Jamiyat | 20:53 / 21.05.2021
16005
9 daqiqa o‘qiladi

Andijon shahar prokurori ishdan olingani haqida xabarlar tarqaldi. Bosh prokuratura esa buni rad etmoqda

Xalq deputatlari Andijon shahar kengashining 2021 yil 17 may kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi sessiyasida Shuhratbek Karimovni deputatlik daxlsizligidan mahrum qilishni so‘rab taqdimnoma kiritgan Andijon shahar prokurori Qurbonali Asqarov ishdan olingani haqida xabarlar tarqaldi. Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinov ayni paytda u rasman vazifasidan ozod qilinmaganini ma'lum qildi.

Kun.uz muxbiri bilan gaplashgan bir necha manba shahar prokurori bir necha kundan buyon ishga chiqmayotgani, shahar hokimligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishlarda ham ishtirok etmayotganini aytishmoqda. Prokuratura organlaridagi manba Qurbonali Asqarov 18 may kuni kechki payt xonasidan narsalarini yig‘ishtirib chiqib ketganini ma'lum qilgan.

Qolaversa, Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov tomonidan viloyatda yoshlar forumini o‘tkazish bo‘yicha tashkil etilgan yig‘ilishda hamma tuman va shaharlarning sektor rahbarlari to‘liq ishtirok etgani, faqatgina Qurbonali Asqarov ushbu yig‘ilishda qatnashmagan.

Kun.uz mazkur holat yuzasidan izoh so‘rab, Andijon viloyat prokurorining OAV bilan hamkorlik qilishga mas'ul 22-tarmoq bo‘yicha katta yordamchisi Ilhom Mahmudov bilan bog‘landi.

“Hozir Toshkentda bir haftalik o‘qishdaman. Shu sababli boshqa xodim vazifani bajarib turibdi. Siz so‘ragan masalada bugungi kun holati bo‘yicha ma'lumot yo‘q”, deydi Ilhom Mahmudov.

O‘zbekiston bosh prokurori matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov ayni paytda Andijondagi sessiyada sodir bo‘lgan voqea prokuratura tomonidan o‘rganilayotganini ma'lum qildi.

“Unday gap yo‘q. Ayni paytda yuz bergan holat yuqori turuvchi prokuratura organi tomonidan o‘rganib chiqilmoqda. O‘rganish natijasiga ko‘ra, Andijon shahar prokurorining harakatlariga huquqiy baho beriladi. Ayni paytda u rasman lavozimidan ozod qilinmagan”, deya Hayot Shamsuddinovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Bosh prokuratura tomonidan 20 may kuni e'lon qilingan rasmiy bayonotda Andijon shahar prokuraturasi tomonidan “Alliance R.C.” MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 228 va 229-moddalari bilan 2021 yil 3 mart kuni qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tergovi davomida MChJning rahbari hisoblangan Sh.K. xalq deputatlari Andijon shahar kengashi deputati ekanligi aniqlangani, to‘plangan hujjatlarga ko‘ra, deputatni ayblash uchun asoslar yetarli, deb topilib, 2021 yil 6 may kuni shahar prokurori tomonidan xalq deputatlari Andijon shahar Kengashiga deputatlik maqomidan mahrum qilish haqida taqdimnoma kiritilgani keltiriladi.

“Andijon shahar hokimining 2017 yil 15 iyuldagi qarori bilan“Alliance R.C.” MChJga Andijon shahar, Bo‘ston dahasi. U.Yusupov ko‘chasida joylashgan 4 gektar yer maydoni ko‘p qavatli aholi turar joy binolari, kottej tipidagi turar joylar, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, issiqxonalar, umumiy ovqatlanish va choyxona binolari qurish hamda mevali bog‘ yaratish uchun ajratilgan. Biroq “Alliance R.C.” MChJ mansabdor shaxslari yer va shaharsozlikka oid qonun va me'yoriy hujjatlarning talablariga amal qilmasdan o‘zboshimchalik bilan qurilish ishlarini boshlagan. 

Shu bilan birga, qurilish ishlarini loyihalash va ruxsatnomalar olish uchun asos hisoblangan “Arxitektura me'moriy rejalashtirish topshirig‘i”ni soxtalashtirib, hokim qarorida ko‘rsatilgan 4 gektar yer maydoniga qo‘shimcha ravishda yana 6 gektar yer maydonini qo‘shib olib, jami 10 gektar yer maydoniga qalbaki topografik chizma tayyorlashga erishgan. 

Buning oqibatida mazkur 6 gektar yer maydoni doirasida shahar hokimining qarorlariga asosan yer uchastkalari ajratilgan tadbirkor hamda bir nechta fuqarolarning yerdan foydalanish huquqlari buzilgan.

Bundan tashqari, o‘zboshimchalik bilan egallab olinib, noqonuniy qurilish qilingan 0.36 gektar yer maydonlarini elektron auksion savdolarida sotish imkoniyati yo‘qotilgan va davlat budjetiga 190,8 mln. so‘m miqdorda zarar yetkazilgan.

Tergov harakatlari davomida “Alliance R.C.” MChJning rahbari hisoblangan Sh.K. xalq deputatlari Andijon shahar kengashi deputati ekanligi aniqlangan. To‘plangan hujjatlarga ko‘ra, deputat Sh.K.ni ayblash uchun asoslar yetarli deb topilib, 2021 yil 6 may kuni shahar prokurori tomonidan xalq deputatlari Andijon shahar Kengashiga deputatlik maqomidan mahrum qilish haqida taqdimnoma kiritilgan.

Taqdimnoma 2021 yil 17 may kuni xalq deputatlari Andijon shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ko‘rib chiqilib, Sh.K.ning deputatlik maqomi bekor qilingan.

Ish bo‘yicha tergov harakatlarini har tomonlama, to‘la va xolisona o‘tkazilishini ta'minlash maqsadida jinoyat ishi Izboskan tumani prokuraturasiga topshirilgan.

Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, qonunchilikda tergov harakatlariga aralashish, ya'ni uni har tomonlama, to‘la va xolisona o‘tkazilishiga to‘sqinlik qilish maqsadida surishtiruvchi, tergovchi yoki prokurorga turli shaklda qonunga xilof ravishda ta'sir o‘tkazganlik uchun tegishli javobgarlik belgilangan.

Shuningdek, amaldagi qonunchilikda quyi turuvchi prokurorga ko‘rsatmalar berish yoxud uning har qanday, shu jumladan, protsessual qarorini o‘zgartirish yoki bekor qilish, prokurorlar ishlarining to‘g‘ri tashkil etilishi faqat yuqori turuvchi prokuror tomonidan amalga oshirilishi qat'iy mustahkamlangan” deyiladi rasmiy bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, 17 may kuni bo‘lib o‘tgan sessiyaga kirishdan olgan barcha deputatlar telefon va ovoz yozish moslamalari olib qo‘yilib, sessiya ishtirokchilari Milliy gvardiya xodimlari tomonidan tintuv qilingan edi. Sessiyada shahar hokimining noqonuniy qarorlariga qarshi chiqayotgan va Andijon shahar prokurorini attestatsiyadan o‘tkazishni talab qilgan deputat Shuhratbek Karimov shahar prokurori taqdimnomasiga asosan, ko‘pchilik ovoz bilan daxlsizlik huquqidan mahrum etilgan.

Yuz bergan voqea bir necha kundan buyon muhokamalar markazida bo‘lib turibdi. Mazkur holat yuzasidan vakolatli organlar hamda deputatlar salbiy fikr bildirib, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi prokurorning bunday harakatini «oqlab bo‘lmasligi»ni, u birinchi navbatda korrupsiya holati haqida xabar bergan shaxsni himoya qilishi kerakligini ta'kidlagan bo‘lsa, Adliya vazirligi “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, har bir deputatga o‘z vakolatlarini moneliksiz hamda samarali amalga oshirishi uchun shart-sharoit kafolatlanishi, uning huquqlari, sha'ni va qadr-qimmati muhofaza qilinishi, deputatning sha'ni va qadr-qimmatiga tajovuz qilgan shaxslar qonunga muvofiq ma'muriy, jinoiy yoki o‘zgacha tarzda javobgar bo‘lishi, deputatlik vakolatlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qilish maqsadida deputatga qanday tarzda bo‘lmasin ta'sir ko‘rsatishga yo‘l qo‘yilmasligi, deputat oldidagi o‘z vazifalarini bajarmaydigan, uning ishiga to‘sqinlik qiladigan, bila turib unga yolg‘on axborot beradigan, deputat faoliyatining kafolatlarini buzadigan mansabdor shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘lishini eslatgan.

Mazkur holat Oliy Majlis Senatining Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatiga ko‘maklashuvchi komissiyasi tomonidan nazoratga olingan.

Kun.uz muxbiri bilan suhbatda deputat Jahongir Jiyanov prokuraturaning sessiya kun tartibiga masala kiritishga qonuniy vakolati yo‘qligi, sessiyada kuchishlatar tuzilmalar vakillari ishtirok etishi, deputatlarning sessiyaga kirishdan oldin tintuv qilinishi mumkin emasligini ta'kidlagan bo‘lsa, daxlsizlik huquqidan mahrum qilingan deputat Shuhratbek Karimov sessiya to‘liq shahar hokimining ssenariysi asosida o‘tganini aytgandi.

Mavzuga oid