Jamiyat | 20:12 / 25.12.2020
24959
3 daqiqa o‘qiladi

Tanqiddan so‘ng: «Toshkent siti» qurilishi sabab buzilgan restoran uchun 14,9 mlrd so‘m kompensatsiya to‘lab berildi

«Toshkent siti» qurilishi munosabati bilan buzilgan «Marmaris» restorani egalariga 14,9 mlrd so‘m kompensatsiya qariyb 3 yildan so‘ng qoplab berildi.

Toshkent shahar hokimligi «Mehnat Agrofirmasi» MChJ hisobiga 14,9 mlrd so‘m qarzdorlikni to‘liq to‘lab berdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Mehnat Agrofirmasi» MChJ yuristi Sanjar Muhammadjonovning ta'kidlashicha kompensatsiya to‘lovi joriy yil 24 dekabr kuni Moliya vazirligi G‘aznachiligi tomonidan firmaning bankdagi hisobraqamiga o‘tkazib berilgan. 

Kun.uz’da mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, hokimlik MIB Chilonzor tumani bo‘limi tomonidan kiritilgan ijro varaqalariga asosan 17 ta tadbirkorlik sub'yektiga jami 79,9 mlrd so‘m kompensatsiya mablag‘larini to‘lab bergan.

Eslatib o‘tamiz, 21 noyabr kuni Kun.uz caytida bu haqda tanqidiy maqola e'lon qilingan edi.

«Mehnat Agrofirmasi» MChJga tegishli bo‘lgan «Marmaris» restorani «Toshkent siti» qurilishi munosabati bilan 2017 yilda hech qanday to‘lov bermasdan buzib tashlangan edi. Inshoot «Veritas» MChJ baholovchi tashkiloti tomonidan 14 mlrd 856 mln so‘mga, yetkazilgan zarar miqdori esa 2 mlrd 377 mln so‘mga baholanadi.

Restoran mulkdori yetkazilgan zararning qoplanishini so‘rab yozgan barcha murojaatlari e'tiborsiz qoldirilgach, «Mehnat Agrofirmasi» MChJ Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga da'vo arizasi kiritadi. 2020 yil 8 iyul kuni sud javobgar Toshkent shahar hokimiyati hisobidan «Mehnat Agrofirmasi» MChJ foydasiga 14 mlrd 856 mln so‘m kompensatsiya to‘lovi undirish haqida hal qiluv qarori chiqaradi.

MIB poytaxt hokimligidan 150 dan oshiq haqdorlar borligi, Toshkent shahar hokimligining 917 ta ko‘chmas mulkiga, transport vositalariga band solib qo‘yilganini aytib 3 oygacha mulk undirolmay yurgan.

19 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev turli davrlarda Toshkent shahrida davlat tashkilotlari va hokimiyat ehtiyojlari uchun buzib tashlangan xususiy mulklar egalariga qarzdorlik 2021 yil oxirigacha qaytarilishini ma'lum qilgan edi.

«Albatta, hech qo‘rqmasdan aytishim mumkinki, bu yil Toshkent shahar hokimligi 2005 yildan boshlab buzilib ketgan mulklarning pulini to‘ladi. Aytmoqchimanki, bizning hisoblarimiz bor, kelasi yilning oxirigacha joyi buzilgan birorta ham odam to‘lovsiz qolmaydi. 2021 yilda 2005 yildan bugungacha buzilgan hamma binolar adolatli bo‘lsa, narx tafovuti to‘g‘ri bo‘lsa yoki sud qarori bo‘lsa, puli to‘lanmasdan qolmaydi. Pulini beramiz yoki yer ko‘rinishida beramiz. Yerini berolmasak, boshqa mulk ko‘rinishida beramiz”, — degan edi Toshkent shahar hokimi.

Mavzuga oid