Yaqindagina klasikoda ğalaba qozonib, Ispaniya çempionatida jiddiy farq bilan peşqadamlik qilayotgan «Real» birdaniga muammolar girdobiga tuşib qoldi. Qoniqarsiz natijalar, işonarsiz öyin, jarohatlar va eng e’tiborlisi Habi Alonso bilan muammolar – ispan naşrlari yozda jamoa boşqaruviga kelgan murabbiyga muhlat berilgani, keyingi uç öyindan birortasida ğalaba qozona olmasa, iste’foga çiqarilişi mumkinligi haqida yozişmoqda.

Albatta, bunday xabarlar turli murabbiylar bilan köp çiqib turadi, odatda naşrlar köpinça taxminlarni börttirib yozişadi. Ammo Angliyadan farqli ravişda Ispaniyada jurnalistlar biroz boşqaça işlaşini, naşrlar u yoki bu klub, şu jumladan, «Real»ning ham manfaatlariga xizmat qilişini inobatga olsak, vaziyatga jiddiyroq qaraş mumkin. Zero bunday xabarlar çiqayotgani, şu bilan birga, klub rasmiylari tomonidan raddiyalar yöqligi, tabiiyki, daraxtning uçi bekorga silkinmayotganidan dalolat beradi. Quyida şu savolga javob izlanadi – Madridda nima bölyapti özi?

Tizimli murabbiy nima?

Sönggi yillarda bu atama tez-tez işlatilmoqda, nafaqat Yevropada, balki mahalliy matbuotda, şarhlovçilar tomonidan ham murabbiylar tizimli va eski klassik uslubga rioya qiluvçilar sifatida ajratilişiga guvoh bölamiz.

Habi Alonso va «Real» mavzusida ham bu atamaga murojaat qilişga töğri keladi, zero u nemis futbolida şakllangan tizimli murabbiy bölsa, «Real»ning oldingi boş murabbiyi Karlo Ançelotti aksinça, eski maktab murabbiylarining yorqin va eng muvaffaqiyatli vakili edi. Qisqa muddatda bu qadar qutblaşiş tabiiyki, avvaldan bu mavzu tilga olinişiga sabab bölgandi.

Xullas, eski maktab asosan futbolçilarning xususiyatlaridan kelib çiqqan holda taktika va uslub tanlaş, ayniqsa yetakçilarning özini qulay his qilişi yordamida samaraliroq foylalanişni közda tutadi va ijroçilarga imkon qadar erkinlik taqdim etadi. Bazaviy talablar – ziç öynaş, pozitsiyalar, pressingga amal qilingan holda, muayyan vaziyatlarda improvizatsiyaga kengroq yöl oçiladi.

Tizimli futbolda esa birlamçi – futbolçi emas, jamoadir. Albatta, har qanday tizim ham mazkur jamoadagi futbolçilarning xususiyatlariga tayanadi va şundan kelib çiqadi. Ammo töp qanday egallanişidan tortib, har bir nuqtada qanday harakatlaniş, töpni kimga yetkaziş va qaysi yöl bilan vaziyatlar yaratiş murabbiy tomonidan oldindan belgilanadi. Şu asosda jamoa uzoq maşğulotlar yordamida aniq uslubni avtomatizm darajasiga olib çiqadi. Ha, biroz murakkab, ammo töliq işlaganda, raqibdan qat’i nazar soatdek işlaydigan mexanizmga aylantiriş mumkin.

Taqqoslaş uçun misol keltiramiz. Tasavvur qiling, bir jamoa tarkibida  örtaça darajasi 7 baholik bölgan 11 nafar futbolçi bor. Klassik uslubda bu jamoa har öyinda kamida 6, muvaffaqiyatli hollarda 8 bahoga loyiq öyin körsatişi mumkin. Ammo agar bu tizimlaşsa, jamoa 9-10 darajadagi futbol namoyiş qilişga loyiq böladi. Şu bilan birga, tizim işlamaganda, ba’zida jamoa öyini 4-5 darajaga tuşib ketişi ham mumkin. Şundan xulosa qiliş mumkinki, tizim nisbatan kuçsizroq tarkib va futbolçilar bilan ham yaxşi işlaydi – şu orqali umumiy darajani oşiriş, örtaça futbolçilar bilan ham yuqori natijalarni közlaş mumkin.