O‘zbekiston | 12:54 / 04.04.2026
4128
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyaga qisqa muddatli viza bilan borib, qochqinlik maqomini olmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonlik deport qilindi

3 aprel kuni Yaponiya Immigratsiya va rezidentlikni boshqarish agentligi mamlakatda noqonuniy yashab kelgan bir nafar O‘zbekiston fuqarosini deportatsiya qildi. U qisqa muddatli viza asosida Yaponiyaga kirgach, qochqinlik maqomini olish uchun ariza topshirgan, lekin rad etilgandan keyin ham mamlakatda qolishda davom etgan.

Foto: Imagepocket / Shutterstock

Bu haqda Kun.uz'ga ma’lum qilgan Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasiga ko‘ra, turizm, qarindoshlar va tanishlarni ziyorat qilish yoki biznes maqsadlaridagi qisqa muddatli vizalar bilan Yaponiyada ishlash qat’iyan man etiladi.

“Hozirgi vaqtda “qochqinlik maqomini so‘rash orqali Yaponiyada uzoq vaqt qolish yoki ishlash mumkin” degan yolg‘on ma’lumotlar tarqalmoqda. Bunday maqsadlarda topshirilgan arizalar qabul qilinmaydi. Qochqinlik arizasi rad etilgan taqdirda, shaxs immigratsiya markaziga joylashtirilishi yoki majburiy tartibda vataniga qaytarib yuborilishi mumkin.

Shuningdek, yolg‘on ma’lumot yoki noqonuniy yo‘llar bilan ariza topshirish qat’iy huquqiy choralar ko‘rilishiga sabab bo‘ladi.

"Yaponiyada uzoqroq qolish yoki ishlash imkonini beramiz" deb va’da beruvchi vositachilarning (maklerlarning) yolg‘onlariga ishonmang. Asossiz va noto‘g‘ri topshirilgan arizalar kelajakda Yaponiyaga qayta kirishingizga jiddiy to‘sqinlik qiladi”, – deyiladi Yaponiya elchixonasi rasmiy axborotida.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid