Surxon vohasidan qayta turib, Dehqonobod tumanidan o‘tar ekanmiz tahririyatga ko‘pdan buyon bir kichik muammoda murojaat yo‘llab kelayotgan fuqaro bilan uchrashishga qaror qildik. Muammo shundaki, Majburiy ijro byurosi Dehqonobod tuman bo‘limi fuqaroni tabiiy gazdan foydalanish bilan bog‘liq masalada noqonuniy jarimaga tortgan.

Jarima noqonuniy qo‘llanilgani sudda isbotlanganiga qaramay, nafaqadagi Beknazar Jo‘rayevdan undirilgan 1 mln 115 ming so‘m mablag‘ni qaytarish 5 oydan buyon paysalga solib kelinmoqda.

«Shu yilning 18 fevralida MIB xodimlari kelib, dalolatnoma tuzib ketishgan. Dalolatnomaga ham bor narsani emas, o‘zlari istagan narsani yozishgan. «Gaz tarmog‘iga noto‘g‘ri ulanib olgan, gaz hisoblagich ishlamaydi» kabi ko‘plab noto‘g‘ri faktlar bilan akt tuzilgan. Shu akt asosida mendan jarimani ushlab qolish bo‘yicha qaror chiqargan va uni ijtimoiy ta'minot bo‘limi (budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasining tuman bo‘limi – tahr.)ga taqdim qilishgan. 1 mln 115 ming so‘m noqonuniy jarima aprel va may oylaridagi pensiyamdan ushlab qolindi», – deydi Beknazar Jo‘rayev.

Bizga taqdim etilgan hujjatlarni o‘rgandik.

Dastavval tuman MIBning 21 fevral kungi qaroriga va jarima solinishiga sabab bo‘lgan dalolatnoma xususida. Unda na guvohlar, na iste'molchi imzosini topa olasiz. Qolaversa, dalolatnoma Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi 22-son qarori bilan tasdiqlangan qoidalarga zid tuzilgani Dehqonobod tuman ma'muriy sudining 13 iyuldagi qarorida ham e'tirof etilgan.

Qoidaga muvofiq, dalolatnoma tuzishda iste'molchi va guvohlardan tashqari, gaz ta'minoti tashkiloti vakillari ham ishtirok etishi shart.

Bundan tashqari, ayni dalolatnomada Jo‘rayev xonadoniga o‘rnatilgan gaz hisoblagichning ko‘rsatkichi qachon to‘xtab qolgani va yaroqsiz holatga kelgani, bunga nima sabab bo‘lganiga oydinlik kiritilmagan, deyiladi sud qarorida.