Jahon | 20:21 / 20.09.2023
14445
7 daqiqa o‘qiladi

Rossiyadagi g‘oyalar kurashi: rus olimlari imperiyachilik sindromi haqida qanday fikrda?

Ukraina urushi fonida Rossiyada shiddatli geosiyosiy g‘oyalar, konsepsiyalar, loyihalar kurashi ketmoqda. Urushlar har doim jarayonlarni tezlashtiradi, zichlashtiradi, ziddiyatlarni kuchaytiradi. Jamiyat qutblashadi, davlat asabiylashdi va yanada avtoritarlashdi.

Ekspertlar bugungi dunyoda imperiyachilik kayfiyati, salohiyati va ambitsiyalariga ega uchta davlat borligini aytadi, bular – AQSh, Xitoy Xalq Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi.

Rossiyada qanday tendensiyalar va g‘oyalar kuzatilayotgani O‘zbekiston va Markaziy Osiyo uchun o‘ta muhim. Rossiya – O‘zbekiston va MO uchun abadiy omilga aylangan. Shuning uchun Rossiya intellektual doiralaridagi qarashlarni kuzatish, O‘zbekiston milliy manfaatlari uchun ham juda muhim. Bu, eng avvalo, milliy mustaqilligimizni himoya qilish va kuchaytirish uchun muhimdir.

Demak, Ukraina urushi fonida rus olimlari va mutafakkirlarining qarashlari qutblashib bormoqda. Bir tomon olimlar Kremlni qattiq tanqid qilib chiqqan bo‘lsa, shu paytgacha nisbatan neytralroq bo‘lgan boshqa olimlar, Putin rejimiga intellektual tus berish, maslahat berish yo‘liga o‘tishdi.

Rossiya Fanlar akademiyasi a’zosi, AQSh va Kanada instituti direktori, akademik Valeriy Garbuzov “Nezavisimaya gazeta”da yaqinda “Rossiya o‘zini anglashi uchun, afsonalarga emas, ilmga muhtoj” mavzusida katta tahliliy maqola chiqardi. Maqolada quyidagi tezislar keng sharhlanadi:

  • Chor Rossiyasi ekspansionizm, imperiyachilik kayfiyatidagi hududi jihatidan eng katta kontinental davlat edi;
  • Hokimiyatga sovetlar kelib, dunyoda kommunizm qurish afsonasini oldiga maqsad qilib olishdi. SSSRdagi Komintern tashqi dunyoga kommunizm eksporti bilan shug‘ullanishni o‘z vazifasi qilib olgandi;
  • Sovet mifologiyasiga ko‘ra, amerika imperializmi – dunyoda kommunizm g‘alabasi yo‘lidagi eng katta to‘g‘anoq edi;
  • Sovetlar kapitalizmning to‘liq inqirozi va qulashini aytar edi. Kolonializm esa, kapitalizm inqirozining ifodasi deb talqin qilishardi.
  • Lekin kapitalizm inqirozi sotsializm g‘alabasiga olib kelmadi. Kapitalizm qulamadi. Aksincha, sovet ittifoqi va sotsialistik lagerning o‘zi qulab, yiqildi. G‘arbda esa kapitalizm o‘lmadi, aksincha evolyutsiya bo‘lib, insoniy qiyofaga kirdi, g‘arb davlatlarida ijtimoiy himoya davlat konsepsiyasi kuchayib bordi.
  • Bugun ham Rossiyada davlat odamlar ustidan ommaviy propaganda mashinasini yaratdi. Markaziy TV kanallardagi eng kuchli manipulyatorlar erta-yu kech xalq tafakkurini afsonalar bilan to‘ldirmoqda;
  • Hozirgi Rossiya ortga surilgan post-imperiyachilik sindromini boshdan o‘tkazmoqda;
  • Hozirgi afsonalar bilan Rossiya AQSh va Xitoyga qarshi yoki muqobil bo‘lgan real geosiyosiy qutb shakllantira oladigan lokomotivga aylanmadi va aylana olmaydi;
  • Bu ishlardan yagona maqsad – Rossiya jamiyati va dunyo hamjamiyatini buyuk imperiyachilik va vatanparvarlik illyuziyasiga cho‘ktirish, va hokimiyatni qo‘lda ushlab turish hisoblanadi.

Garbuzovga qarshi lagerda ham juda taniqli ekspertlar bor. Dmitriy Trenin – yirik siyosiy mutafakkir. U uzoq muddat Rossiyadagi Karnegi fondi direktori edi. Hozirda bir qancha ilmiy-tadqiqot institutlari professori. Trenin sentabr oyida “Rossiya v globalnoy politike” jurnalida “Biz Amerikaga qarshi emasmiz, balki yangi dunyo tarafdorimiz” nomli katta tahliliy maqola chiqardi.

Treninning asosiy fikrlari quyidagicha:

  • Tarixda birinchi marta Rossiyaga qarshi Kollektiv G‘arb to‘liq birlashdi. Napoleon Rossiyaga bostirib kelganda ham, 1- va 2-jahon urushlari davrida ham g‘arb tarqoq edi;
  • Agar Rossiya Ukraina urushida yengilsa, Rossiya davlat sifatida hozirgi holat va ko‘rinishini saqlab qola olmaydi;
  • Dunyo davlatlari Rossiyaga nisbatan ikkiga bo‘lindi. Dushman bo‘lgan Kollektiv G‘arb va qolgan neytral davlatlar.
  • Dunyoning juda ko‘plab davlatlari Rossiyaga nisbatan neytral qoldi. To‘g‘ri, bu davlatlar ham BMTda Rossiyaga qarshi ovoz berishi kuzatiladi. Lekin umuman olganda bu davlatlar Vashingtonning chizgan chizig‘ida emas, ancha mustaqil;
  • Ukraina urushi “geosiyosiy inqilob”ga zamin tayyorlamoqda: global janub davlatlari borgan sari Vashingtondan mustaqil va kerak bo‘lsa, qarshi faoliyatni kuchaytirmoqda;
  • Xalqaro maydonda “dunyo ko‘pchiligi” fenomeni paydo bo‘ldi: Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasidagi juda ko‘plab davlatlar, xususan, Xitoy, Hindiston, Eron, Turkiya, Saudiya, Misr, Arab Amirliklari va boshqalar to‘liq mustaqil geosiyosat olib bormoqda va bu AQSh hokimiyatining zaiflashib borayotganini ko‘rsatadi. Bu Kollektiv G‘arbning qudrati so‘nib borayotganini ko‘rsatadi;
  • BRIKS va ShHT doirasida yangi dunyo tartiboti shakllanishini tezlashtirish uchun jarayon tezlashishi kerak. Jumladan, BRIKS doirasida yagona valuta, yagona standartlashtirish va boshqa birlashuv jarayonlarini modellashtirish kerak...
  • “Dunyo ko‘pchiligi” konsepsiyasi – aksil g‘arb loyihasi emas, balki Yevropa, Yaponiya va boshqa davlatlarni AQSh nazoratidan chiqarish loyihasidir.

Demak, Rossiyada juda kuchli global geosiyosiy g‘oyalar kurashi ketmoqda. Qaysi qarash qancha vaqt Rossiya hokimiyatida bo‘ladi, bu Markaziy Osiyo, O‘zbekiston taqdiriga ham jiddiy ta’sir qiladi. O‘zbekiston, o‘zining milliy mustaqilligidan kelib chiqib, ushbu g‘oyaviy loyihalarni kuzatish va tahlil qilib borishi kerak bo‘ladi.

Ikkala mutafakkir ham, Rossiyani bevosita yoki bilvosita imperiya sifatida talqin qiladi. Imperiyaning oddiy davlatlardan asosiy farqi – imperiya atrofdagi kichikroq davlatlarni “yutishni”, o‘ziga qo‘shib olishni yoki nazorat qilishni istaydi. Rossiyaning imperiyachilik tarixi, ancha katta.

Ayniqsa, Markaziy Osiyoda. Bugun O‘zbekiston possovet hududidagi Rossiyadan keyingi de-fakto ikkinchi katta davlat. Markaziy Osiyo esa, post-sovet hududidagi yagona Rossiya bilan salbiylashmagan, neytral yoki ancha ijobiy munosabatlarni saqlab qolayotgan makro hudud hisoblanadi. Shuning uchun, Rossiyaning mintaqamizga bosimi, ancha kuchli bo‘ladi.

Yuqoridagi konsepsiyalarni tushunish va O‘zbekiston milliy mustaqilligi hamda manfaatlaridan kelib chiqib o‘z geosiyosiy konsepsiyalarini shakllantirish – nihoyatda muhim. Qanday qilsa, O‘zbekiston o‘zining siyosiy va geosiyosiy mustaqilligini mustahkamlaydi, va buning uchun. Harakatlar strategiyasi qanday bo‘lishi kerak degan masala borasida, davlat va jamiyat arboblari o‘z qarashlariga ega bo‘lishi kerak.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosiy tahlilchi

Mavzuga oid