AQSh prezidenti Donald Tramp seshanba kuni kechqurun yaqin ikki kun ichida Tehron bilan muzokaralarning ikkinchi bosqichi o‘tkazilishi mumkinligi haqida gapirdi. O‘tgan hafta oxirida Pokistonning Islomobod shahrida o‘tkazilgan birinchi bosqich muvaffaqiyatsiz yakunlangandi.
«Yaqin ikki kun ichida biror narsa sodir bo‘lishi mumkin va biz u yerga borishga ko‘proq moyilmiz», – degan Tramp New York Post nashriga telefon orqali bergan intervyusida.
Shu bilan birga, AQSh prezidenti avvaliga jurnalistga Eron bilan muloqot «juda sekin kechayotgani»ni aytgan, ammo bir yarim soat o‘tganidan keyin muxbirga qayta qo‘ng‘iroq qilgan va unga Pokistonda qolishni maslahat qilib, yaqin ikki kun ichida nimadir ro‘y berishi mumkinligini aytgan.
Avvalroq Pokistondagi yuqori martabali manba AFP agentligiga mamlakat hukumati Vashington va Tehron vakillarini yana bir bor uchrashtirish, shuningdek, amaldagi ikki haftalik sulhni uzaytirish ustida ish olib borayotganini aytgandi.
Pokiston moliya vaziri Muhammad Avrangzeb ham Associated Press agentligiga bergan intervyusida mamlakat rahbariyati AQSh va Eron o‘rtasidagi muloqotni rag‘batlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirayotganini ta’kidlab, shanba kuni Islomobodda o‘tkazilgan uchrashuv ikki mamlakat delegatsiyalari o‘rtasida deyarli 50 yil ichidagi dastlabki to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar bo‘lganini eslatgan.
«Biz muloqotni davom ettira olishimizni juda xohlardik. Biz sa’y-harakatlarimizni davom ettiramiz va rahbariyatimiz bu bilan shug‘ullanmoqda», – degan u Xalqaro valuta fondi va Jahon banki yig‘ilishlari doirasida.
CNN telekompaniyasi manbalariga ko‘ra, Tehron bilan maslahatlashuvlarning ikkinchi bosqichida ham birinchi bosqichda bo‘lgani kabi AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens, shuningdek Donald Trampning vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner ishtirok etishi kutilmoqda.
Tramp urushdan chiqishning diplomatik yo‘lini topishga topshiriq bergan va bu vazifa ijrosini ularga ishonishda davom etmoqda, deydi CNN manbalari.
Xabar qilishlaricha, ma’muriyat vakillari ehtimoliy uchrashuv detallarini muhokama qilmoqda, lekin seshanba kuni kechqurungi holatga ko‘ra, bunday uchrashuv bo‘lib o‘tishi aniq emasdi. Eron ham hozircha uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rilayotganini tasdiqlamagan.
«Bo‘lg‘usi muzokaralar muhokama bosqichida, ammo hozircha hech narsa rejalashtirilmagan», – degan CNN muxbiriga amerikalik mulozimlardan biri.











