Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Arktikadagi muzda Trampning 35 metrlik boshi o‘yib chiqilmoqchi
Foto: RIA Novosti
Finlyandiyaning “Eriyotgan muz” nohukumat tashkiloti global isish muammolariga e'tibor jalb qilish maqsadida Arktikada AQSh prezidenti Donald Trampning boshidan iborat ulkan monument yaratish bo‘yicha loyihani tashkillashtirdi.
“Project Trumpmore” saytida ma'lum qilinishicha, Trampning muzda o‘yib chiqiladigan boshining balandligi 35 metr, eni va chuqurligi 20 metrdan bo‘ladi. Bu o‘lchamlar AQShdagi Rashmor tog‘ida o‘yib chiqilgan 4 nafar AQSh prezidenti monumentining o‘lchamlariga teng. Loyihani amalga oshirish uchun mablag‘ yig‘ila boshlandi. Monumentni yaratish uchun 400 ming yevro kerak bo‘ladi. Trampning “boshini” yaratish bilan finlyandiyalik va mo‘g‘ulistonlik haykaltaroshlar shug‘ullanadilar va bunga 4 hafta ketadi. Monument yaratiladigan joy hali belgilanmagan.
“Global isish zamonamizning eng yirik muammolaridan biri hisoblanadi. “Bu haqiqatan ham muammomi?” deb o‘ylaydigan odamlar ham bor. Biz barchamiz uchun yodgorlik yaratmoqchimiz va u erib ketishidan avval qanchalik ko‘p turishini ko‘rmoqchimiz. Ko‘pincha odamlar biror narsani o‘z ko‘zlari bilan ko‘rsalargina unga ishonadilar”, deb aytgan tashkilot raisi Nikolas Priyeto.
Tramp iqlimning global isishi nazariyasini shubha ostiga olib keladi. Shu sababli ham AQSh 2017 yilda Iqlim bo‘yicha Parij kelishuvidan chiqib ketgan. Trampning aytishicha, bu kelishuv AQShning iqtisodiy manfaatlariga javob bermagan.