Jamiyat | 15:56 / 08.10.2024
7416
8 daqiqa o‘qiladi

Tug‘uruqxonalardagi o‘limni qanday kamaytirish mumkin? – Saudiyada ishlayotgan o‘zbek shifokori bilan suhbat

Oygul Abdusalom Saudiya Arabistoni Qirollik shifoxonasida ishlaydi. Sog‘lom ayol yoki chaqaloqlarning o‘limiga ko‘pincha qabulxonadagi kamchiliklar, transportirovkaning to‘g‘ri tashkil qilinmagani va qon yetishmasligi sabab bo‘ladi, deydi shifokor Kun.uz bilan suhbatda.

O‘zbekistonda minglab ishiga usta, qo‘li yengil shifokor, hamshiralar bor. Ularning yordami bilan kuniga minglab ayollar chaqalog‘ini sog‘lom holda qo‘liga oladi. Biroq 2024 yilda ham bir necha bor tug‘uruqxonalarda o‘lim holatlari kuzatildi. O‘limlar sababi nimada, ularni qanday to‘xtatish mumkin? Kun.uz muxbiri shu va boshqa mavzularda Saudiya Arabistoni Qirollik shifoxonasida ishlayotgan Oydin Abdusalomova bilan suhbatlashdi.

Saudiya Arabistonida ham oldin ayollar o‘limi ko‘p bo‘lgani aytiladi. Ular vaziyatni qanday iziga solgan, tug‘uruqxonalarda qanday tizim ishlaydi?

– Bu yerda ish Yevropa va Amerika yo‘riqnomalari asosida tashkil etilgan. Nafaqat ish, balki tashkiliy masalalar ham tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Ishning sifati ham tashkillashtirishga bog‘liq. Homilador ayol shifoxonaga kelishi bilan uning ma’lumotlari kompyuterga kiritiladi, qog‘ozda qolib ketmaydi. Ish qabulxonadan boshlab yaxshi tashkillashtiriladi. Shuningdek, qon tahlili, rentgen, UZI singari tekshiruvlarning natijalarini topish oson. Agar bemorning natijalari yomon chiqsa, u bilan tezda aloqaga chiqiladi. Buning uchun bemorning o‘zgarmagan telefon raqami olinadi va boshqa davlatga ketib qolsa ham ma’lumotlar zudlik bilan yetkaziladi. Barcha tug‘uruqxonalarda istalgan payt jarroh va boshqa mutaxassislar topiladi.

Yana bir tomoni: dori vositalariga allergiyasi bo‘lsa, bemorning bilagiga qizil bog‘ich, yana boshqa kasali bo‘lsa, boshqa rangdagi bog‘ichlar bog‘lanadi va bu orqali hamshira, vrachlar uning qanday holatda ekanini biladi. Hushini yo‘qotgan bo‘lsa, gapirolmasa, bog‘ichlarga qarab muolaja qilinadi.

Andijonda ishlagan paytingizda vaziyat qanday edi? Buni alohida so‘rayotganimning sababi tahririyatga aynan Andijonda ayollar o‘limi bilan bog‘liq murojaatlar nisbatan ko‘p keladi?

– Ha, men yaqinda Andijonda tug‘uruqxonada ayol o‘lganini o‘qidim. Unda shifokorni ayblash qiyin, ishda kamchilik bo‘lgan. Oxir-oqibat bu kamchiliklardan bemor aziyat chekkan. Tug‘uruqxonada etarli mutaxassislar bo‘lmagan. Jarroh ko‘richakni tekshirib berganda edi, bu kabi holat ro‘y bermasdi, menimcha. Bilishimcha, u yerda transportirovka ham xato bo‘lgan. Hech bir shifoxona bemorni qabul qilmagan. Saudiyada bunday emas, bir shifoxonadan boshqa shifoxonaga bemor yuborilsa, uning kasallik tarixi va boshqa ma’lumotlari ham birga yuboriladi va narigi shifoxonadagi navbatchida shifokorlar ro‘yxati bo‘ladi. Bemorning kasalligiga qarab tegishli vrachning telefon raqami oldindan bemorga yuboriladi. Shuningdek, bo‘sh joylar soni ham aniqlashtirilib, bemor o‘sha shifoxonaga yuboriladi. Agar ish to‘g‘ri tashkillashtirilsa, kasal sarson bo‘lmaydi. Vrachlar ham bemorlarni oson qabul qiladi.

Men Andijondagi perinatal markazda ishlaganman va o‘sha vaqtda kamchiliklar ko‘p edi. Hozir davlatimiz tomonidan turli sharoitlar yaratib berilgan, tug‘uruqxonalarning ahvoli ham ancha yaxshilangan. Ammo hozirgacha tug‘uruqxonalarda UZI apparati faqat kunduzi ishlaydi. Bu ginekologga kerakli asbob hisoblanadi. Kardiokotogramma har bir tug‘uruqxonada har bir ayol uchun bo‘lishi kerak. Ammo bu kabi anjomlar bilan tuman tug‘uruqxonalar jihozlanmagan. Avval homilaning holatini trubka bilan eshitib aniqlashar edi. Bu qanchalar noaniqlikni keltirib chiqaradi axir. Men shu trubka bilan qanday ishlaganimizni tasavvur qilolmayman.

Bizga keladigan murojaatlarning ko‘pida bola ham, ona ham sog‘lom edi, deyishadi marhumning yaqinlari. To‘g‘ri, har bir vaziyat alohida tekshiruv, yondashuvni talab qiladi. Lekin umuman olganda sog‘lig‘ida muammosi bo‘lmagan ayolning vafot etishiga nimalar sabab bo‘lishi mumkin?

– Har bir tug‘uruqxonada qon banki bo‘lishi kerak. Afsuski, Andijondagi tumanlarda qon banki yo‘q edi. Bu esa homila va onaning ahvoli qattiq xavf ostida qolishiga sabab bo‘ladigan holatlarda pand berib qo‘yishi mumkin. Yana bir ishdagi kamchilik – vrach ginekolog qon quyishi mumkin emas. Bu ishni faqat vrach-laborant bajarishi kerak. Biz ishlagan vaqtimizda juda ko‘p asboblarni aralashtirib ishlatganmiz. Yoki birining o‘rniga ikkinchi turdagi uskunani ishlatishimiz kerak bo‘lgan. Ba’zida qonni yetkazish uchun avtomobil bo‘lmas edi. Yoki elektr o‘chib qolardi. Yoki qon quyish jarayonidagi ish yaxshi tashkillashtirilmas edi. Shunaqa vaziyatlar bo‘lar ediki, qon analizidagi holatni tekshirib ko‘rish uchun oddiy jihozlar yetmaganidan har bir tahlil holatini alohida gugurt cho‘pi bilan aniqlash uchun cho‘ntagimda gugurt qutisini olib yurar edim. Tajribamda sog‘lom homilador ayol qon quyish yordami vaqtida bajarilmagani uchun vafot etgan holatlarga ham duch kelganman. Yana boshqa holatda manfiy qon guruhli bemorga musbat qon quyilib, u ham vafot etgan. Bemor ayollarni kerakli jihoz yetmasligi yoki vrach yo‘qligi sababli sarson qilish holatlari ko‘p bo‘lgan. Shu orqali bola ham, ona ham vafot etgan holatlar bo‘lgan.

Xullas kamchiliklar ko‘p edi. Men Andijondagi hamkasblarim bilan suhbatlashib qolganimda, ular tumanda hali ham yuqoridagi ayrim kamchiliklar davom etayotganini aytishadi.

Saudiyada ayollar va bolalar o‘limi qanchalik tez sodir bo‘ladi? Vafot etish holati bo‘lganda shifokor va bemor sug‘urtasi qanday ishlaydi?

– Saudiyada ham bolalar va ayollar o‘limi bo‘lib turadi. Lekin ko‘p emas. U yerda ham sog‘lom ayollar vafot etishi holatlari bo‘lgan, biroq qon yetishmasligi yoki ish to‘g‘ri tashkil qilinmagani uchun emas. Agar shunday holat bo‘lib qolsa ham, Saudiyada bemor va shifokor sug‘urtasi juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Sug‘urta kompaniyasidagi vrach mutaxassis kelib vaziyatni o‘rganadi va ushbu vaziyatga xolisona baho beradi. Agar vrach xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, bemorga ma’lum summa undirib beriladi. Bemorning hamma qaydlari, qanday davolangani va boshqa mayda tahlillarigacha yig‘ib borilgani uchun ham ishni yopti-yopti qilishning iloji yo‘q.

Zuhra Abduhalimova, jurnalist

Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov. 

Mavzuga oid