Jahon | 19:20 / 15.01.2026
23008
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada ba’zi migrantlar «qimmatlagani» e’lon qilindi

Rossiyalik ish beruvchilarga Bangladesh, Xitoy, Hindiston va Janubiy va Sharqiy Osiyoning boshqa mamlakatlaridan kelgan ishchilarga qaraganda markaziy osiyoliklar qimmatroq tusha boshladi.

Foto: Biznes Online

Tojikiston, O‘zbekiston va boshqa sobiq ittifoqdosh respublikalardan kelgan mehnat migrantlari rossiyalik ish beruvchilarga Bangladesh, Xitoy, Hindiston va Janubiy va Sharqiy Osiyoning boshqa mamlakatlaridan kelgan ishchilarga qaraganda qimmatroq tusha boshladi. Bu haqda Mega-Personal autsorsing kompaniyasi rivojlanish bo‘yicha direktori Roman Ignatev ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, quruvchi kompaniyalar ishchilarni iloji boricha Rossiyadan uzoqroq o‘lkalardan qidirmoqda, chunki ular ishlab chiqarishni arzonlashtirishga harakat qilmoqda.

«Bangladesh, Xitoy, Hindistondan kelgan odamlar oyiga 700-800 dollar ishlab topishni xohlaydi. Agar biz MDH fuqarolarini, ya’ni o‘sha patent egalarini olsak, ular kamida 1000 dollar va undan ko‘proq pul ishlashni xohlaydi», deb tushuntirdi Ignatev.

Qayd qilinishicha, Osiyodan kelgan kadrlarga qiziqish so‘nggi yillarda ortib bormoqda, chunki ichki bozorda ishchi qo‘llarining surunkali tanqisligi yuzaga kelgan, dedi Ex Libris aloqa agentligining boshqaruvchi hamkori Ivan Richkov. Qurilish tannarxini ushlab turish kerak, shuning uchun Bangladesh, Hindiston, Xitoy, Vetnam va Shri-Lanka kabi viza rejimi o‘rnatilgan mamlakatlardan kelgan quruvchilar, montajchilar, sanoat va infratuzilma obektlari uchun ishchilar jozibali ko‘rinadi.

Rossiya prezidentining barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha maxsus vakili Boris Titov avvalroq ta’kidlaganidek, Hindiston ulkan ishchi kuchi resursiga ega va bu borada Rossiyaga yordam berishi mumkin. Dubay asosan hindistonlik ishchilar, me’morlar va developerlar tomonidan qurilgan va umuman olganda, mehnat migratsiyasi Hindiston uchun «valuta tushumlarining kuchli manbaidir», deb eslatdi u.

So‘nggi yillarda Rossiya hindistonlik migrantlar uchun kvotani ko‘paytirmoqda. Masalan, joriy yilda bu ko‘rsatkich 17,7 ming kishini tashkil etib, to‘rt yil oldingiga nisbatan 22 barobar oshgan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid