O‘zbekiston | 18:37 / 30.12.2021
12339
13 daqiqa o‘qiladi

60 foiz haydovchilar «prava» olishda pul bergan: tizimni korrupsiyadan xalos qilish mumkinmi?

Foto: KUN.UZ

Buxoroda haydovchilik guvohnomasi olib beraman deya pul olib firibgarlik qilgan shaxs qo‘lga tushdi. Lekin firibgar deb atalayotgan bu shaxs ushlanmaganida rostdan ham «prava» olib bergan bo‘lardi.

Qolaversa, mana shunday mayda «ushlashlar» bilan sohani korrupsiyadan xalos qilib bo‘ladi, deb o‘ylaysizmi? Albatta yo‘q. Bu muammodan tizimli ravishda xalos bo‘lish kerak. Bugungi maqolada mavjud muammoni atroflicha o‘rganishga harakat qilamiz.

Haydovchilarning ko‘pchiligi «prava» uchun pora bergan

Hozir har o‘n kishidan bittasida mashina bor, mashinasi bo‘lmasa ham, kuni kelib asqatar deya, «prava»ga o‘qib, olib qo‘yganlar ham ko‘p. Ammo haydovchilik guvohnomasi egalarining barchasi ham avtomaktabda qoidalarni yodlab, haydashni o‘rganib, imtihonda savollarning barchasini to‘g‘ri yechib olganmi? Bu borada onlayn so‘rovnoma o‘tkazdik.

18 ming kishi ishtirok etgan so‘rovnomada so‘ralganlarning 25 foizi (4482 kishi ) hali haydovchilik guvohnomasiga ega emasligini aytgan. Haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan 13 676 kishi bo‘yicha quyidagicha holat:

  • Avtomaktabda darslarga to‘liq qatnab, imtihonlarni ham o‘z kuchi bilan topshirganlar 29 foizni tashkil etgan (3976 kishi).
  • Avtomaktabda darslarga chala qatnab, biroq imtihonni o‘z kuchi bilan topshirganlar 11 foizni tashkil etgan (1548 kishi).
  • Avtomaktabda darslarga to‘liq qatnagani bilan, imtihon topshirish bosqichida pul berganlar eng ko‘p — 33 foizni (4472 kishi) tashkil etgan.
  • Darslarga chala qatnab, o‘qimasdan, imtihonni topshirish uchun pul berganlar — 19 foiz (2607 kishi), umuman avtomaktabda o‘qimasdan «prava»ni sovg‘a sifatida olganlar esa 7 foiz (973 kishi)ni tashkil etmoqda.

Demak, 60 foiz holatda odamlar haydovchilik guvohnomasini to‘g‘rilikcha qo‘lga kiritmagan. Yo‘llarimizda madaniyatsiz haydovchilar, avariyalar va o‘limlar soni ko‘payayotganining eng asosiy sabablaridan biri shu emasmi?

Bu vaziyat haydovchilarni o‘qitish va ulardan imtihon olishning mavjud tizimi to‘g‘ri ishlayotganini so‘roq ostiga keltirib qo‘ymoqda.

Nopob haydovchilar ko‘payishida «GAI»ning o‘zi aybdormi?

Haydovchilik guvohnomasi DYHXB TRIB bo‘limida beriladi. Bu har qanaqasiga nobop haydovchilarning ko‘payishi va ularga haydovchilik guvohnomasi berilishida DYHXX bosh aybdor ekanligini ko‘rsatadi. Imtihonlarni olish, haydovchi-kursantlarni sinash ishlariga panja orasidan qaralayotgani hech kimga sir emas.

Oqibatda yo‘l harakati xavfsizligi qoidalari oyog‘osti qilinmoqda. Yo‘llardagi holatni qo‘rqinchli statistika ham isbotlab turibdi.

«Prava» berishdagi muammolarning ildizi haqida soha mutasaddilaridan javob oldik: ma’lum qilinishicha, sohada xodimlar soni yetishmaydi. Tumanlarda «GAI»lar soni keskin qisqartirilgan. Imtihon olish bo‘limlarida bir nafardan xodim ishlaydi.

«1995 yilda Past Darg‘om tumanida 1800 ta avtomashina bo‘lib 16 nafar DAN xodimi ishlagan. Keyinchalik shu tuman tarkibiga qo‘shilgan Go‘zalkent tumanida 800 ta avtomashina bor edi. DAN xodimi esa 9 nafar bo‘lgan. Hozir bu ikki tuman birlashgan, tumanda ro‘yxatga olingan mashinalar soni 50 mingdan oshgan. YPX xodimlari esa 3 nafar», — deydi Samarqand viloyat IIB YHXB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari A.Jo‘rayev.

Ayni kunlarda birgina Samarqand viloyatining o‘zida 110 dan ziyod avtomaktab bor. Ularda 3 tadan guruh bor. Har bir guruhda 25 nafardan o‘quvchi bo‘lsa, ulardagi kursantlarning imtihon topshirish jarayonini mavjud xodimlar bilan to‘liq nazorat ostiga olishning amalda imkoni yo‘q.

Shu bois, haydovchilik guvohnomasini qo‘lga kiritish uchun imtihon olish tizimini DYHXXdan xususiy qo‘llarga o‘tkazish taklifi o‘rtaga tashlanmoqda.

Prezidentning 2020 yil 7 dekabrdagi PQ-4913-son qarorida ham haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish va baholash inson omilisiz, to‘liq avtomatlashtirilgan holda amalga oshirish tartibi joriy etilishi nazarda tutilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 31 maydagi 408-sonli qarori bilan respublikada xususiy avtomaktablar tashkil etilishiga yo‘l ochildi.

Xo‘sh, hukumat qaroridan so‘ng o‘zgarishlar ijobiy bo‘ldimi? Afsuski yo‘q! Aksariyat yangi ochilgan avtomaktablarda hattoki o‘zining o‘quv mashinasi ham yo‘q. 400 ming so‘m evaziga kursantlar o‘qishga qabul qilinadi. Ular hattoki o‘qitilmaydi ham. O‘quvchilardan pul yig‘ilib, ularga «prava» olib berishga harakat qilinadi.

Xususiy avtomaktablarga litsenziyani Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi beradi, shu tashkilotning o‘zi u yerdagi ta’lim sifatini o‘rganib, tahlil qilib borishi kerak. Hozircha bu borada ishlar qandayligini hech kim bilmaydi.

«Avtomaktablar pul qilish bilan ovora bo‘lib, har oyda minglab potensial qotillar chiqarishmoqda», deganida haq edi Komil Allamjonov.

Kuni-kecha o‘tkazilgan matbuot anjumanida Samarqand viloyat IIB YHXB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ahmad Jo‘rayevga shu borada savol berganimizda, u chindanam ayrim xususiy avtomaktablarda ishlar o‘lda-jo‘lda ekanligini tan olib, ularning 5 tasiga taqdimnoma kiritilgani, 3 tasining litsenziyasi bekor qilinganini aytdi.

Toshkentda bir paytlar «Avtotest» avtomaktablari juda mashhur bo‘lgan edi. Ishga yangicha yondashuv, innovatsion vositalar yordamida haydovchilarni o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan edi. Ularning ijobiy tajribasini ommalashtirish o‘rniga, ijtimoiy tarmoqlarda monopoliyada ayblanavergach, faoliyat yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘ldi.

Ulardan qolgani — hanuz ko‘plab avtomaktablar «Avtotest» o‘quv qo‘llanmalaridan foydalanib kelishmoqda.

Umuman, avtomaktablarda o‘quvchilarga mashina haydashnigina emas, mashina boshqarishning eng oddiy qoidalarini, haydovchilik madaniyatini ham o‘rgatish kerak. Davomat va ichki imtihon qat’iy nazorat ostiga olinishi kerak.

Masalan, mashinani ertalab haydab chiqishdan avval yengil ko‘rikdan o‘tkazishni olaylik: shinalardagi dam miqdori, moyning sathi, motorda begona shovqin bormi yo‘qmi kabi jihatlar. Odamlar o‘zi uchun, o‘zi va o‘zgalar xavfsizligi uchun ertalabki tekshirishni odat qilishi kerak.

Bularning barchasini bartaraf etish uchun odamlarning dunyoqarashini o‘zgartirish kerak. Texnik ko‘rik maskanida o‘tirgan odam ham, IIB YHXBdagi odamlar ham ko‘proq mashinani sidqidildan ko‘rikdan o‘tkazay, ko‘proq kursantlardan imtihon olay, demaydi. «Shu bugun ko‘proq pul ishlay», degan yondashuv bilan ishga kirishadi. Chunki oladigan maoshiga kun ko‘rib bo‘lmaydi. Bu eng birinchi va bosh sabab.

Avtomaktablar va kursantlarning mas’uliyatini qanday oshirish mumkin?

Yo‘l harakati qoidalarini buzgan, avariyaga yo‘l qo‘ygan shofyorlar qaysi avtomaktabda o‘qitilganiga qarab, o‘sha avtomaktab reytingiga minus tushirish kerak, ana shunda avtomaktab o‘qituvchilarida ham mas’uliyat bo‘ladi, degan taklifni o‘rtaga tashlash ham mumkin. Bu amalga oshirish ancha qiyin bo‘lgan qat’iy chora.

O‘rganuvchining o‘zida iqtidor va mas’uliyat bo‘lmasa — voyaga yetgan kap-katta insonga urib-so‘kib bir narsani o‘rgatib bo‘lmaydi-ku?

Shuning uchun haydovchilik guvohnomasini qo‘lga kiritishni murakkablashtirish kerak. Ichki imtihonlarni ham qat’iylashtirish kerak.

Eng muhimi, jarima ballari tizimi joriy qilinsa, qoidabuzar haydovchilarning haydovchilik guvohnomasini bekor qilish va uni olish uchun qayta imtihon topshirish tizimini ham tezroq ishga tushirish kerak.

«Ishim kech tugagani uchun avtomaktabdagi darslarda to‘liq qatnasha olmaganman. Lekin avtomaktabga rahmat, ichki imtihonni qattiq olgan, ichki imtihondan 2 marta «yiqilib», uchinchisida o‘tganman. Shunga «GAI»dagi imtihonda qiynalmasdan, 100 foiz javob berganman.

Hamma gap avtomaktabda ekan. Agar ichki imtihonni qattiq olsa, bo‘lajak haydovchilar yo‘llarda mashinani odamga o‘xshab haydardi, bugungiday tartibsizlik bo‘lmasdi, menimcha», — deb yozadi muxlislardan biri.

Eng avvalo avtomaktablarda o‘qish narxlarini oshirish kerak. Hozir B toifa uchun avtomaktablarda 400-800 ming so‘m atrofida to‘lov qilinmoqda. Lekin bu hech qanday mas’uliyat olib kelmaydigan summa. Beriladigan ta’lim sifati va o‘quvchiga qaratiladigan e’tibor ham u to‘laydigan pulga yarasha bo‘ladi. 

Avtomaktablarda o‘qish bugungi kunda 2,5 million so‘mdan kam bo‘lmasligi kerak.

Ha, qimmat bo‘lishi kerak. «E, «prava»ga o‘qib qo‘yay, biror kun asqatadi», deganlar emas, haydovchilik guvohnomasi o‘ziga o‘ta zarur kishilar o‘qisin. Shunga tayyorlanib, o‘qib, pul yig‘sin. O‘sha o‘qish uchun to‘lanadigan pullardan avtomaktabning o‘qituvchilari-yu yo‘riqchilari, imtihon oluvchilarga ham adolatli katta maosh ham tayinlansin.

«Haydovchilik guvohnomasini o‘qib olganman. 10 testni 1 daqiqaga qolmasdan, ishlab chiqib ketganman. Lekin mashina haydashni haligacha o‘rgana olmadim», — deb yozadi o‘quvchilardan biri.

Ha, «prava»si, hattoki mashinasi bo‘laturib uni boshqarishni bilmaydigan tanishlarimiz hammamizda bo‘lsa kerak. Ana shuning uchun test sinovlaridan tashqari, avtomobilni boshqarish imtihonlari avtodromda kameralarning qat’iy nazorati ostida olinishi kerak.

Masalan, chet el davlatlarining barchasida ham bizdagidek avtomaktablar yo‘q. Odamlar xususiy maktab yoki repetitorlarda mashina haydashni, yo‘l qoidalarini o‘rganishadi. Biroq, imtihon topshirish jarayoni o‘ta mas’uliyatli va murakkab.

Hozir avtomaktablarning darslarga qatnamagan o‘quvchini o‘qishdan haydashga haqqi bor. Ammo Toshkent shahrida kursantlardan biri avtomaktabni sudga bergan. Uning darsga kelishga vaqti yo‘qligi, lekin avtomobil qismlari, uni boshqarishni va barcha qoidalarni bilishi, imtihon komissiyasi tuzilsa bemalol imtihondan o‘ta olishini aytgan. Sud qarori bilan o‘qishga tiklanib, komissiya tuzilganda rostdan ham imtihonni topshirgan.

Bunaqasi ham uchrab turadi. Biroq bu voqeani barchaga birdek qo‘llab bo‘lmaydi. Ana shunday o‘rganuvchilar o‘z bilimiga ishonsa, albatta sud orqali o‘z huquqini tiklashi kerak. Avtomaktabda uzrsiz dars qoldirgan kishi — haydalishi shart.

Albatta, yaxshi haydovchi bo‘lish uchun yillab tajriba to‘plash kerakligini ham unutmasligimiz kerak. Qoidalarni qat’iylashtirish, narxlarni qimmat qilish — hech kimga yoqmasa kerak. Biroq nimadir qilish kerak. O‘qimasdan «prava» olgan, madaniyatsiz, qoidabuzar haydovchilar kimningdir emas, siz-u bizning, farzandlarimizning joniga va umriga tahdid solishadi.

Kelgusida haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish va baholash prezident qarorida aytilganidek xususiy sektorda inson omilisiz, to‘liq avtomatlashtirilgan holda amalga oshirila boshlansa yillar davomida “urf”ga aylanib ketgan illatlarga to‘la barham berilishiga umid qilish mumkin.

Yana bir muhim masala, xususiy tashkilotga imtihon o‘tkazish huquqi (litsenziya)ni berish oson bo‘lmasligi kerak. Lisenziya oluvchiga chetlab o‘tish imkonsiz bo‘lgan shunday talablar o‘rnatilishi lozimki, korrupsiyaga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmasin. Ana shundagina g‘ildiraklar ostida barham topayotgan taqdirlar oz bo‘lsa-da kamayishiga erishilsa ajab emas.

Mavzuga oid