O‘zbekiston | 14:40 / 15.08.2024
5406
4 daqiqa o‘qiladi

Senat Tadbirkorlik kodeksini ma’qulladi

Tadbirkorlik kodeksiga 100 dan ortiq qonunchilik hujjatlari, jumladan 9 ta qonun birlashtirilyapti. Kodeksda tadbirkorlar «kichik», «o‘rta» va «yirik» toifalarga ajratiladi va yakka tartibdagi tadbirkorlarga qonunda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirish huquqi beriladi.

Foto: senat.uz

Oliy Majlis Senatining 15 avgustdagi yig‘ilishida Tadbirkorlik kodeksi ma’qullandi.

Bugungi kunda tadbirkorlik faoliyatini tartibga solish bilan bog‘liq 5000 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar mavjud. Hujjatlarning nihoyatda ko‘pligi ularni amalda qo‘llashda qiyinchiliklarni keltirib chiqarishi mumkin, bu esa tadbirkorlik sub’yektlarining asosli e’tirozlariga sabab bo‘ladi. 

Shu nuqtai nazardan, Tadbirkorlik kodeksiga 100 dan ortiq qonunchilik hujjatlari, jumladan 9 ta qonun birlashtirilyapti.

1. «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonun;

2. «Xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida»gi qonun;

3. «Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida»gi qonun;

4. «Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida»gi qonun;

5. «Xususiy korxona to‘g‘risida»gi qonun;

6. «Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida»gi qonun;

7. «Firma nomlari to‘g‘risida»gi qonun;

8. «Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida»gi qonun;

9. «Xo‘jalik shirkatlari to‘g‘risida»gi qonun.

Kodeksda «kichik», «o‘rta» va «yirik» biznes mezonlari orqali tadbirkorlik sub’yektlari toifalarga ajratiladi. Yakka tartibdagi tadbirkorlar shug‘ullanishi mumkin bo‘lmagan faoliyat turlarini belgilagan holda, ularga qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirish huquqi berilmoqda (hozirda ular 88 ta faoliyat turi bilan shug‘ullanishi mumkin).

Tadbirkorlik faoliyatiga aralashuvlarni kamaytirish maqsadida 38 ta davlat organining 147 ta nazorat funksiyalari va Biznes ombudsmanni xabardor etish tartibida o‘tkaziladigan 20 turdagi tekshiruvlar ro‘yxatlari kodeksning ilovasida tasdiqlangan.

Ro‘yxatga kiritilmagan barcha tekshiruvlar esa Biznes ombudsman bilan kelishilgan tartibda amalga oshiriladi.

Davlat nazoratining 4 ta shakli belgilanib, shundan faqat ma’lumotlarni tahlil qilish va tekshiruvda aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan tadbirkorga nisbatan huquqiy ta’sir chorasi qo‘llanilishi belgilanyapti.

Bunda:

  • moliyaviy sanksiyalar sud tomonidan qo‘llanidi (bundan soliqqa tortish va bank sohalaridagi sanksiyalar mustasno);
  • bir xil turdagi huquqbuzarlik uchun tadbirkorlik sub’yektiga moliyaviy sanksiya va uning mansabdor shaxsiga ma’muriy javobgarlik nazarda tutilgan hollarda, faqat moliyaviy sanksiya qo‘llanidi;
  • birinchi marta huquqbuzarliklar sodir etgan tadbirkorlik sub’yektlari ushbu qonunbuzilishni bartaraf etish to‘g‘risidagi ko‘rsatmani bajargan, shuningdek yetkazilgan zararni qoplagan taqdirda, ularga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llanmaydi.

Shuningdek, kodeks bilan barcha talablarni o‘z ichiga olgan Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablar reyestri hamda tadbirkorlik sub’yektlari uchun imtiyozlarning yagona reyestrini shakllantirish va oshkor etish nazarda tutilmoqda. Bunda majburiy talablar reyestriga kiritilmagan talablar bo‘yicha javobgarlik belgilash taqiqlanishi nazarda tutilgan.

Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat subsidiyalarini joriy etish quyidagi tartibda bo‘ladi:

  • subsidiya O‘zbekiston Respublikasi prezidenti qarori bilan joriy etiladi, tartib-taomillari hukumat tomonidan belgilanadi;
  • subsidiyalarning asosiy yo‘nalishlari belgilanadi va ular «yagona darcha» prinsipi asosida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ajratiladi.

Mavzuga oid