Sport | 13:23 / 27.09.2025
4947
19 daqiqa o‘qiladi

Madridda derbi, «Arsenal» va «Liverpul»da qiyin safar. Hafta o‘yinlari anonsi

Foto: Global Look Press

Kelasi hafta Chempionlar Ligasi uchrashuvlari bo‘lishi munosabati bilan bu hafta kuchli beshlikning aksariyat top-klublari o‘z o‘yinlarini bugun, shanba oqshomida o‘tkazishadi. Ertaga ham zerikmaymiz albatta. Bu hafta dam olish kunlarimizda Ispaniyada uzoq kutilgan top uchrashuv, Italiyada peshqadamlar va da’vogarlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar, Angliyada esa “Arsenal” va “Liverpul”ni qiyin safar kutib turibdi.

ATLeTIKO – ReAL (27 sentabr, 19:15)

“Real” bu yil rostanam shunaqa zo‘rmi? “Atletiko” bu yil rostanam shunaqa yomonmi? Bu uchrashuv har ikki savolga ham javob berishi mumkin.

Xabi Alonso boshchiligida “Real” bu mavsum yuz foizlik natija ko‘rsatib kelmoqda. Jamoaning usluban endi o‘zgargani, pressing yaxshi yo‘lga qo‘yilgani va yana bir qator ijobiy jihatlar ko‘p aytilayotgan bo‘lsa-da, jamoaning kuchaygani haqidagi savol ochiq qolmoqda, zero madridliklar hali jiddiy sinovga duch kelishmadi. Nisbatan kuchliroq bo‘lgan “Marsel”ga qarshi o‘yinda esa hatto mag‘lubiyatga uchrashi ham mumkin edi. Shu jihatdan qarasak, Simeonening “Atletiko”si raqib sifatida juda mos.

Agar “Atletiko”ning o‘zi mavsumni yaxshi boshlamaganini ham e’tiborga olsak, Simeone shogirdlari faqat derbiga tushgandek emas, barcha muvaffaqiyatsizliklarni ortda qoldirish uchun bor imkoniyatini ishga solishga bel bog‘laydi deb bemalol taxmin qilish mumkin. Jamoa shundoq ham kutilmagan, yo‘qotmaslik kerak bo‘lgan ko‘p o‘yinlarni boy berdi, deyarli barcha o‘yinlarda hisobni ochgan bo‘lsa-da, natijani saqlab qolishni uddasidan chiqa olmadi. “Real” va “Barselona” fonida yozgi transferlar oynasini ancha aktiv o‘tkazgan, o‘z safina Raspadori, Xanko, Almada, Kardoso, Bayena, Rudjyeri kabi juda ko‘p futbolchilarni qo‘shib olgan jamoadan har xolda mavsum boshida chempionlik poygasini kutishgandi.

Madrid derbisi, ayniqsa Metropolitanoda o‘tganida, o‘ta murosasiz kechadi. Ushbu stadionda o‘tgan oxirgi 20 derbida har ikki tomon teng - 7 martadan g‘alaba qozongani ham buni tasdiqlab turibdi. O‘tgan mavsumda mezbonlarning so‘nggi daqiqada hisobni tenglashtirgan derbi, ayniqsa, Chempionlar Ligasidagi javob o‘yini hammaning yodidan ko‘tarilmagan bo‘lsa kerak. Penaltilar seriyasi, Alvaresning xatosi, qizig‘i, aynan shu voqeadan so‘ng penalti tepishdagi qoidalar o‘zgardi, futbolchining behosdan ikki marta tekkanda golni bekor qilish o‘rniga qaytadan tepiladigan bo‘ldi.

Jamoalar tarkibiga qaralsa, mezbonlar safida faqat yangi xaridlar bo‘lmish Kardoso va Almada maydonga tusha olishmaydi. Xose Ximenes hali hali yangi mavsumda safga qaytgani yo‘q. Alonso matbuot anjumanida Bellinhem va Kamavinga asosiy tarkibga qaytishi mumkinligiga ishora qildi. Himoya chizig‘ida Ryudiger, Aleksandr-Arnold va Mendi o‘ynay olmaydi xolos. Alonso “Real” uchun odatiy bo‘lib qolgan himoyadagi jarohatlarga yechim qidirayotgani ma’lum. Misol uchun, so‘nggi o‘yinda Karrerasni markazda, Asensioni o‘ng qanotda sinab ko‘rgan holda eksperimentlar o‘tkazdi.

Ayni damda jamoalar o‘rtasida 9 ochkolik farq bor. “Real” g‘alaba qozonib, yuz foizlik seriyani davom ettirishi, mabodo ochko yo‘qotsa, ikkinchi o‘rniga tushib ketishi mumkin. “Atletiko”ning uch ochko egasiga aylanishi uni yetakchilar safiga qaytaradi, aks holda hatto kuchli o‘nlikdan ham pastga shung‘ish mumkin.

YuVeNTUS – ATALANTA (27 sentabr, 21:00)

O‘tgan mavsumni biroz soyada, ko‘pchilikning nazaridan chetda o‘tkazgan “Yuventus” qatorasiga ikki o‘yinda 4:3 va 4:4 hisoblarini qayd etib barchaning e’tiborini o‘ziga qaratdi. Nima bo‘lyapti, jamoa o‘zgardimi, doim himoyaga katta e’tibor qaratadigan klub shunaqa quvnoq jamoaga aylandimi, degan savollar ko‘p aylandi. Aslida holat u qadar radikal emasligini ta’kidlash kerak. Shunchaki, tasodifan ketma-ket ikki o‘yinda “Yuventus” ham, raqibi ham realizatsiya borasida anomal ko‘rsatkichni qayd etdi xolos. Agar turinliklar o‘tkazib yuborgan 7 golga qarasak, ulardan biri penaltidan, yana bir gol standart vaziyatdan yuzaga kelgan bo‘lsa, 5 gol uzoq masofadan berilgan zarbalar edi. Ya’ni “Yuventus” endi himoyani unutgan, ko‘p o‘tkazib, ko‘p gol uradigan jamoaga aylangani haqidagi mulohazalar hozircha o‘rinsiz.

Aslida qanday bo‘lishidan qat’i nazar, ayni damda “Yuventus” yomon emas, chempionatda mag‘lubiyatsiz bormoqda va “Napoli”ning eng yaqin ta’qibchisi bo‘lib turibdi. O‘tgan mavsumni ham jamoa deyarli shunaqa boshlagan, uzoq vaqt deyarli gol o‘tkazmagan, ammo juda ko‘p duranglar yakunda chempionlik poygasida halaqit bergandi. O‘sha xatolar takrorlanmasa, “Yuventus” besh yillik tanaffusdan so‘ng yana chempionlik poygasida favoritlardan biriga aylanishi mumkin.

Yurich boshchiligidagi yangi “Atalanta” ham hali mavsumda mag‘lubiyat nimaligini bilgani yo‘q. Chempionatni ikki durang bilan boshlagan bergamoliklar keyingi ikki o‘yinni yirik hisobda o‘z foydasiga hal qildi, “Lechche” va “Torino” darvozasiga hammasi bo‘lib 7 gol urishning uddasidan chiqishdi. Faqat bu o‘yinlar orasida Parijdagi 0:4 hisobidagi mag‘lubiyat biroz soya soladi. Lekin boshqa tarafdan, kimlar “PSJ”ga yirik hisobda yutqazmaganki...

Darvoqe, yirik hisoblar haqida gap ketganda, esingizga tushgan bo‘lsa kerak, o‘tgan mavsumda aynan Turinda o‘tgan o‘yinda mehmonlar 4:0 hisobida g‘alaba qozongandilar. Shu tariqa “Atalanta” “Yuventus”ga qarshi o‘yinlardagi 8 o‘yinlik g‘alabasiz seriyasiga chek qo‘ygan. Yaqinda jamoalar mavsumoldi tayyorgarlik paytida ham o‘rtoqlik uchrashuvida kuch sinashishgan va bu o‘yin “Yuventus”ning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan tugagandi.

Jamoalar tarkibida yo‘qotishlar deyarli yo‘q. “Atalanta” futbolchilari Bekker va Kolashinats shundog‘am o‘tgan mavsumdan beri maydonga tushgani yo‘q, Skamakka va Skalvinilarning o‘rni uncha bilinmasa kerak. “Yuventuschi”lar Miretti va Milik haqida ham shunday deyish mumkin.

NYuKASL – ARSeNAL (28 sentabr, 20:30)

Angliyada “Manchester Siti”ning “tottenhemi” bo‘lganidek, “Arsenal”ning ham o‘z “nyukasli” bor. Qanday holatda bo‘lishidan, turnir jadvalidan qat’i nazar “Arsenal”ning Eddi Xau jamoasiga qarshi, ayniqsa safar o‘yinlari juda og‘ir kechadi. Londonliklar “Sent Jyeyms Park”dagi oxirgi uch o‘yinda ochko olish tugul, birorta ham gol ura olmaganlar. Bu mag‘lubiyatlar ikki marta “Arsenal”ga chempionlik poygasida pand bergan bo‘lsa, o‘tgan mavsumda Liga kubogi yarimfinalida ham “Nyukasl” ustun kelgan va yakunda ushbu sovrinni qo‘lga kiritgandi. Umuman olganda, uzoqroq davrni e’tiborga olsak, tabiiyki, “Arsenal” ancha ustun – oxirgi 30 o‘yindan 22 tasi “to‘pchilar”ning g‘alabasi bilan tugagan. “Nyukasl”ning 6 g‘alabasi asosan shu so‘nggi mavsumlarga to‘g‘ri keladi. Va albatta, anchadan beri APL ko‘radigan muxlislar bu jamoalar tilga olinganda mashhur 4:4 ni ham eslashadi. Birinchi taymda 4:0 hisobida o‘z foydasiga hal qilgan “Arsenal” yakunda g‘alabani saqlab qolishni uddasidan chiqmagandi. Shu yozda esa jamoalar o‘rtasida o‘rtoqlik o‘yini bo‘lib o‘tdi va “Arsenal” 3:2 hisobida g‘alaba qozongandi.

“Nyukasl” ayni paytda ancha pastki pog‘onalarda borayotgan bo‘lsa-da, bu biroz aldamchi taassurotlarga olib kelmasligi kerak. Jamoa o‘tkazgan 5 o‘yinning 4 tasida o‘z darvozasidan gol o‘tkazib yubormagani ham aslida “Nyukasl”da hammasi joyida ekanini ko‘rsatadi. Faqat “Liverpul”ga qarshi o‘yinda 3 gol o‘tkazib yuborildi. Bu gollarning ham ikkitasi jamoa bir kishi kam bo‘lib o‘ynayotganda yuzaga kelganini ham ta’kidlash lozim. Ochkolarning kamligi esa qiyin taqvim bilan ham bog‘liq. “Nyukasl” uch o‘yinni safarda, “Lids”, “Aston Villa” va “Bornmut”ga qarshi o‘tkazdi. Ha, top emas, lekin har biri o‘ziga yarasha kuchli raqiblar va uchala o‘yin ham 0:0 hisobida yakunlandi. Qizig‘i, ayni shu jihatdan, ya’ni gol o‘tkazib bo‘yicha “Arsenal” ham yomon emas. Arteta shogirdlari 5 o‘yinda atigi 2 gol o‘tkazib yuborishdi va bular ham “Liverpul” va “Manchester Siti” kabi raqiblarga qarshi.

Mezbonlar tarkibida jamoa sardori Fabian Sher jarohatlangan. Shuningdek Yoan Vissaning ham debyuti kechikmoqda – hujumchi Kongo tarkibidagi o‘yinlarda jarohatlangandi va kelasi oy o‘rtalarida safga qaytsa kerak. “Arsenal”da esa Saka qaytgach, endi bu pozitsiyada uning yo‘qligini bildirmay kelgan Noni Madueke jarohat oldi. Jyezus va Xaversning yo‘qligi esa yangilik emas.

“Liverpul” bilan “Arsenal” o‘rtasidagi farq 5 ochkoni tashkil qilmoqda. Mavsum boshidayoq bu farqning yanada oshishi Arteta jamoasiga keyingi bahslarda katta bosim va negativlarga sabab bo‘lishini e’tiborga olsak, mehmonlarning ochko yo‘qotishga haqqi yo‘q. Ha, mavsumdagi qiyin safarlardan biri, ammo kim aytdi chempionlik oson deb?

BARSeLONA – ReAL SOSIYeDAD (28 sentabr, 21:30)

Ushbu uchrashuv yangilangan “Kamp Nou”ning ochilishiga aylanishi kutilgandi, afsuski ulgurishmadi. Jamoa ushbu va keyingi, “PSJ”ga qarshi o‘yinni o‘tgan mavsum uy uchrashuvlarini o‘tkazgan “Estadi Olimpik Luis Kompanis”da qabul qilishga majbur bo‘lmoqda.

O‘tgan mavsumdagi so‘nggi o‘yin 4:0 hisobida mezbonlar g‘alabasi bilan yakunlangandi. O‘zi umuman “Sosidead” ispan grandlariga qarshi doim munosib qarshilik qilib kelsa-da, ko‘pincha bu o‘z stadionidagi o‘yinlarda kuzatiladi. Masalan, “Barselona” maydonidagi oxirgi 18 o‘yinning 17 tasida kataloniyaliklarning qo‘li baland kelgan. Shunday bo‘lsa-da, deyarli har yili bu raqiblar o‘rtasidagi o‘yinlarga alohida e’tibor qaratamiz, axir qachondir o‘xshab qolishi kerakku? Bundan tashqari, “Sosiyedad” “Barselona” maydonida nuqul mag‘lubiyatga uchrasa-da, aksariyat uchrashuvlarda munosib qarshilik ko‘rsatadi va ko‘pincha minimal hisoblar qayd etilgan.

Yangi murabbiy qo‘l ostida juda yomon boshladi va faqat 6-turga kelibgina ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Shundog‘am, Baskoniyadagi futbol markazi to‘lig‘icha Bilbaoga ko‘chayotgan bir pallada bunday start hech kimga yoqmaydi. Vaziyatning o‘nglashning ikki yo‘li bor. Qatorasiga o‘yinlarda g‘alabalar qozonib, sekin-asta yuqoriga ko‘tarilib olish – bu juda qiyin. Ikkinchisi, biror top-o‘yinda o‘zini ko‘rsatib, butun Yevropani o‘ziga qaratish – bu ishni “Sosiyedad” doim qilib kelgan va qiyin bo‘lsa-da, ancha qisqa yo‘l.

Lamin Yamal qaytdi va bu haqida instagramda o‘zi xabar ham qildi. Aslida uning qaytishi kelasi oyga taxmin qilingandi va balkim, Lamin o‘yinga emas, mashg‘ulotlarga qaytganini nazarda tutgan bo‘lishi mumkin. Ya’ni uning asosiy tarkibda tushishga qay darajada tayyorligi noma’lum. Bu quvonchli xabar, lekin klub muxlislari so‘nggi haftalarda aynan jarohatlar borasida bir qator yomon xabarlarni eshitishdi. Ayniqsa, Rafinyaning bir necha o‘yinga safdan chiqqani, darvozabon Joan Garsiyaning mashg‘ulotlarda jarohat olgani o‘z yo‘liga, afsuski Gavi yana eski jarohati bo‘yicha operatsiya qilindi va eng yaxshi ehtimolda fevral oyida maydonga tushishi mumkin. Bu futbolchilardan tashqari, ter Stegen, Balde va Ferminlarning ham yo‘qligini e’tiborga olsak, Flik ancha bosh qotirishiga to‘g‘ri keladi. Buning ustiga jamoani kelasi haftada “PSJ”ga qarshi muhim bahs kutib turibdi. Turnir nuqtai nazaridan Chempionlar Ligasining bir guruh o‘yin ko‘p jihatdan hal qiluvchi bo‘lmasligi mumkin, lekin butun futbol ommasi bu uchrashuvni o‘tgan mavsumning “bo‘lmay qolgan finali” sifatida kutishmoqda. Axir “Oltin to‘p”ga nomzodlarning qariyb yarmi mana shu ikki jamoa a’zolaridan iborat edi.

Serxio Fransisko, “Sosidad” murabbiyi ushbu uchrashuvda himoyachi Elustondo, yarimhimoyachi Yanxel Errera, hamda hujumda Orri Oskarssondan foydalana olmaydi.

MILAN – NAPOLI (28 sentabr, 23:45)

“Milan” mavsumni juda yomon boshlagandi. O‘z maydonida “Kramoneze”ga yutqazib qo‘yish, albatta, chempionlikka da’vogar jamoaning rejasida bo‘lmaydi. Hali u paytda “Kramoneze” yana davom etishi, to‘rt turdan keyin ham mag‘lubiyatsiz borishini bilmasdik ham. Yaxshiyamki, Allegri jamoasi tezda o‘zini o‘nglab oldi va keyingi uchrashuvlarni aynan Allegriyaga xos ravishda o‘tkazmoqda. Jamoa qatorasiga uch g‘alabaga erishdi va birorta ham gol o‘tkazib yubormadi. Shundan so‘ng, Italiya kubogi uchun bahsda “Lechche” ham 3:0 hisobida mag‘lub etildi. Endi esa eng katta sinov ostonada turibdi.

“Napoli” – chempion, lekin tan olish kerak, o‘tgan mavsumdagi g‘alaba ko‘p jihatdan “Inter”ning tortig‘i bo‘lgan, ayniqsa mavsum so‘nggida “Napoli” u qadar ishonchli ko‘rinmagandi. Konte doimgidek hech qanday yevrokuboklarsiz mavsumdan o‘z ustunligi uchun mohirona foydalangandi. Aslida yuqorida “Milan”ni da’vogarlar safiga qo‘shib yuborganimiz ham shundan, bu yil aynan “Milan” yevrokuboklarda qatnashmayapti. Xullas, bu yilgi “Napoli” biroz farqli. Ayniqsa, de Bryuynening kelishi yarimhimoya uchun juda katta plyus bo‘ladi. Romelu Lukaku o‘rnini esa vaqtinchalik Rasmus Xoylund yopadi. Kim biladi, balkim daniyalik hujumchi butunlay asosiyga aylanar?

Bir qaraganda Allegri va Konte o‘rtasidagi bahsdan nimani kutish mumkin? Ikki himoyaviy murabbiy, ehtiyotkorlik va maydonning har qarichi uchun kurashish. Bunday jamoalar o‘yinida odatda ko‘p gol, hujumkor o‘yin kutmaysiz, to‘g‘rimi? Ammo so‘nggi yillarda Italiya bizni ancha hayron qoldirayotgani, eng hujumkor o‘yinlar, eng chiroyli gollar aynan Italiya grandlari o‘rtasidagi bahslarda bo‘lishiga ham o‘rganib qoldik. Statistikaga qarasak ham, xavfli vaziyatlar, zarbalar, to‘p nazorati, raqib jarima maydonidagi harakatlar borasida har ikki jamoa “A Seriya” yetakchilari safida. Shuningdek, odatga ko‘ra, himoyaviy ko‘rsatkichlar bo‘yicha ham bu ikki jamoa faqat “Roma”dan ortda qolyapti xolos. Tarozining qaysi pallasi ustun keladi, jonli guvoh bo‘lish juda qiziq, albatta.

Darvoqe, “Napoli”ni bu o‘yindan uch kun o‘tib “Sporting”ga qarshi Chempionlar Ligasidagi muhim uchrashuv kutib turganini ham yoddan chiqarmaslik kerak. Birinchi turda Manchesterda mag‘lubiyatga uchragan Konte shogirdlari uchu u yerda ham g‘alaba suv va havodek zarur.

BOShQA O‘YINLAR

27 sentabr. Brentford – MANCheSTeR YuNAYTeD (16:30), Mayns – BORUSSIYa D (18:30), Sankt Pauli – BAYYeR (18:30), CheLSI – Brayton (19:00), Kristal Pelas – LIVeRPUL (19:00), MANCheSTeR SITI – Byornli (19:00), Kalyari – INTeR (23:45), TOTTeNHEM – Vulverhempton (23:55), PSJ – Oser (23:55)

 28 sentabr. ROMA – Verona (18:00)

Mavzuga oid