Jamiyat | 17:30 / 03.11.2020
13615
4 daqiqa o‘qiladi

MIB noqonuniy undirilgan jarimani keksa pensionerga qachon qaytaradi?

Qarzdor ham, undiruvchi ham MIB Dehqonobod bo‘limining o‘zi. Manfaatlar qarama-qarshiligi ortidan nafaqadagi keksa fuqaro 5 oydan buyon sarson.

Surxon vohasidan qayta turib, Dehqonobod tumanidan o‘tar ekanmiz tahririyatga ko‘pdan buyon bir kichik muammoda murojaat yo‘llab kelayotgan fuqaro bilan uchrashishga qaror qildik. Muammo shundaki, Majburiy ijro byurosi Dehqonobod tuman bo‘limi fuqaroni tabiiy gazdan foydalanish bilan bog‘liq masalada noqonuniy jarimaga tortgan.

Jarima noqonuniy qo‘llanilgani sudda isbotlanganiga qaramay, nafaqadagi Beknazar Jo‘rayevdan undirilgan 1 mln 115 ming so‘m mablag‘ni qaytarish 5 oydan buyon paysalga solib kelinmoqda.

«Shu yilning 18 fevralida MIB xodimlari kelib, dalolatnoma tuzib ketishgan. Dalolatnomaga ham bor narsani emas, o‘zlari istagan narsani yozishgan. «Gaz tarmog‘iga noto‘g‘ri ulanib olgan, gaz hisoblagich ishlamaydi» kabi ko‘plab noto‘g‘ri faktlar bilan akt tuzilgan. Shu akt asosida mendan jarimani ushlab qolish bo‘yicha qaror chiqargan va uni ijtimoiy ta'minot bo‘limi (budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasining tuman bo‘limi – tahr.)ga taqdim qilishgan. 1 mln 115 ming so‘m noqonuniy jarima aprel va may oylaridagi pensiyamdan ushlab qolindi», – deydi Beknazar Jo‘rayev.

Bizga taqdim etilgan hujjatlarni o‘rgandik.

Dastavval tuman MIBning 21 fevral kungi qaroriga va jarima solinishiga sabab bo‘lgan dalolatnoma xususida. Unda na guvohlar, na iste'molchi imzosini topa olasiz. Qolaversa, dalolatnoma Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi 22-son qarori bilan tasdiqlangan qoidalarga zid tuzilgani Dehqonobod tuman ma'muriy sudining 13 iyuldagi qarorida ham e'tirof etilgan.

Qoidaga muvofiq, dalolatnoma tuzishda iste'molchi va guvohlardan tashqari, gaz ta'minoti tashkiloti vakillari ham ishtirok etishi shart.

Bundan tashqari, ayni dalolatnomada Jo‘rayev xonadoniga o‘rnatilgan gaz hisoblagichning ko‘rsatkichi qachon to‘xtab qolgani va yaroqsiz holatga kelgani, bunga nima sabab bo‘lganiga oydinlik kiritilmagan, deyiladi sud qarorida.

Albatta, huquqi poymol bo‘lgan iste'molchi B.Jo‘rayev Majburiy ijro byurosi Qashqadaryo viloyat boshqarmasiga shikoyat qilgan. Viloyat MIB 2020 yil 25 mart kungi qarori bilan tuman MIBning jarima solish to‘g‘risidagi qarorini bekor qilganiga qaramay, tuman MIB 2020 yil 8 aprelda jarima solish to‘g‘risida yangi qarorini chiqargan va jarimani iste'molchining plastik kartochkasidan undirgan.

Fuqaroni qiynayotgan masala shundaki, garchi viloyat MIB boshqarmasi, tuman ma'muriy sudi tuman MIB qarorini noqonuniy deb topganiga qaramay, undirilgan jarimani qaytarish paysalga solinmoqda.

Arizalarga ham berilayotgan javoblarda turli mazmunlar aks etmoqda. Goh tuman g‘aznachilik bo‘limiga pul tushsa, jarima qaytarilishini aytishsa, gohida MIB xodimi o‘zi kelmasdan nimalarnidir tushuntirgani, ba'zida jarimaning 223 ming so‘mi pochta orqali yuborilgani yozilmoqda.

Fuqaroni norozi qilayotgani – noqonuniy jarima 2 marta plastik kartadan yechib olingan, ammo qaytarishga kelganda paysalga solinayotgani.

Umuman, Jo‘rayevning aytishicha, u prezident portaliga yo‘llagan shikoyatlari-yu, tuman va viloyat MIBga yo‘llagan arizalarining e'tiborsiz qolayotganidan tashvishda. Nahotki, huquqiy davlatda oddiy nafaqaxo‘r fuqaroning haq-huquqi shu darajada poymol qilinsa, deydi otaxon.

«Arzimagan 1 milliondan sal oshiqroq summa shuncha vahima ko‘tarishga arziydimi?» deydiganlar uchun eslatib o‘tamiz: biz Konstitutsiya va qonunlar amal qiladigan (amal qilishi kerak bo‘lgan) davlatda yashaymiz. Qolaversa, bu pulning Dexqonobod tumani sharoitida qadri ancha baland.

Tolib Rahmatov, Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid