Kun.uz yanvar oyida “O‘zbekistonliklar uchun Umra-2022 arzonroq bo‘lishi ham mumkin edi. Ammo...” sarlavhali maqola e’lon qilgan edi.

Maqolada Saudiya Arabistonining “Manazel Al-Mukhtara Trading Co” kompaniyalar guruhi o‘zbekistonliklar uchun Umra-2022 safarini tashkil etish bo‘yicha nisbatan yaxshiroq takliflarni bildirganiga qaramay, tenderda sohada yetarli tajribaga ega bo‘lmagan transport-logistika kompaniyasi g‘olib deb tanlab olingani haqida so‘z boradi.

O‘zbekiston Musulmonlar idorasi mazkur maqolaga raddiya berdi, ushbu maqolamiz mazkur raddiyadan keyin paydo bo‘lgan savollar haqida bo‘ladi.

Ta’kidlash joizki, maqolani e’lon qilishdan maqsad kimnidir yomon ko‘rsatish emas, aksincha Umra va Haj ziyoratini tashkil etish borasida avval amalga oshirila boshlangan islohotlarni davom ettirishga turtki berish edi.

Axir, pandemiyadan oldin Umra to‘lovlari qariyb 4 mln so‘mga arzonlashtirilgani holda kvotalar olib tashlanishiga erishilgan edi. Sarf-xarajatlar kamaytirilgani hisobiga ko‘pchilikda ushbu muqaddas ziyoratni amalga oshirish imkoni paydo bo‘lgandi. Haj ibodatini amalga oshirish narxlari 38 mln so‘mdan 33 mln so‘mga arzonlashtirilgan, kvotalar 7 200 kishiga yetkazilgan edi.

Qayd etish lozim, davlat rahbari ko‘plab marotaba o‘z chiqishlarida barcha sohada shaffoflikni ta’minlash, jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish zarurligini takrorlaydi.

Ammo davlat idoralari va jamoat tashkilotlarining ochiqligi hamda shaffofligi nima uchundir Umra va Haj xarajatlari ochiqlanishiga kelganda ishlamay qolyapti?!

Qolaversa, butun dunyoda, hatto yon qo‘shni mamlakatlarda ham Umra va Haj ziyoratlarini tashkil etishning barcha bosqichlari shaffof. Ularda Umra va Haj xarajatlari davlat idoralari va sayyohlik shirkatlarining internet sahifalarida ochiq joylashtirilgan.

Yodingizda bo‘lsa, Musulmonlar idorasiga 12 banddan iborat savollarni yo‘llagandik. Buni qarangki, idoraning na munosabatida va na rasmiy javob xatida keltirilgan savollarning birortasiga tayinli javob berilmagan.