O‘zbekiston | 00:18 / 11.03.2020
12314
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zboshimchalik bilan egallab olingan ekin maydonlarining 30 foizga yaqini qaytarildi – Yergeodezkadastr

2 mart holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘zboshimchalik bilan egallab olingan 7948 gektar ekin maydonidan qariyb 30 foizi qaytarilgan.

Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani «Xalqobod» mahallasi

Bu haqda Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi raisi Abdushukur Abdullayev 10 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan «Hukumat soati»dagi hisobotida ma'lum qildi.

«Tahlillarimizga ko‘ra, 2020 yilning 1 fevral holatiga:

  • respublika miqyosida 37700ta holatda sug‘oriladigan yerlar o‘zboshimchalik bilan egallab olingan;
  • jami 7948 gektar ekin maydonida uylar qurilgan, bog‘lar tashkil etilgan, ayrim fermerlar o‘ziga foydalanish uchun berilgan yerlarni turarjoy qurish uchun boshqa fuqarolarga sotib yuborishgan.
Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Mana shu holatlarga barham berish, davlat zaxirasida turgan yer maydonlarini  davlatga qaytarish bo‘yicha davlat rahbarining topshirig‘iga binoan butun respublika bo‘yicha keng masshtabda ishlar olib borilmoqda.

Shu maqsadda har bir tumanda mahalliy hokimlik, huquqni muhofaza qilish idoralari hamda yer bilan bog‘liq masalalarda mutasaddi hisoblangan tashkilotlarning vakillari ishtirokida ishchi guruhlar tuzilgan bo‘lib, ularning sa'y-harakatlari natijasida 2020 yil 2 mart holatiga ko‘ra o‘zboshimchalik bilan egallab olingan 7948 gektar ekin maydonining qariyb 30 foizi qaytarildi», dedi Abdullayev.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

«2000 yildan to shu kungacha bo‘lgan vaqt mobaynida respublikamizda 160 ming gektarga yaqin yer maydoni sug‘oriladigan yer maydoni toifasidan chiqib qolgan. Aslida ular sug‘oriladigan yerlar hisoblanadi. Bu yerlar hisobotlarda ekin maydoni deb ko‘rsatilib kelingan.

Joyiga chiqib o‘rganganimizda bunday yerlarda turli xil bino-inshootlar, ishlab chiqarish obektlari qurib tashlanganini ko‘rdik.

O‘zbekistonda ekin maydonlari cheksiz emas. Ekin maydonlarimiz 4,2 mln gektarni tashkil qiladi. Buning hammasi sug‘oriladigan yer emas, afsuski, ularning hajmi ancha kam», deydi Abdushukur Abdullayev.

Manba: "Yergeodezkadastr"

Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi raisi katta shov-shuv keltirib chiqargan Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanining «Xalqobod» mahallasida fermer xo‘jaligiga ajratilgan yer maydonida noqonuniy turarjoylar barpo etgan fuqarolar va huquq-tartibot organlari o‘rtasidagi mojaroli holatga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Oxirgi paytlarda ayrim hududlarimizda kuzatilgan noxush holatlardan saboq olgan holda yerlarni davlatga qaytarishda bosqichma-bosqich harakat olib borilyapti. Birinchi navbatda og‘riqsiz hal etiladigan masalalar bor, ya'ni ishchi guruhning o‘rganishlari davomida ekin ekiladigan yerga aholi shag‘al to‘kib, o‘ziga yo‘l qilgan yoki yer maydonini beton g‘ishtli devor bilan o‘rab olib, o‘sha yerda qurilish qilmoqchi bo‘lgan holatlarga yechim topilyapti.

Shuningdek, turarjoyning poydevori ko‘tarib qo‘yilgan, endi uy qura boshlaganlar bilan ham tegishli tushuntirish ishlarini olib borish natijasida yerlar qaytarilmoqda.

O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerda uy qurib olib, u yerda yashayotganlar masalasi – eng og‘riqli masalalardan biri. Bu ishlari noto‘g‘ri ekanini tushuntirsangiz, xatosini tan olib noqonuniy egallagan joylaridan chiqib ketayotganlar juda kam. Uylari buzilgan, boradigan boshqa joylari bo‘lmaganidan, ko‘chada qolayotganlar ham bor. Shuni inobatga olgan holda, muammoni boshqacha yo‘l bilan hal etish masalasi ko‘rilayapti», deydi «Yergeodezkadastr» qo‘mitasi raisi.

Mavzuga oid