Jahon | 19:21 / 05.11.2025
9561
7 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyada ayiqlar hujumidan 12 kishi vafot etdi. Ularga qarshi kurashga harbiylar jalb qilindi

Kuz mavsumida ayiqlar – Yaponiyaning shimoliy viloyatlaridagi fermalar va qishloqlarga tushib, deyarli har kuni insonlarga hujum qilmoqda. Oqibatda, ayiqlar hujumi oqibatida rekord darajada insonlar o‘limi qayd etildi. Ayiqlar hujumiga qarshi jalb qilingan harbiylar hayvonlarga qurol ishlatmaydi, ular ovchilarga yordam beradi.

Foto: Reuters

Yaponiya Mudofaa vazirligi 5 noyabr kuni chorshanba kuni shimoldagi Akita prefekturasiga harbiylarni yubordi. Ular tog‘li hudud aholisi orasida vahima uyg‘otgan ayiq hujumlarini jilovlashga yordam beradi.

Operatsiya Kazuno shahrida boshlandi — bu o‘rmonlar bilan o‘ralgan kichik shahar bo‘lib, so‘nggi haftalarda ayiq ko‘rinishlari keskin ko‘paygan. So‘nggi bir necha haftadan beri aholiga qalin o‘rmonlarga kirmaslik, kechasi tashqariga chiqmaslik tavsiya etilmoqda, chunki ayiqlar ovqat izlab uylar atrofiga kelib yurmoqda.

AP nashrining yozishicha, Yaponiya bo‘ylab, asosan shimoliy viloyatlarda, ayiq hujumlari deyarli har kuni qayd etilmoqda. Ayiqlar – maktablar, temiryo‘l bekatlari, supermarketlar, hatto issiq buloq kurortlari yaqinida ham ko‘rinmoqda.

Yaponiya Atrof-muhit vazirligi statistikalariga ko‘ra, apreldan beri 100 dan ortiq kishi jarohatlangan, kamida 12 kishi halok bo‘lgan. Reuters nashriga ko‘ra, Akitada bu yil ayiq ko‘rinishlari olti baravar ko‘payib, 8 mingdan oshgan, hujumlar soni esa rekord darajaga chiqmoqda. Shu sababdan o‘tgan hafta prefektura gubernatori o‘zining himoya kuchlaridan yordam so‘ragan.

«Hatto vaqtincha bo‘lsa ham, harbiylar yordami biz uchun katta yengillik. Oldin ayiqlar shovqinni eshitsa, qochadi deb o‘ylardim. Ammo endi ular aksincha, odam tomonga yaqinlashadi. Ular chinakam dahshatli hayvonlar,» – dedi Kazunoning «ayiq bo‘limi» rahbari Yasuhiro Kitakata.

Harbiylar tuzoqlar bilan yordam beradi

«Ayiqlar – har kuni aholi yashaydigan hududlarga kirib kelmoqda va ularning tahdidi kengayib bormoqda. Ayiqlar bilan bog‘liq vaziyat — dolzarb muammo», dedi Vazirlar Mahkamasi rahbarining o‘rinbosari Fumitoshi Sato.

Mudofaa vazirligi va Akita prefekturasi chorshanba kuni tushdan keyin qo‘shin yuborish bo‘yicha kelishuv imzoladi. Shartnomaga ko‘ra, askarlar oziq-ovqat qo‘yilgan qutili tuzoqlar o‘rnatadi.

Shuningdek, mahalliy ovchilarni tashishda yordam beradi va o‘ldirilgan ayiqlarni yo‘q qilishda ishtirok etadi. Rasmiylarning aytishicha, askarlar qurol ishlatmaydi.

Foto: AP

Askarlarning vazifasi — po‘lat panjarali tuzoqlarni o‘rnatish, tashish va tekshirish; bu tuzoqlarga tushgan ayiqlarni esa keyinchalik malakali ovchilar otib yo‘q qiladi.

«Har kuni yangi hujumlar haqida xabarlar kelmoqda, lekin bizda yetarli ishchi kuchi yo‘q, shuning uchun mahalliy hokimiyatlar umidsiz ahvolda», dedi Akita gubernatori Kenta Sudzuki.

Mudofaa vaziri Sinjiro Koizumi esa seshanba kuni bayonot berib, bu missiyaning maqsadi «aholi kundalik hayotining xavfsizligini ta’minlash» ekanini aytdi. Biroq himoya kuchlari (Self-Defence Forces)ning asosiy vazifasi — mamlakat mudofaasi, shuning uchun ular cheksiz yordam bera olmaydi, dedi. Chunki Yaponiya harbiylarining o‘zi ham hozir kadrlar tanqisligi bilan kurashmoqda. Hozircha boshqa prefekturalardan harbiy yordam so‘rovlari kelmagan.

Akita eng ko‘p zarar ko‘rgan hudud

Aholisi taxminan 880 ming bo‘lgan Akita prefekturasida may oyidan beri 50 dan ortiq kishi ayiq hujumidan aziyat chekkan, kamida to‘rt kishi halok bo‘lgan, dedi mahalliy hokimiyat. Mutaxassislar ta’kidlashicha, hujumlarning 70 foizi aholi yashaydigan joylarda sodir bo‘lgan.

O‘tgan dam olish kunlari Yuzava shahrida o‘rmonda qo‘ziqorin terayotgan bir keksa ayol ayiq hujumidan halok bo‘lgan holda topilgan.

Foto: AFP

Oktabr oxirida esa Akita shahrida fermerlik bilan shug‘ullanayotgan yana bir keksa ayol ayiq hujumidan so‘ng o‘lgan. Seshanba kuni esa gazeta tarqatuvchi erkak ayiq hujumidan jarohat olgan.

Ba’zi maktablar, ayiqlar bolalar maydonlarida paydo bo‘lgani sababli vaqtincha yopilgan.

Ayiqlar nega keladi?

Ayiq hujumlari odatda oktabr–noyabr oylarida, ya’ni ular qish uyqusiga tayyorlanayotgan davrda, eng yuqori cho‘qqiga chiqadi.

«O‘tgan yili tog‘larda oziq juda ko‘p edi, shuning uchun ko‘plab ayiq bolalari tug‘ilgan. Bu yil esa o‘sha yerda oziq tugab qoldi,» — dedi kazunolik Kitakata.

Mutaxassislar so‘nggi yillarda ayiqlar muammosining ortishiga – Yaponiya qishloq hududlaridagi aholining qarishi hamda kamayishi sabab bo‘lganini ta’kidlashmoqda. Shu bilan birga, qarib qolgan ovchilar endi avvalgidek faol ov olib bora olmayapti.

Tashlab qo‘yilgan uylar va fermalar, ayniqsa xurmo yoki kashtan daraxtlari o‘sgan joylar, ayiqlarni o‘ziga tortadi. Ayiqlar bir marta oziq topib, ta’m bilsa, yana qayta kelishni odat qiladi, deydi mutaxassislar.

Foto: Nippon

Yaponiyada asosan, ikki turdagi ayiqlar uchraydi. Yapon qora ayiqlari – asosiy tur bo‘lib, bo‘yi pastroq va odatda 130 kg gacha bo‘ladi. Xokkaydo orolidagi jigarrang ayiqlar esa ovchilar uchun ham ancha xavfli. Ularning bo‘yi 2 metrdan oshadi va og‘irligi 400 kg gacha yetishi mumkin.

Mahalliy ovchilarning o‘zi ham qarib qolgan, ba’zilari ayiq ovlashda tajribasiz. Shu sababli ekspertlar politsiya va boshqa rasmiylarni «davlat ovchisi» sifatida tayyorlashni, ya’ni ayiqlar sonini nazorat ostida kamaytirish uchun ruxsat berishni taklif qilmoqda.

Foto: Reuters

Hukumat choralar ko‘rmoqda

O‘tgan hafta hukumat maxsus shtab tuzdi — u noyabr o‘rtalariga qadar rasmiy «ayiq siyosati»ni ishlab chiqadi. Rejalarda:

  • ayiq populyatsiyasini hisoblash;
  • ogohlantirish signallari uchun aloqa tizimlarini joriy etish;
  • ovchilik qoidalarini qayta ko‘rib chiqish;
  • ovchilik va ekologiya bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash bor.

Mavzuga oid