Jamiyat | 12:40 / 26.06.2019
28335
8 daqiqa o‘qiladi

Piskentlik aholi murojaati. Ular nimadan norozi?

50-60 yillik yo‘lni qayta tiklash boshlandi. 18 metrli qizil chiziq 22 metr qilib xatlov qilingan. Piskentlik aholi nimadan norozi bo‘lmoqda?

Kun.uz ga Toshkent viloyati Piskent tumanida istiqomat qiluvchi bir guruh fuqarolardan murojaat kelib tushdi. Murojaatni o‘rganish uchun ijodiy guruhimiz bilan Piskent tumaniga yo‘l oldik.

Video: Youtube

 Video: Mover (tas-ix)

Tumanning "Birlik" MFY ga kirib borishimiz bilan yo‘l bo‘yida joylashgan uylarning devorlari buzilishi boshlanganiga ko‘zimiz tushdi. Aholi vakillari bilan buzish ishlariga mas'ul mutasaddilar o‘rtasida bahs-munozara bo‘layotganiga guvoh bo‘ldik.  

O‘zini viloyat qurilish bo‘yicha kotibiyat mudiri deb tanishtirgan Shuhrat Qo‘chqorov aholi vakillariga buzilishlar nega boshlanayotganiga izoh berdi.

Shuhrat Qo‘chqorov

"Sizlar borib ko‘ringlar, "bosh plan" 50-70 yil oldinga qarab qilinadigan ish. Shuning uchun har doim yurtni obod qilish uchun buzilishlar, qurilishlar albatta bo‘ladi. Agar biz xalqni eshitmasdan, haqiqiy bosh plan bilan ishlaydigan bo‘lsak, borib prokuratura va maktabdagi oraliqni ko‘rib kelinglar. Qizil chiziq qayoqda-yu qurilish-qurish chizig‘i qayerda. Lekin bugun sizlarning ko‘p narsangiz ketib qolmasin, xalqqa jabr bo‘lmasin deb biz qizil chiziqqa rozi bo‘lyapmiz. Xalq bilardi, buzilishini kutib turgandi. Ertaga buziladi, indin buziladi deb 50 yil o‘tib ketdi. Ellik yil kutdingiz, lekin bir g‘isht qo‘ya olmadingiz. Biz har bir fuqaro bilan alohida ishlaymiz. Hech kim sizni uyingizga kirib, qo‘lingizdan olib chiqib ketayotgani yo‘q. Sizning qonuniy qurgan kadastrli mulkingizni alohida o‘tirib, hisob kitobini qilamiz" deb aytib o‘tdi kotibiyat mudiri.  

Bu so‘zlarga esa aholi vakillari unchalik ishonishmayapti.  Ular hech qanday qarorsiz, bosh rejani ko‘rsatmasdan, ogohlantirilmasdan buzish ishlari boshlangani, shuningdek buzish ishlaridan oldin kompensatsiya masalasi hal etilmaganligi, hatto bu haqda gapirilmasdan buzilish ishlari boshlab yuborilganligidan xavotirda qolganligini ta'kidlashdi.

Ularning aytishicha "mutasaddilar bizning oldimizda shunaqa gapirishyapti.  Lekin ertaga yana buzishni davom ettirishadi. Bizning uylar noqonuniy qurilmagan. Ular 50-60 yil oldin qurilgan. Masalan mening uyim yo‘ldan 22 metr hisoblab buzilsa, 5 xonasidan bir xonasi qolyapti. Qolganiga to‘lamaymiz deyishyapti. Men ertaga qayerdan mablag‘ olaman. Bola-chaqamiz bilan bir xonada yashay olmaymiz-ku. Biz ham buzilishga qarshi emasmiz. Lekin oldin ogohlantirish, o‘rniga joy berish, kompensatsiya masalasi hal qilinmasdan buzish ishlari boshlandi. Hammada o‘z uylarini sozlab olishga imkoniyat yo‘q. Keksalar, nogironlar, bemorlar bor" deydi aholi vakillaridan biri.

Bir onaxon esa uyi butunlay qizil chiziqqa tushganligini, agar o‘rniga biron nima berilmasa ko‘chada qolishini aytib nolidi.

Shundan so‘ng aholi vakillari va mutasaddilar bilan birgalikda uy-joylarning hujjatlari bilan tanishib chiqdik. Aytish kerakki, ba'zi uylarning hujjatlari bor, ba'zi uylarniki esa kadastr qilingan, lekin qizil chiziq tortib qo‘yilgan. Masalaning chigal tomoni - aholi ham kadastr hujjatiga asoslanib, uylarini qurgan va foydalanganlik uchun soliq to‘lab kelgan. Avvaliga yo‘ldan 18 metr uzoqlikda qizil chiziq hisoblangan. Odamlar shunga asosan ham o‘z uy va devorlarini tiklagan. Ammo buzilishga bosh-qosh bo‘layotganlar esa yo‘l o‘qidan 18 metr emas, 22 metr hisoblab, buzilish ishlarini boshlashmoqchi. 

Dastlab 18 metr bo‘lgan va hozirda 22 metrlik qizil chiziq, shuningdek, 50-60 yil oldingi reja bo‘yicha izoh olish maqsadida tumani hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sunnatillo Isoqulovga yuzlandik.

Sunnatillo Isoqulov

Uning aytishicha, tuman markazida Amir Temur va Bobur ko‘chalari joylashgan bo‘lib, 9 mahalladan iborat.  Bosh rejaga asosan Amir Temur ko‘chasi bo‘ylab qizil chiziq 18 metr qilib belgilangan. Hozirda uylar buzilishi boshlanmagan. Faqatgina uy egalariga tushuntirish va ogohlantirish ishlari olib borilyapti. Uydan tashqari bo‘lgan, yo‘l chizig‘iga tushgan, tegishli ruxsat beruvchi hujjatlarsiz o‘zboshimchalik bilan qurilgan devor, molxona, bostirma, hojatxonalar va boshqa qo‘shimcha binolarni o‘rnatilgan tartibda Amir Temur ko‘chasining eski, bundan 30-40 yil avvalgi asl holatiga qaytarish uchun buzilmoqda. Ushbu qurilmalarni buzganlik uchun esa kompensatsiya to‘lanmaydi. Uy-joylar buzilish bo‘yicha ogohlantirish xati berilmagan. Buzilishlar evaziga esa piyodalar yo‘lakchasini tashkil qilish hamda fuqarolar xavfsizligini ta'minlash uchun ishlar olib borilmoqda. Bosh reja Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida 2010 yilda tasdiqlangan. Bu rejada qizil chiziq 18 metr qilib belgilangan. Lekin hozirgi kunda yer bo‘limi kadastri topshirig‘i bilan 22 metr masofadagi bino inshootlar xatlovdan o‘tkazilmoqda. Qizil chiziq 18 metr, lekin qurilish o‘rni 22 metr hisoblanadi. 18 metrdan 22 metrgacha bo‘lgan oraliqdagi uy-joylarga (kadastr hujjati bo‘lgan taqdirda) belgilangan tartibda kompensatsiya to‘lanadi. 

Hokim o‘rinbosarining izohi bizga bir oz tushunarsiz bo‘ldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ya'ni 50-60 yil oldin qurilgan bino va inshootlar yo‘ldan 18 metr uzoqlikdagi masofada qurilgan. Lekin bu yo‘limizda yo‘l kengayayotgani yo‘q, uning toifasi o‘zgarmagan va davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun olinmayapti. Eski chiziq oldingi holatiga qaytarilyapti holos. Ya'ni bu joylarga kompensatsiya to‘lanmaydi?!

Yangi-yangi yo‘llar qurilib, fuqarolarning yashash sharoitlari bundan-da yaxshilangani yaxshi albatta. Biroq barchasi prezident aytganidek xalqni rozi qilib, qonun talabidan kelib chiqib buzilish va qurilish ishlari olib borilsa, bundan oddiy xalq vakillari aziyat chekmasa maqsadga muvofiq bo‘lar edi. 

O‘ylaymizki, yuqori turuvchi tashkilotlar bu masalani yana bir bor o‘rganib, ijrochilarning qonuniy harakat olib borishi ustidan nazorat o‘rnatishadi, qonuniylikni ta'minlashadi.

Muxbir Rahmatillo Isroilov,
operator Sherzod Egamberdiyev.

Mavzuga oid