Jahon | 19:52 / 07.10.2025
25123
13 daqiqa o‘qiladi

KGB agentligidan Kremlgacha. Vladimir Putinning hayot yo‘li

O‘tgan asrning 90-yillari oxiri. Rossiyaning birinchi prezidenti Boris Yelsin siyosiy faoliyatini yakunlash haqida o‘ylay boshlaydi. Mamlakatda iqtisodiy inqiroz chuqurlashib borar, xalq orasida norozilik kuchaygandi. Shunday sharoitda siyosiy maydonga Vladimir Putin kirib keladi. Kun.uz 7 oktyabr kuni 73 yoshni qarshilagan siyosatchining hayot yo‘li haqida hikoya qiladi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

«Ko‘cha bolasi»

Vladimir Putin 1952 yilda Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) shahrida kambag‘al oilada tug‘ilgan. Bobosi Spiridon Ivanovich SSSR kommunistik partiyasining ko‘zga ko‘ringan shaxslarining dalahovlilarida oshpazlik qilgan. Otasi Vladimir Spiridonovich esa Ikkinchi jahon urushida asosan Leningrad frontida jang qilgan, qator orden va medallar sohibi bo‘lgan. Putinning otasi ham, onasi ham u Rossiya prezidentligiga kelishidan bir muddat avval vafot etadi.

Vladimir maktabda jangari o‘quvchi bo‘lgan. Eng yaqin do‘stining xotirlashicha, «u istalgan raqib bilan mushtlashishi mumkin edi», chunki «u qo‘rquv neligini bilmagan».

Foto: Getty Images

Shunga qaramay, ozg‘in va beso‘naqay yigitcha ko‘cha bezorilari bilan to‘lgan shaharda o‘zini himoya qila olishi kerak edi va 12 yoshida avvaliga sambo bilan, keyin esa dzyudo bilan shug‘ullana boshlaydi. Putin qat’iy va intizomli edi, 18 yoshida u dzyudo bo‘yicha qora belbog‘ sohibi bo‘ladi, o‘smirlar o‘rtasidagi milliy musobaqada esa uchinchi o‘rinni egallaydi.

KGB tomon yo‘l

Odamlar KGBning Leningraddagi shtab-kvartirasi joylashgan Liteyniy prospekti, 4-uyni ancha naridan aylanib o‘tishardi. Stalin zamonida uning tergov kameralari orqali shu qadar ko‘p odam GULAG lagerlariga jo‘natilganki, Leningradda shunday hazil gap yurardi: «Katta uy» - shahardagi eng baland bino, chunki uning hatto yerto‘lasidan ham Sibir ko‘rinib turadi.

Oldin 8 yillik, keyin o‘rta maktabni o‘rta baholar va haminqadar xulq bilan tugatgan yosh Vladimir razvedka xodimi bo‘lish ishtiyoqida yonardi. Chunki totalitar tuzum yoshlari shu ruhda tarbiya qilingandi.

16 yoshli Putin hammada qo‘rquv uyg‘otadigan KGB binosiga to‘g‘ri kirib boradi va unga hayron qarab turgan ofitserdan bu yerga qanday ishga kirish mumkinligini so‘raydi. Unga harbiy xizmat o‘tash yoki ilmiy daraja olish kerakligini aytishadi. Shundan so‘ng Putin yuridik ta’lim olish va ishga joylashishga ahd qiladi, uning nazdida aynan xavfsizlik idorasida partiyaga aloqador bo‘lmay turib ham ko‘tarilish imkoniyati bor edi.

Vladimir 1970-1975 yillar oralig‘ida Leningrad universitetining yuridik fakultetida tahsil oladi. O‘qishni bitirgach, leytenant unvoni bilan xavfsizlik qo‘mitasiga ishga olinadi. 1977 yildan boshlab u KGBning kontrrazvedka bo‘limida faoliyatini boshlaydi va o‘zining tashabbuskorligi va harakatchanligi tufayli tizimda asta-sekin yuqoriga ko‘tariladi.

Foto: kremlin.ru

Putin 1984 yilda Moskvadagi Andropov nomidagi tashqi razvedka akademiyasini tamomlaydi. O‘qish davomida u Platov familiyasi bilan hujjat yuritadi. Chunki KGB talabiga ko‘ra hatto bir kursda o‘qiydiganlar ham bir-birlariga oid ma’lumotlarga ega bo‘lmasliklari lozim edi va taxalluslarni rahbariyat tanlab berardi. «Platov» o‘qishda o‘zini ko‘rsatadi, guruh sardori bo‘ladi va nemis tilini chuqur o‘rganadi.

Putin har qancha umid qilmasin, KGBdagi faoliyatida katta o‘sishga erisha olmaydi. U doimo o‘rta darajadagi xodim bo‘lib qolgan, yuqori lavozimga ko‘tarilmagan. 1985 yilda Vladimirni xavfsizlik qo‘mitasining Drezdendagi aloqa bo‘limiga ishga yuborishadi. 80 yillarning oxiriga kelib kommunistik rejimlar birin-ketin qulay boshlaydi. Xususan, 1989 yilning noyabriga kelib Berlin devori quladi. Minglab nemislar ozodlik uchun ko‘chaga chiqadi. Ular Putin xizmat qilayotgan KGB bo‘limiga ham hujum qilishadi. Ularning maqsadi SSSR razvedkasiga oid arxiv hujjatlarini qo‘lga kiritish edi. Putin esa qurol ishlatmasdan olomonni tarqatib yuborishga muvaffaq bo‘ldi va o‘zi yig‘gan maxfiy ma’lumotlarni yoqib yuboradi. Shundan so‘ng, 1990 yilning yanvarida u Germaniyadagi faoliyatini yakunlab, Leningradga qaytadi.

Foto:Bild

Xalqaro ekspertlar ushbu voqealar fonida Putin markaziy hokimiyatning to‘satdan qulashi bo‘yicha saboq olgani va muxolifatchilar bilan to‘qnashganda yon bergan sovetlarning so‘nggi rahbari Mixail Gorbachyovning xatosini hech qachon takrorlamaslik va bunday holatda tez va qat’iy harakat qilish bo‘yicha ko‘nikmalarga ega bo‘lganini qayd etishgan.

Putinning prezidentlikka kelishi

Sovetlar ittifoqi parchalangach Putin KGBdan ketadi. Dastlab u 1990 yilda Leningrad davlat universitetida rektor yordamchisi bo‘lib ish boshlaydi. Rektor Merkurev uni shahar meri Anatoliy Sobchak bilan tanishtiradi va ishonchli xodim sifatida tavsiya qiladi. 1991 yilda Sobchak Sankt-Peterburgga mer etib qayta saylangach, Vladimir unga xalqaro masalalar bo‘yicha yordamchi bo‘ladi. Putin keyinchalik siyosiy qarashlari shakllanishida Sobchakning o‘rni katta ekanligini ta’kidlab, uni o‘ziga ustoz deb atagan.

1996 yilda Anatoliy Sobchak gubernatorlik saylovlarida yengiladi. Ishsiz qolgan Putin keyinchalik bu paytda kirakashlik qilishni ham o‘ylagani haqida aytgan. Ammo Vladimirni yangi istiqbol – Moskvada katta ishlar kutib turardi. Rossiya prezidentining ish boshqaruvchisi Pavel Borodin uni o‘ziga o‘rinbosar bo‘lishga taklif qiladi. Putin oradan bir yil o‘tib, 1997 yilda Aleksey Kudrin o‘rniga prezident administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari etib tayinlanadi. 1998 yilda esa KGBning vorisi bo‘lgan FSB (Federal xavfsizlik xizmati) rahbarligiga keladi.

Vladimir Putin 1998-99 yillarda RF FXX raisi bo‘lgan

Putinning mansab pillapoyalarida ko‘tarilishi shiddat bilan kechadi. Prezident Boris Yelsin 1999 yil avgustida uni hukumat raisi etib tayinlaydi. Bu lavozimda 5 oy ham ishlamagan Putin 1999 yilning so‘nggi kuni – 31 dekabrda Yelsin tomonidan voris sifatida taqdim etiladi va 2000 yilning ilk kunidan prezident vazifasini bajaruvchi sifatida ish boshlaydi. Shu tariqa Putinning hujjatda 22 yillik, amalda esa 26 yillik hukmronligi boshlanadi.

Putinning ilk inauguratsiya marosimi. Foto: Vladimir Rodionov / TASS

Xalqaro ekspertlarga ko‘ra, Yelsin o‘zining qilmishlarini yashirish uchun Putinni prezidentlikka olib kelgan. Putinning birinchi harakatlaridan biri Yelsinni afv etish, unga «jinoiy yoki ma’muriy tergovlardan daxlsizlik, jumladan uning hujjatlari, turar joyi va boshqa mulklarini tintuv va olib qo‘yishdan himoya qilish» bo‘lgan.

Putin hokimiyatining mustahkamlanishi

Rossiyaning yangi rahbari hech qachon deputat yoki gubernator bo‘lmagan, siyosiy muhitda yashab qolish tajribasiga ega emasdi. Ammo bir qator omillar Putinning ruslar orasida shuhrat qozonishi va o‘z hokimiyatini mustahkamlab olishiga yordam beradi. Xususan, 1999 yilda Putin chechen jangarilariga qarshi urush boshlaydi. Bu paytda mamlakat beqarorlik, terror hujumlari, iqtisodiy tanazzul bilan yuzlashgandi. Aynan chechen urushidagi muvaffaqiyat unga nisbatan «tartib o‘rnatgan rahbar» imijini shakllantirdi. Masalan, 1999 yil avgustida Putin bosh vazir lavozimida ishlab turganida uning bu lavozimdagi faoliyatini rossiyaliklarning 33 foizi ma’qullagan, 31 foizi ma’qullamagan. Oradan bir oy o‘tib, Ikkinchi Checheniston urushi boshlangach, ma’qullash reytingi qariyb ikki barobarga oshib 65 foizga yetgan. Ma’qullamaganlar soni esa 21 foizgacha kamaygan.

Putin Checheniston rahbari Ramzon Qodirov bilan. Foto: AFP

2000 –2008 yillarda jahon bozorida neft narxi keskin ravishda qimmatlab ketadi. Xususan, 2000 yillarning boshida 1 barrel neftning bahosi jahon bozorlarida 28 dollar bo‘lgan bo‘lsa, 2008 yilning yoziga kelib 130 dollardan ham oshib ketadi. Rossiya eksportining katta qismini neft va gaz tashkil etgani sababli budjetga tushumlar karrasiga oshadi. Natijada oyliklar, pensiyalar, ijtimoiy to‘lovlar miqdori yaxshilanadi. Bu esa «Putin davrida hayot yaxshilandi» degan tasavvurni shakllantiradi. Shuningdek, ushbu davrda Kreml asosiy telekanallarni to‘liq nazorat ostiga oldi va axborot oqimi Putinni «xalq uchun ishlayotgan, millatni tiklayotgan lider» sifatida namoyon qila boshladi.

Putin va AQSh prezidenti Jorj Bush Novo-Ogaryovo rezidensiyasida GAZ-21 «Volga» avtomobilini boshqarishmoqda, 2005 yil.
Foto: Reuters

Gruziyaga bostirib kirish

Putin 2000 yilda Rossiya prezidenti bo‘lganida, u G‘arb bilan o‘z shartlari asosida, jumladan Rossiyaning sobiq sovetlar ittifoqi hududidagi ta’siri saqlab qolinishi fonida ijobiy munosabatlar o‘rnatishga umid qilgandi. Ko‘p o‘tmay uning hafsalasi pir bo‘ladi, keyin esa G‘arb Rossiyani yakkalab qo‘yayotgani va kamsitishga urinayotgani haqida xulosaga kelib, g‘azab otiga minadi. Gruziya prezidenti Mixail Saakashvili o‘z mamlakatini NATOga a’zo qilishga qaror qilganida esa Putinning butunlay jahli chiqadi va Gruziya Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan ayirmachi Janubiy Osetiya ustidan nazorat o‘rnatishga urinayotganini bahona qilib, jazo amaliyotini boshlaydi. Besh kun ichida Rossiya qo‘shini gruzin armiyasini tor-mor etadi va Saakashvilini sharmandali bitim tuzishga majburlaydi.

Putin va Saakashvili

G‘arbning jahli chiqadi, ammo bir yil o‘tib AQSh prezidenti Barak Obama Rossiya bilan munosabatlarni «qayta yo‘lga qo‘yish»ni taklif etadi, Moskva esa hatto 2018 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionati mezbonligini qo‘lga kiritadi. Ushbu holat Putinni niyohatda ilhomlantirib yuboradi. U yetakchilar o‘zgarib turuvchi G‘arb shovqin ko‘tarishi mumkin, ammo pirovardida kuchli iroda qarshisida chekinadi degan xulosaga keladi. Natijada Rossiyani sobiq SSSRning huquqiy merosxo‘ri deb hisoblab, yaqin qo‘shnilar ustidan siyosiy, harbiy va iqtisodiy nazoratni tiklashga kirishadi.

Ukraina urushi

2013 yil 28 noyabrda Litva poytaxti Vilnyusda Ukraina va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida o‘zaro integratsiya haqidagi kelishuv imzolanishi kerak edi. Ukraina prezidenti Viktor Yanukovich barchani ajablantirgan holda o‘sha shartnomani imzolamadi. Bu esa Yevropa Ittifoqiga vizasiz kirishni umid qilib yurgan ukrainaliklarning sabr kosasini to‘ldirdi. Shu tariqa «Maydan» voqealari boshlanib ketdi, Yanukovich Rossiyaga qochdi. Kiyevdagi markaziy maydonni namoyishchilar to‘ldirdi va ular Yevropa Ittifoqi bilan integratsiya kelishuvini imzolash lozimligini talab qila boshladi. Ukraina Rossiyaga orqa o‘girdi va bu davlat tepasiga Yevroittifoqi bilan yaqin munosabatlar o‘rnatishni va’da qilgan odamlar kelishdi.

Rossiya esa Ukraina o‘z ta’sir doirasidan chiqib ketayotganini hazm qila olmay, mamlakat sharqida yashovchi ruslarni qurollantirdi. Kamiga u yerga ko‘p sonli harbiylarini jo‘natdi. Oqibatda qurolli mojaro yuzaga keldi.

Hodisalar davomida Qrim Rossiyaga qo‘shib olindi. Ukraina va G‘arb olami buni bosqin deb hisobladi. Ukraina sharqidagi Donetsk va Lugansk oblastlarining bir qismi Rossiya ta’sir doirasiga o‘tib, Donetsk xalq respublikasi va Lugansk xalq respublikasi nomlari bilan o‘zini mustaqil deb e’lon qildi. Ikki o‘rtadagi keskin munosabatlar 2022 yilning 24 fevraliga kelib keng ko‘lamli urushga aylanib ketdi. Vladimir Putin tomonidan «maxsus harbiy operatsiya» deya iddao qilinadigan harbiy harakatlar ayni paytda ham davom etyapti. 

Mavzuga oid