Jamiyat | 00:21 / 08.06.2023
79676
4 daqiqa o‘qiladi

To‘rtinchi qavatdan qulagan qizaloqni tutib qolgan yigitlar qahramonga aylandi

Samarqand shahrida to‘rt nafar maktab bitiruvchisi ko‘p qavatli uyning to‘rtinchi qavatidan tushib ketgan qizaloqni qutqarib qoldi.

Kun.uz muxbiri voqea joyidan reportaj tayyorladi.

Ma’lum bo‘lishicha, holat 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida sodir bo‘lgan.

Foto: KUN.UZ
Foto: KUN.UZ

Qahramon yigitlar – Shohrux Boborahimov, Murod Saydalimov, Jasur Eshnazarov hamda Ozod O‘tkirov. Ular Samarqand shahridagi 80-umumta’lim maktabining 11-sinf bitiruvchilari ekanini ma’lum qilishdi.

“Qizaloq tushib ketgan ko‘p qavatli uyda o‘rtog‘imiz ham yashaydi. O‘sha kuni maktabda imtihonlarni topshirib, uy yaqinida do‘stimizni kutib turgandik. Tasodifan yuqorida osilib turgan qizchaga ko‘zimiz tushdi. Bir sinfdoshimiz qizaloqning yaqinlariga xabar berish uchun yugurdi. Biz, uch kishi bo‘lib qizchani tutib olishga intildik. Pastdan turib qizchaga biroz sabr qil, qo‘yib yuborma, deb baqirdik. U bizni eshitdi, lekin kuchi yetmay pastga quladi. Pastki qavatdagi tunukaga urilib, havoda ikki metrcha uzoqlab ketdi. O‘zimni orqaga olib qo‘limni tutdim, do‘stlarim ham tezda yordamga oshiqishdi. Xudoga shukur, qizcha qo‘limizga tushdi va omon qoldi”, – dedi Shohrux Boborahimov.

Ma’lum bo‘lishicha, qizcha derazaga o‘rnatilgan temir to‘siq orasida ma’lum muddat boshi bilan osilib qolgan. O‘sha jarayonda uning bosh qismi biroz jarohat olgan. Yigitlar uni tutib olgach, tezlik bilan unga dastlabki tibbiy yordam ko‘rsatilgan va shifoxonaga olib ketilgan.

Foto: KUN.UZ
Foto: KUN.UZ

Qizning onasi Shahlo Shodiyorova o‘sha kuni farzandlarini ko‘chaga aylantirishni rejalashtirib turgan. Kichik o‘g‘li ehtiyotsizlik sabab uy eshigini ichkaridan yopib qo‘ygan. Natijada ona tashqarida qolib, tashqaridan eshikni ochish uchun harakat qilgan. Biroq ichkarida qolgan kichik qizi qo‘rquv sabab deraza tokchasiga chiqqan. O‘sha yerdan pastga qarab yordam chaqirmoqchi bo‘lgan va o‘zi temir panjara orasidan tushib ketgan.

Shodiyorova bir necha kun davomida ruhiy azoblanganini ma’lum qildi. Yigitlarning o‘sha kuni shu yerda bo‘lishini mo‘jiza, deb hisoblashini bildirdi.

Qizaloqning onasi yigitlarga minnatdorchilik bildirarkan, ushbu holatni Allohning mo‘jizasi, deb atadi.

Qahramon yigitlarning tezkor xatti-harakati, ko‘rsatgan jasorati ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilarida iliq taassurot uyg‘otdi.

Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi rahbarlari bitiruvchi yigitlar tahsil olgan Samarqand shahridagi 80-umumta’lim maktabida bo‘lib, ularning ota-onalariga minnatdorchilik bildirdi. Yoshlarga ko‘rsatgan jasorati uchun rag‘bat berildi.

Foto: KUN.UZ

Yigitlarning oliy o‘quv yurtiga tayyorlov kurslari uchun sarflanadigan mablag‘ Yoshlar ishlari agentligi tomonidan to‘lab beriladigan bo‘ldi. Shuningdek, ular kelgusi o‘qishlarida ham moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlanishi ma’lum qilindi.

Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Shokir Sultonov bu yoshlar endigina maktabni bitirgan bo‘lishiga qaramay, dadil harakat qilgani, yosh avlod ichida jasur yigit-qizlar borligini e’tirof etarkan, ular boshqa tengdoshlariga o‘rnak sifatida ko‘rsatilishini bildirdi.

Foto: KUN.UZ

Falokatdan omon qolgan qizaloqning holati hozirgi vaqtda yaxshi va u ota-onasining bag‘rida.

Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid