O‘zbekiston | 16:57 / 22.07.2022
10274
3 daqiqa o‘qiladi

Budjet defitsiti YaIMga nisbatan kamida 4 foiz bo‘ladi - Jamshid Qo‘chqorov

2022 yildagi budjet taqchilligi darajasi oshirilishi mumkin. “Biz 3 foiz taqchillikka sig‘mayapmiz. Defitsit kamida yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4 foiz bo‘ladi”, dedi bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov parlamentdagi chiqishida. Defitsit chegarasining 4 foizgacha oshirilishi qo‘shimcha 8–8,5 trln so‘m davlat xarajatlariga teng bo‘lishi mumkin.

Foto: Qonunchilik palatasi matbuot xizmati

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida so‘zga chiqqan bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorovning ma’lum qilishicha, hukumat budjet taqchilligi bo‘yicha belgilangan 3 foizlik limitdan oshishini prognoz qilyapti.

Dunyo moliya bozorida qarz olish qimmatlashdi. Ya’ni O‘zbekiston qarz oluvchi yoki investitsiya jalb qiluvchi mamlakat hisoblanadi. Shu sababli ham qarz bozorlaridagi holat biz uchun juda muhim. Masalan, 2019 yilda birinchi marta yevrobondlarni chiqarganimizda foiz stavkalari 5 foizga yetmasdi. Agar hozir suveren bond chiqaradigan bo‘lsak, bu 7 foizdan kam bo‘lmaydi.

“Xalqaro maydondagi vaziyat bizga ham o‘zining ta’sirini o‘tkazmasdan qolmayapti. Ikki davlat o‘rtasidagi ziddiyat lokal darajadan global darajaga ko‘tarildi. Energiya resurslari va oziq-ovqat mahsulotlarining narxi oshdi. Umuman olganda, hozirgi holat budjet parametrlariga ham o‘zgartirish kiritishni taqozo etyapti.

Keyingi haftaning boshida joriy yildagi “korrektirovka”lar bo‘yicha oxirgi xulosaga kelamiz. Budjet taqchilligi darajasini oshirish bo‘yicha Oliy Majlisga iltimos bilan chiqamiz. Biz 3 foiz taqchillikka sig‘mayapmiz. Defitsit kamida yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4 foiz bo‘ladi”, dedi Qo‘chqorov.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning e’tibor qaratishicha, budjet defitsiti chegarasining 4 foizgacha oshirilishi qo‘shimcha 8-8,5 trln so‘mni tashkil etadi.

“E’tibor bering, budjet defitsitining oshishi YaIM mo‘ljallanganidan kamaygani yoki budjet daromadlari ta’minlanmayotgani uchun emas, xarajatlar oshayotgani uchun ro‘y bermoqda.

Bu qanday xarajatlar bo‘ladi, ular endi amalga oshiriladimi yoki orqa sana bilan allaqachon amalga oshirib bo‘linganmi?

Agar bu xarajatlar haddan ziyod muhim va ustuvor bo‘lsa, nega qonunda belgilangani kabi boshqa xarajatlarni qisqartirish evaziga qilish mumkinmas?

Hukumat o‘zini o‘zi xarajatlardan cheklay olishi lozim, agar buning iloji bo‘lmasa, normal parlament tasdiqlangan budjet bo‘yicha yangi xarajatlar va defitsitning oshirilishiga yo‘q deya olishi zarur. Hukumatga yo‘q deya olishi kerak, normal parlament”, deya yozdi Bakirov.

Mavzuga oid