2020 yildan to‘rtta viloyatda paxtaning 50 foizini mashinada terish rejalashtirilmoqda - Nodir Otajonov
2020 yildan Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Qashqadaryo viloyatlarida paxtani mashinada terish hajmini 50 foizga, kelgusi yillarda esa 80 foizga ko‘tarish rejalashtirilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri maslahatchisi - «O‘zagrotexsanoatxolding» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Nodir Otajonov ma'lum qildi.
«Bu yilgi paxta terimini mexanizatsiyalashga, paxta terish mashinalaridan foydalanishga faol kirishdik. Paxtani qo‘lda tergandan ko‘ra mashinada terish ancha afzal. Qo‘lda terilgan bir kilo paxta uchun 800-1000 so‘m mablag‘ to‘langan bo‘lsa, mashinada terilgan paxtaning 1 kilosi 600 so‘mdan tushdi.
Bundan tashqari, qo‘l terimida paxtani tashish bilan bog‘liq va boshqa xarajatlarni hisobga olganda mexanizatsiyalashtirishning afzalligini barcha fermerlar amalda ko‘rishdi», deya Nodir Otajonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Bosh vazir maslahatchisi ayni paytda necha foiz paxta mashinada terilayotgani, qachon paxtani to‘liq mashinada terishga o‘tilishiga oydinlik kiritdi.
«Hozirgi kunda Sirdaryo misolida aytadigan bo‘lsak, qariyb 20 foiz paxta mashinada terilmoqda. Respublika miqyosida hali hamma mexanizatsiyalash to‘liq yo‘lga qo‘yilgani yo‘q. Bu yil Namangan, Andijon, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo, Samarqand va Toshkent viloyatlarida paxta terishda mashinalardan faol foydalanildi. Bu tizim takomillashib boradi. Mana 2020 yildan Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida paxtani mashinada terish hajmini 50 foizga, kelgusi yillarda esa 80 foizga ko‘tarish bo‘yicha aniq vazifalar yuklatilgan. Bu bo‘yicha hozir tizimli ish olib borilyapti», degan Nodir Otajonov Kun.uz muxbirining shu haqdagi savoliga javoban.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Paxta maydoni agrofonini shakllantirish va klaster asosida paxta xomashyosini mashina orqali bir terimda yig‘ib olish uchun texnik vositalarning tayanch to‘plamini ishlab chiqish» loyihasi uchun 3,3 mlrd so‘m ajratilgani, loyiha doirasida O‘zbekistonda xorijnikidan 3,5 barobar arzon paxta terish mashinalari tayyorlanishi, buning uchun 11ta tashkilot mas'ul etib tayinlangani aytilgan edi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Qodir Ismoilov ayni paytda respublikada ekilgan g‘o‘za hosilini terib olish uchun jami 1500ta paxta terish kombaynlari mavjudligi, bu umumiy paxta maydonlarining jami 3,5-5 foizida texnika kuchidan foydalangan holda paxtani terib olish imkonini berishi, hukumat tomonidan ishlab chiqilgan dasturga muvofiq 2025 yilga qadar mazkur ko‘rsatgichni 35 foizga olib chiqish rejalashtirilganini ma'lum qilgan edi.
Mavzuga oid
18:02 / 10.10.2024
Shahrisabzda aholini paxta terishga majburlagan mahalla raisi salkam 19 mln so‘m jarimaga tortildi
19:45 / 09.10.2024
O‘qituvchilarning paxta terimiga jalb etilishi noqonuniy - MMTV
15:43 / 28.09.2024
Birjada paxta narxi 11 ming so‘mgacha ko‘tarildi. Bu nimadan darak?
12:38 / 27.09.2024