Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQShning yangi rejasi: Ho‘rmuz blokadasi amalga oshadimi?
Pokistondagi muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlangach, Donald Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozini blokada qilish qarorini e’lon qildi. Rejaga ko‘ra, nazorat hududlari bo‘g‘ozga kirish yo‘laklari hamda Eronning asosiy portlariga yo‘nalgan dengiz qatnovini qamrab oladi. Undan tashqari, Qizil dengiz yo‘nalishidagi Bab al-Mandeb bo‘g‘ozi ham xavfli nuqta sifatida tilga olinmoqda.
Professor Farhod Karimov Kun.uz’ning “Geosiyosat” dasturida ehtimoliy blokada harakatlarini xaritalar uzra sharhlab berdi.
Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozini blokada qilish niyatida, ushbu blokada qanday tartibda amalga oshiriladi va cheklovlar qaysi koordinatalarni qamrab oladi?
Farhod Karimov: Ho‘rmuzda nazarda tutilayotgan cheklov koordinatalari asosan ko‘rfazning janubiy-sharqiy hududlariga to‘g‘ri keladi. Avvalo, Ho‘rmuz bo‘g‘ozining janubiy qismi, Birlashgan Arab Amirliklarining ayrim hududlari hamda Ummonning shimoliy qirg‘oq mintaqalarini o‘z ichiga oladi.
Unga ko‘ra, Fors ko‘rfazining janubiy-sharqiy qismi to‘liq nazorat ostiga olinishi rejalashtirilmoqda. Aynan shu hududlar kemalar kirib-chiqadigan yo‘laklar, ya’ni Ho‘rmuz bo‘g‘oziga kirishdan oldingi dengiz hududlari asosiy harbiy operatsiyalar va blokada amalga oshiriladigan zona sifatida qaralmoqda.
Shu bilan birga, bo‘g‘ozga kirish nuqtalari hamda Ummon qirg‘oqlari yaqinida minalardan tozalash va bloklash ishlari olib borilishi kutilmoqda.
Asosiy harbiy faoliyat esa Eron qirg‘oqlari, Ho‘rmuz oroli va bo‘g‘ozga tutash hududlarda jamlanishi taxmin qilinmoqda. Xususan, Qeshm va Larak orollari atrofida harbiy harakatlar ehtimoli yuqori deb baholanmoqda. Ayrim tahlillarga ko‘ra, Qatarda joylashgan markaziy qo‘mondonlik tomonidan ko‘rfaz ichkarisida ham qo‘shimcha operatsiyalar o‘tkazilishi mumkin. Bundan tashqari, masala faqat bo‘g‘oz bilan cheklanmaydi.
Eronning g‘arbiy hududlaridagi neft qazib olish infratuzilmalari, qirg‘oqbo‘yi portlari va eksport obektlarini ham nazoratga olish va bloklash ehtimoli mavjud. Ma’lumki, hozirgacha Ho‘rmuz bo‘g‘ozi Eron tomonidan cheklab turilgan edi. Endilikda esa AQSh muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlanganini vaj qilib, bo‘g‘ozni ikki tomonlama bloklashni rejalashtirayotgani aytilmoqda. Shu maqsadda Hind okeani yo‘nalishida, xususan Janubi-Sharqiy Osiyo va Yaponiya hududlaridan aviatashuvchi kemalar, qo‘shimcha harbiy kuchlar va taxminan 2700–3000 nafar dengiz piyodalari safarbar etilgan. Qo‘shimcha aviatsiya kuchlari ham jalb qilingan bo‘lib, bu harakatlar AQShning beshinchi flotidan tashqari kuchlarni ham o‘z ichiga oladi.
Natijada, Eronga yo‘l olgan har qanday kemani — u Xitoy, Hindiston yoki boshqa davlatlarga tegishli bo‘lishidan qat’i nazar to‘xtatish masalasi kun tartibiga chiqmoqda. Biroq bu cheklovlar faqat Eron portlariga, jumladan Bandar Abbos, Bushehr va boshqa ichki portlarga yo‘naltirilgan kemalarga nisbatan qo‘llanadi. Arab davlatlariga tegishli yoki ularga yo‘l olgan kemalar bu doiraga kiritilmaydi. Shuningdek, oldindan Ho‘rmuz orqali o‘tish uchun to‘lov qilgan yoki Eron bilan savdo kelishuviga ega bo‘lgan ayrim davlatlar kemalariga istisnolar berilishi mumkin. Masalan, Malayziya yoki boshqa hamkor davlatlar bunga kirishi ehtimoldan xoli emas.
Blokada nafaqat kirish, balki chiqish yo‘nalishlariga ham tatbiq etiladi. Xususan, Bandar Abbos bilan bir qatorda Bushehr porti, Xarg oroli yaqinidagi eksport terminallari hamda Imom Xamaney nomidagi yirik port va energetika-kimyoviy komplekslar asosiy nazorat nuqtalariga aylanishi mumkin. Mazkur obektlar orqali Xitoy va Hindistonga katta hajmda neft eksport qilinib kelinayotgani ma’lum.
Avval bu obektlar haqida ochiq ma’lumotlar kam edi. Biroq so‘nggi bayonotlardan keyin AQShlik tahlilchilar ham aynan ushbu portlar va infratuzilmalar blokada doirasiga tushishi mumkinligini ta’kidlashmoqda. Umuman olganda, rejalashtirilayotgan choralar Fors ko‘rfaziga kirish va chiqish yo‘llarini, asosiy strategik koordinatalarni hamda ko‘rfazning shimoliy-g‘arbiy hududlarini to‘liq nazorat ostiga olishni nazarda tutadi.
To‘liq suhbatni YouTubeʼdagi “Geosiyosat | Kun.uz” kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
23:17 / 15.04.2026
Pentagon Kubaga qarshi harbiy operatsiyaga tayyorgarlikni boshladi – OAV
21:59 / 15.04.2026
AQSh Ho‘rmuz bo‘g‘ozi qamalini davom ettirsa, Eron uchta dengizni yopish bilan tahdid qildi
20:51 / 15.04.2026
TIME jurnali 2026 yilning eng nufuzli 100 kishisini e’lon qildi
15:17 / 15.04.2026