgan. Quyidagi skrinshot Musulmonlar idorasi saytida arab tilidagi holatida joylangan. Saytdagi so‘zlarning o‘zbek tilidagi ma’nolari bilan tanishib olishingiz mumkin (Google-tarjimon).

Bundan tashqari, quyidagi skrinshot quyi qismida “Abu Sarhad ishga qabul qilish idorasi” deya katta so‘zlar bilan yozib qo‘yilgan. 

Keling, endi saytdagi ruknlarni birma-bir ko‘zdan kechiramiz. 

Ko‘rib turganingizdek, ruknlarning hech birida Haj yoki Umra ziyoratini tashkil etishga doir birorta ma’lumotga ko‘zingiz tushmaydi. Yana bir bor eslatib qo‘yishni istardikki, bu ma’lumotlar aynan O‘zbekiston musulmonlari idorasi taqdim etgan havolalarda joylashgan sayt va sahifalar tahlili xolos.

Ta’kidlash kerak, sahifadagi arabcha matnlar Google onlayn tarjima xizmatidan foydalanilgan holda o‘zbekchaga o‘girildi. Ularda grammatik va uslubiy xatolar bo‘lsa-da, umumiy mazmunni anglash qiyinchilik tug‘dirmaydi, deb o‘ylaymiz. Ularning barchasida, asosan, ishga yollash haqida so‘z boradi.

Shu o‘rinda yana bir gap. 23 yanvarda “Umra-2022” safari doirasida o‘zbekistonlik ilk ziyoratchilar guruhi Saudiya Arabistoniga tashrif buyurdi. Rasmiy saytda yoki sahifalarda bu haqda yoki oldin ko‘rsatilgan xizmatlar haqida ham ma’lumotlarga ko‘zimiz tushmadi. O‘zbekiston bilan “Umra-2022” safarini tashkil etish bo‘yicha shartnoma imzolangani haqida ham xabar qilinmagandi.

“Abu Sarhad” shirkati, iddao qilinganidek, bir necha o‘n yillik tajribaga ega, jiddiy va yirik tashkilot yoki shirkat bo‘lsa, bu kabi xabarlarni asosiy saytiga joylash ishiga barmoq uchidan qarashini qanday tushunish mumkin? Va umuman, bu saytda Umra va Haj safarlarini tashkil etish, ixtiyoridagi yoxud boshqaruvidagi mehmonxonalar ro‘yxati haqida ma’lumotlar yo‘qligini qanday anglasak bo‘ladi?

Atigi 3 kishi do‘stlik aloqasini o‘rnatgani ko‘rinadigan Facebook sahifasida esa, kompaniya sayti sifatida negadir abosarhad.com sayti emas, balki asumrah.com sayti ko‘rsatilgan.

Ushbu sahifani ko‘zdan kechirar ekansiz, unga joylangan postlarda Umra yoxud Hajga doir xabarlar juda kamligini ko‘rasiz.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi taqdim etgan yana bir Facebook-sahifada (fb.com/nasserabdullahahmadabusarhad) transport vositalari haqidagi postlarni o‘qishingiz mumkin.

Mazkur sahifada fb.com/AbuSarhadGroup sahifasi ham borligini ko‘rdik va brauzerimizga abusarhadgroup.com havolasini terdik. Unda birorta ham ma’lumotni o‘qish mumkin bo‘lmadi. Ya’ni, bemalol aytish mumkinki, shunday katta kompaniyalar guruhining saytida hech vaqo yo‘q.

Ushbu sayt 2021 yil 7 yanvarda ro‘yxatdan o‘tgan, so‘nggi marotaba 2022 yil 24 yanvarda yangilangan edi.

asumrah.com havolasi orqali o‘tganimizda esa, “Biz tez orada kelamiz” yozuviga ko‘zimiz tushdi.

Bu sayt 2021 yil 2 avgustda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, so‘nggi yangilanish 2022 yil 24 yanvar kuni amalga oshirilgan.

“Abo Sarhad”ning Telegram sahifasi
“Abo Sarhad”ning Twitter sahifasi
“Abo Sarhad”ning TikTok sahifasi

Shu o‘rinda kompaniya saytiga doir yana bir qiziq ma’lumot. Saudiya Arabistoni podshohligida ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyaning sayti nima uchundir Iordaniyada Mahmud Momani ism-sharifli kishi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

O‘rganishlarimiz shuni ko‘rsatmoqdaki, 35 yillik tarixga ega ekani iddao qilinayotgan “Abu Sarhad”ning veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari 2021 yilda ochilgan.

Ochiq ma’lumotlardan ko‘rinishicha, Abosarhad.com domeni DV SSL toifadagi sertifikat bilan faoliyat yuritadi, biroq bu domen haqiqiyligini tasdiqlovchi eng sodda sertifikat bo‘lib, yirik kompaniyalar undan foydalanmaydi. Jiddiy va yirik kompaniya va tashkilotlar o‘z domenlari uchun EV SSL toifali sertifikatlarni olishadi.

Bundan tashqari, Umra va Haj safarlarini tashkil etishdagi 20 yillik tajribaga ega “obro‘li va yirik” kompaniyaning rasmiy sayti va sahifalarida aynan bizni qiziqtirayotgan masala, Umra ziyoratini tashkil etishga doir birorta ham ma’lumot mavjud emas (sayt va sahifalarning tahlili 2022 yil 23 yanvar holatiga).

***

Umuman olganda, yangi narx bo‘yicha Umra safariga borishni niyat qilib, navbati kelgan fuqaro 17,8 mln so‘m atrofida to‘lov qilishga majbur bo‘lmoqda. Bu taxminan 1 645 AQSh dollari demakdir. Pandemiyadan oldingi to‘lov miqdori 1350 dollar atrofida edi.

Biz esa, so‘ng so‘z o‘rnida Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etishda davlat monopoliyasi saqlanib qolishi bilan bog‘liq ayrim salbiy oqibatlarni sanab o‘tmoqchimiz.

Birinchidan, Umra yoki Haj ziyoratini amalga oshirishni istagan o‘zbekistonlik o‘z moddiy imkoniyatiga mos mehmonxona va xizmat turini tanlay olmaydi. Axir kimning sharoiti arzonroq mehmonxonada turishgagina yetadi xolos.

Ikkinchidan, o‘ziga ko‘rsatilayotgan xizmat qanchaga tushayotganini bilmaydi.

Uchinchidan, oilasi yoki yaqinlari bilan birga Umra va yoki Haj qilishni tushida ham ko‘rolmaydi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, butun dunyoda Umra va Haj ziyoratlari sayyohlik firmalari orqali amalga oshiriladi va kamida 3 xil tarif taklif etiladi. Umrani niyat qilgan kishi yakka o‘zi boradimi, oila a’zolari bilan boradimi, moddiy imkoniyatidan kelib chiqib hal qiladi. Qandaydir ro‘yxat, navbat degan narsalarni bilmaydi ham.

To‘rtinchidan, aynan yuqoridagi navbatlar va ro‘yxatlardan charchagan, keksayib qolgan ota-onasining yillar davomidagi orzusini ro‘yobga chiqarishni istagan farzandlar yoxud oilasi bilan Umraga borishni istagan erlar uchinchi mamlakatlar orqali Haj va Umrani amalga oshirib kelayotganlari hech kimga sir emas. Bugungi kunda, Birlashgan Arab Amirliklari, Rossiya, Turkiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va boshqa davlatlar orqali muqaddas joylarni ziyorat qilayotgan vatandoshlar yetarlicha topiladi.

Hatto, qo‘shni Qirg‘iziston orqali qirg‘iz pasportini olib (ya’ni, xayrli ish yo‘lida o‘zi bilib-bilmay qonunlarni buzib), qiyin vaziyatga tushib qolayotgan o‘zbekistonliklar haqida ham quloqqa bot-bot chalinib qolmoqda. Ammo, aynan Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etishdagi monopoliya va cheklovlar bunday vatandoshlar sonini oshirsa, oshirmoqdaki, aslo kamaytirgani yo‘q.

Shunday ekan, bizning Umra ziyoratini tashkil etishga mas’ul tashkilotlarga savollarimiz quyidagicha bo‘ladi:

1. Barcha shubha-gumonlarga o‘rin qoldirmaslik uchun joriy Umra xarajatlarini va kelgusidagi Haj ziyorati xarajatlari smetasini ochiqlang.

2. Umra-2022 uchun tenderda nechta shirkat ishtirok etdi va ular qanday qiymat taqdim etganiga doir ularning har birining tijorat takliflarini ochiqlang.

3. Saudiya Arabistoni Haj kvotasini butunlay bekor qilgani ma’lum. Endi o‘zbekistonliklarning Haj kvotasi qachon bekor qilinadi?

4. O‘zbekistonliklarning Haj va Umra ziyoratini tashkil qilish uchun o‘rnatilgan monopoliyaga barham beriladimi?

Umid qilamizki, mas’ul idoralar bu savollarimizdan og‘rinmaydilar. Zero har bir fuqaro nimaga qancha pul sarflayotganini bilishga to‘la haqli bo‘lgan ochiqlik va oshkoralik zamonida yashamoqdamiz.

P.S.: Muqaddam o‘zbekistonlklarga Umra va Haj ziyoratini ado etishlari bo‘yicha xizmat ko‘rsatgan “Al-Hidoya” shirkati Saudiya Arabistonidan qarzlari tufayli faoliyat ko‘rsatmayapti. Uning muassislari “Abu Sarhad” shirkati bilan kelishgan holda birgalikda faoliyat yuritayotgani haqida ma’lumotlar bor. Yaqinda Umraga borib kelganlar tasvirlab bergan kutib olish va xizmat ko‘rsatish holatlari ushbu xabar haqiqatga yaqin, degan taxminga asos bo‘lmoqda.

Bu haqida keyingi ko‘rsatuvlarimizda alohida to‘xtalamiz.

Tolib Rahmatov

Mavzuga oid