O‘zbekiston | 13:07 / 31.01.2019
160645
4 daqiqa o‘qiladi

Fanlar Akademiyasi va O‘zbekiston musulmonlari idorasi Yerga asteroid yaqinlashayotgani haqidagi xabar tufayli boshlangan mish-mishlarga munosabat bildirdi

Shu kunlarda Rossiya telekanali Yer sayyorasi tomon ulkan asteroid yaqinlashayotgani, u 2019 yil 1 fevralda Yerga urilib, oxiri zamon bo‘lishi haqidagi video materiallarni tarqatgandi. Buning ortidan odamlar o‘rtasida qiyomat yaqinlashayotgani to‘g‘risida vahima ham paydo bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Astronomiya instituti bu xabarga munosabat bildirdi.

«Bu xabar bilan tanishib chiqqanimizdan so‘ng, uning mutlaqo uydirma ekani ma'lum bo‘ldi. Chunki, 2019 yilda Yerga yaqinlashuvchi asteroidlarning ro‘yxati astronomlarga avvaldan ma'lum va ular muntazam monitoring qilib boriladi. 2019 yilning aprel oyigacha Yerga yaqinlashishi kutilayotgan asteroidlarning soni 20dan ortiq bo‘lib, ularning o‘rtacha yaqinlashish masofasi 5 mln kilometrni tashkil etadi. 2019 yilning 1 fevralida Yerga yaqinlashuvchi asteroid shu yilning yanvar oyida ochilgan bo‘lib, unga 2019AV2 deb nom berilgan. Uning o‘lchami 150-340 metrni tashkil etib, u Yerga 6 mln kilometrgacha yaqinlashadi. Bunda uning trayektoriyasi Yerga yo‘naltirilgan chiziqqa tik yo‘nalishda bo‘ladi. Asteroidning Yerga bunday masofada yaqinlashuvi va yuqoridagicha trayektoriyaga egaligi tufayli u Yerga hech qanday xavf tug‘dirmaydi.

Rossiya telekanali xabarida «Yerga yaqinlashayotgan asteroid galaktikalararo fazodan kelmoqda», deyilgan. Bu fikr xabar yolg‘onligini ko‘rsatadi. Chunki asteroidlar Quyosh tizimi a'zolari bo‘lib, ularning boshqa galakatikalarga aloqasi yo‘q», deyiladi xabarda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi fatvo hay'ati ham bunday xabarlarga munosabat bildirib chiqqan.

«Qiyomat qachon bo‘lishini Alloh taolodan boshqa hech kim bilmaydi». Qiyomat qachon bo‘lishini so‘raganlarga Payg‘ambarimiz qanday javob berishlari kerak ekanligini Alloh taoloning o‘zi ochiq-oydin oyati karimada o‘rgatgan. Jumladan, Alloh taolo Qur'oni karimda shunday degan:

«Odamlar Sizdan Qiyomat (qachon bo‘lishi) haqida so‘raydilar. «U haqdagi ma'lumot faqat Allohning huzuridadir» – deb ayting!» (Ahzob surasi, 63-oyat).

Qiyomat qachondir bo‘lishiga iymon keltirganmiz, lekin aynan qaysi kunda bo‘lishi haqidagi ma'lumotni Alloh taolo sir tutib, uni biror manbada keltirmagan. Hatto, o‘z payg‘ambarlari va farishtalaridan ham yashirgan.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Jabroil alayhissalom Payg‘ambarimizdan «Menga soat (Qiyomat) haqida xabar bering!» deb so‘raganlarida Payg‘ambarimiz: «U haqda so‘ralayotgan odam so‘rovchidan ko‘ra bilimli emas», deb javob berdilar (Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyati).

Ushbu hadisi sharifdan so‘raluvchi shaxs Muhammad sallallohu alayhi vasallam ham, so‘rovchi Jabroil alayhissalom ham Qiyomat qachon bo‘lishini bilmaganlari ko‘rinib turibdi.

Demak, Payg‘ambarimiz va Jabroil alayhissalomlar bilmagan narsani kim, «men bilaman, falon kuni Qiyomat bo‘ladi», desa, iymoniga putur yetadi. Bir qancha oyat va hadislarga qarshi chiqqan bo‘ladi. Vallohu a'lam», deyiladi idora munosabatida.

Qayd etish kerakki, qaysidir sanada qiyomat bo‘lishi haqida juda ko‘p marta bashoratlar qilingan. Ayniqsa 2012 yilda ham bunday ma'lumotlar keng tarqalgan edi. Ammo tabiiyki bularning birortasi tasdig‘ini topmagan. 

Mavzuga oid