Farg‘ona shahri markazidagi sun’iy ko‘l o‘rni “dom”, mehmonxona, restoran va savdo majmuasi qurish uchun doimiy foydalanish huquqi bilan qurilish firmasiga berib yuborilgani ma’lum bo‘ldi. Viloyat hokimi prezident qarorini noto‘g‘ri asos qilib ko‘rsatgan holda qaror chiqarib, go‘yoki “bino va inshootlarni” berganlik niqobi ostida yer ajratgan. Mazkur ko‘l 2020 yilda 1 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ hisobiga ta’mirlanib, baydarka va kanoeda eshkak eshish sport turining o‘quv bazasiga aylantirilgandi.

Bir yil oldingi “cho‘pchak”

Farg‘ona shahri markazidagi maydoni 2 gektardan ortiqroq bo‘lgan “Yoshlar ko‘li”ning “taqdiri” bir necha yildan beri noaniq bo‘lib kelayotgandi.

Farg‘ona shahrining “qaymoq” hududida joylashgan bu katta maydon ko‘plab quruvchilarning “ko‘z ostida” bo‘lgani bor gap. Ammo bu yerda bolalar uchun ko‘ngilochar maskan tashkil etilishi haqidagi xabarlar farg‘onaliklarning ko‘nglini xotirjam qilib kelayotgandi.

Jumladan, 2022 yilning dekabr oyida 12 nafar tadbirkor viloyat hokimiga turizm yo‘nalishida rejalashtirilayotgan loyihalarini taqdim etgan. Hokimlik matbuot xizmatining xabarida taqdimot davomida Farg‘ona shahridagi foydalanilmay yotgan Yoshlar ko‘li o‘rnida davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida bolalar uchun ko‘ngilochar maskan tashkil etish loyihasini amalga oshirish bilan bog‘liq masala ham ijobiy yechim topgani aytilgandi.

2021 yilda viloyat mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan 321 mln so‘m mablag‘ ajratilib, ko‘l atrofini temir panjara bilan o‘rash ishlari olib borilgan.

“Farg‘ona haqiqati” gazetasining 2022 yil 30 dekabr kunidagi sonida ham ko‘l bilan bog‘liq maqola e’lon qilingan. Unda ta’kidlanishicha, “Yoshlar ko‘li” o‘sha vaqtda viloyat suv sport turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabiga qarashli bo‘lgan. 2020 yilda u yerda 1 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga mukammal ta’mirlash ishlari olib borilgan. Buning natijasida ko‘l suvga to‘ldirilgan va u baydarka va kanoeda eshkak eshish sport turining o‘quv bazasiga aylantirilgan. Lekin boshlangan tashabbus nihoyalanmay, o‘lda-jo‘lda qolib ketgan. Sababi, chuqurligi 10, eni 80, uzunligi 260 metr bo‘lgan ko‘lga suv to‘ldirish uchun nasoslar me’yoriy quvvatda ishlamagan. Ya’ni yer ostidan suv tortib olishga sarflanadigan elektr quvvati uchun xarajatlarga pul topilmagan.