Jahon | 15:06 / 05.03.2026
6098
9 daqiqa o‘qiladi

Turkiya osmonida ballistik raketa, AQSh torpedasi cho‘ktirgan Eron kemasi va maqsadlarini pasaytirgan Xitoy – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

AQSh–Isroil–Eron urushi ko‘lami kengaymoqda

4 mart kuni AQSh suvosti kemasi Shri-Lanka yaqinida Eron harbiy kemasini cho‘ktirdi. Turkiyaga qarata otilgan Eron ballistik raketasi ortidan esa urush ko‘lami yana kengaydi.

Bu NATO a’zosi bo‘lgan ushbu mamlakatning Yaqin Sharqdagi mojaroga ilk bor bevosita tortilishi hisoblanadi. Raketa aynan qayerga yo‘naltirilgani hozircha noma’lum.

Turkiya Mudofaa vazirligi raketaning Iroq va Suriya ustidan o‘tib kelgani va NATOning raketaga qarshi mudofaa tizimlari tomonidan urib tushirilganini bildirdi. Hodisa oqibatida qurbonlar yo‘qligi aytilmoqda.

AQSh harbiy-havo kuchlari Turkiya janubidagi Injirlik bazasida joylashgan. Ushbu baza Hatay viloyatiga qo‘shni hududda joylashgan bo‘lib, rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, NATOning tutib qoluvchi raketasi parchalari aynan Hatayga tushgan.

Anqaraning ta’kidlashicha, Vashington Eronga qarshi havo hujumlarida Injirlik bazasidan foydalanmayapti. Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan hodisadan so‘ng eronlik hamkasbi Abbos Aroqchi bilan bog‘lanib, o‘z e’tirozini bildirgan.

Bundan tashqari, Markaziy qo‘mondonlik AQSh suvosti kemasi Fors ko‘rfazidan minglab kilometr uzoqlikda, Shri-Lanka janubiy qirg‘oqlarida Eron kemasiga zarba berganini ma’lum qildi. Bu II jahon urushidan beri AQSh suvosti kemasi tomonidan amalga oshirilgan ilk bunday harakatdir.

Shri-Lanka rasmiylari cho‘ktirilgan kema Eronning «IRIS Dena» fregati ekanini tasdiqladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 180 kishilik ekipajdan 32 kishi qutqarilgan, 87 kishining jasadi topilgan. 60 ga yaqin dengizchi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Eron harbiy kemasi torpeda bilan yo‘q qilingan.

Vaziyatning bunday keskinlashuvi Eronda oliy rahbarning o‘g‘li uning vorisi sifatida yetakchilikka chiqayotgan bir paytda yuz bermoqda. Qo‘shma Shtatlar va Isroil esa Eronga qarshi tun-u kun zarbalarni davom ettirmoqda. Hegsetning so‘zlariga ko‘ra, AQSh bu mojaroda g‘alaba qozonmoqda.

«Bu hech qachon teng kuchlar jangi bo‘lishi ko‘zda tutilmagan va unday emas ham. Biz ular yiqilib yotganida zarba beryapmiz. Biz bu jangni qancha kerak bo‘lsa, shuncha vaqt bemalol davom ettira olamiz», dedi Hegset Pentagondagi brifingda o‘ziga ishonch bilan.

AQSh Birlashgan shtab boshliqlari qo‘mitasi raisiga ko‘ra, Eron kamroq raketa otmoqda, bu esa uning harbiy salohiyati sezilarli darajada kamayganidan dalolat beradi.

O‘rta Yer dengizida Rossiya tankeri cho‘ktirildi

Rossiyaning suyultirilgan tabiiy gaz tashuvchi tankeri Liviya va Malta o‘rtasida – O‘rta Yer dengizi suvlarida portlashlar va yong‘in oqibatida cho‘kib ketgan.

Rossiya Ukrainani Liviya qirg‘oqlaridan uchirilgan «ekipajsiz dengiz dronlari» yordamida «Arktik Metagaz» kemasini nishonga olishda aybladi. Liviya port ma’muriyati yong‘in sabablari hali aniq emasligini bildirdi.

Liviya tomonining ta’kidlashicha, tanker portlashlardan oldin taxminan 62 000 tonna mahsulot olib ketayotgan bo‘lgan. U Sirt portidan taxminan 240 km shimolda cho‘kib ketgan. Rossiya Transport vazirligiga ko‘ra, bortda 30 nafar rossiyalik bo‘lgan. Malta qurolli kuchlari ularning barchasi «qutqaruv qayig‘ida sog‘-salomat topilganini» bildirdi.

Seshanba kuni sodir bo‘lgan hujumdan so‘ng kemaning yonayotgan holati aks etgan va hali tasdiqlanmagan tungi kadrlar paydo bo‘ldi.

«Biz bunday holatga birinchi marta duch kelayotganimiz yo‘q. Bu — terrorchilik xuruji», dedi Rossiya prezidenti Vladimir Putin.

Tanker Misrning Port-Said shahriga yo‘l olgan bo‘lib, Rossiyaning «soyadagi floti» tarkibiga kirishi taxmin qilinadi. Ushbu kema G‘arb davlatlari tomonidan keng ko‘lamli sanksiyalarga uchragan.

Rossiya Transport vazirligi esa hujumni «xalqaro terrorizm va dengiz qaroqchiligi harakati» deb atadi va Yevropa Ittifoqini bunga sheriklikda aybladi. Vazirlik tankerga Ukraina dronlari hujum qilgani haqidagi da’volarini tasdiqlovchi dalillar keltirmadi.

BBC nashrining yozishicha, Ukraina xavfsizlik idorasi O‘rta Yer dengizidagi vaziyat bo‘yicha izoh bermasligini aytgan. Ammo Ukraina hukumatiga aloqador «United24» sahifasi dronlar Ukraina flotiga «Aniq. Balki» tegishli emasligiga ishora qilib o‘tgan.

2022 yilda boshlangan Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinidan so‘ng Kiyev dengiz dronlari yordamida bunday kemalarga bir necha bor hujum uyushtirgan. Biroq deyarli barcha bunday zarbalar hozirgacha Qora dengizda amalga oshirilgan edi.

Respublikachilar Trampning Eronga qarshi urushini qo‘lladi

4 mart kuni AQSh Senatidagi respublikachilar prezident Donald Trampning Eronga qarshi harbiy kampaniyasini qo‘llab-quvvatladi.

Demokratlar va bir necha respublikachilarning prezident Donald Tramp tomonidan xorijga qo‘shinlarning qayta-qayta yuborilishini jilovlashga bo‘lgan ushbu navbatdagi urinishi — «urush vakolatlari to‘g‘risidagi rezolyutsiya» deb ataldi. Hujjat mualliflari buni AQSh Konstitutsiyasida belgilanganidek, urush e’lon qilish mas’uliyatini Kongressga qaytarishga intilish deb ta’riflagan.

«Bugun senatorlar tanlov qarshisida turibdi: yo Yaqin Sharqdagi urushdan charchagan Amerika xalqi tomonida bo‘lish yoki davlatni ko‘pchilik amerikaliklar keskin qarshi bo‘lgan yana bir urushga duchor qilgan Donald Tramp tomonida bo‘lish», dedi demokratlar yetakchisi Chak Shumer.

Muxoliflar esa buni rad etib, Trampning harakatlari qonuniy ekanini va bosh qo‘mondon sifatida cheklangan zarbalar berish orqali Qo‘shma Shtatlarni himoya qilish uning huquqi ekanini ta’kidlagan.

Senatorlar havo hujumlarini to‘xtatish va Eronga qarshi har qanday harbiy harakatlar uchun Kongress ruxsatini talab qilishga qaratilgan rezolyutsiyani 53 ga 47 ovoz nisbati bilan blokladi.

Eron bilan bo‘layotgan AQSh–Isroil urushi allaqachon butun Yaqin Sharq bo‘ylab talafotlarga olib keldi va AQSh harbiylari orasida qurbonlar bo‘lishiga sabab bo‘ldi.

Xitoy yillik iqtisodiy o‘sish maqsadini pasaytirdi

Xitoy o‘zining yillik iqtisodiy o‘sish maqsadini 4,5%–5% oralig‘igacha pasaytirdi. Bu mamlakat ichidagi va xalqaro maydondagi murakkab muammolar fonida 1991 yildan beri belgilangan eng past ko‘rsatkichdir.

Mazkur tafsilotlar Xitoyning «Ikki sessiya» deb nomlanuvchi eng yirik siyosiy tadbiri davomida o‘n beshinchi «Besh yillik reja» (2026-2030) tafsilotlari bilan birga e’lon qilindi.

Pekin — kuchsiz iste’mol, qisqarayotgan aholi soni, global savdo keskinligi tufayli yuzaga kelgan energetika tanqisligi kabi muammolar fonida o‘z iqtisodiyotini qayta shakllantirishni maqsad qilgan.

Ko‘chmas mulk sektori ilgari Xitoy iqtisodiyotining qariyb uchdan bir qismini tashkil etar va mahalliy hukumatlar uchun asosiy daromad manbai edi. Hozirda ko‘plab mahalliy hukumatlar katta qarzlarga botgan.

Xitoy bosh vaziri Li Syan tomonidan taqdim etilgan 46 sahifalik hisobotda «Besh yillik reja»ning quyidagi asosiy yo‘nalishlari belgilangan:

  • Innovatsiya va yuqori texnologiyalar;
  • Ichki iste’mol;
  • Fan, texnika, transport va energetika sohalarida 100 dan ortiq yirik loyihalar;
  • Yashil energiya;
  • Ijtimoiy siyosat, ya’ni aholi qarishi va tug‘ilish darajasi pasayishiga javoban «farzand ko‘rish uchun qulay jamiyat» barpo etish.

Tahlilchilarga ko‘ra, maqsadning pasaytirilishi Xitoyga – katta moliyaviy majburiyatlar yuklamasdan, «iqtisodiyotni boshqarishda kengroq maydon» beradi.

Фаррух Абсаттаров
Muallif Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid