Sport | 11:38 / 05.05.2026
13639
6 daqiqa o‘qiladi

«Siti» poygada qoqildi

«Everton» «shaharliklar» darvozasiga 3 ta gol urdi va «Arsenal»ning chempionlik poygasidagi imkoniyatlarini oshirib yubordi.

Geyi va Husanovning xatolari qimmatga tushishi mumkin

«Everton» – «Manchester Siti» 3:3
Gollar:
Doku, 43 (0:1). Barri, 68 (1:1). O`Brayyen, 73 (2:1). Barri, 81 (3:1). Holand, 83 (3:2). Doku, 90+7 (3:3)
«Everton»: Pikford, Kin, Tarkovski, Mikolenko, O`Brayyen, Garner, Iroegbunam (Armstrong, 90+6), Dyusberi-Holl (Patterson, 90+2), Ndiay, Rel (Alkaras, 90+2), Betu (Barri, 64)
«Manchester Siti»: Donnarumma, Geyi, Husanov, O`Rayli, Mateus Nunes, Gonsales (Kovachich, 75), Bernardu Silva (Marmush, 87), Sherki, Doku, Semenyo (Foden, 74), Holand
Ogohlantirishlar: Kin, 45. Betu, 48. Tarkovski, 53. O`Brayyen, 86 – Donnarumma, 74

APLning 35-turida «Siti» «Everton»ga qarshi o‘ynadi. «Shaharliklar» jamoasi turnir jadvalida zaxirasida ikki o‘yin bor holatda «Arsenal»dan olti ochkoga ortda qolayotgandi va mavsum oxirigacha ochko yo‘qotishga haqqi yo‘q edi.

Liverpuldagi o‘yinning birinchi bo‘limi mehmonlar uchun oson kechmadi. «Siti» ko‘proq vaqt davomida to‘pga egalik qildi, ammo yetarlicha xavfli vaziyatlar yaratilmadi. Taxminan 40-daqiqalarga kelib Xosep Gvardiola jamoasi 10 ta zarba bergandi, ammo ulardan faqat bittasi darvoza sohasiga to‘g‘ri borgandi. Janluidji Donnarummaga ham u qadar ko‘p ish topilmadi. Italiyalik darvozabon faqat bir marta o‘zini ko‘rsatishiga to‘g‘ri keldi va Betuga borayotgan to‘pni qo‘llari bilan to‘xtatib qoldi.

Birinchi bo‘lim ko‘proq Jyeyms Tarkovski va Abduqodir Husanov o‘rtasidagi to‘qnashuv bilan yodda qoldi. «Everton» himoyachisi bu vaziyatda o‘zbekistonlikning futbolkasidan tortib qoldi, yosh himoyachi esa allaqachon APLga moslashganini namoyish etib, unga javob qaytardi.

Bosh hakam voqea joyiga yetib keldi va barchani tinchlantirishga erishdi.

Birinchi bo‘lim oxirida «Siti» baribir o‘z maqsadiga erishdi. Xosep Gvardiola jamoasining uzoq cho‘zilgan hujumi Rayan Sherki Jyeremi Dokuni qulay vaziyatga chiqarishi va belgiyalik vinger olis burchak tomon ideal zarba berishi bilan yakunlandi.

Mezbonlar tanaffusdan keyin bosimni oshirishdi va ketma-ket imkoniyatlarga ega bo‘la boshlashdi. Avvaliga Iliman Ndiayye Donnarummani uzoq masofadan sinab ko‘rdi – darvozabon ishonchli harakat qildi.

Bir necha daqiqa o‘tib «Siti» mudofaasida parokandalik yuzaga keldi va Ndiayye darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketdi. Ammo Donnarumma bu safar ham raqibga hisobni tenglashtirishga imkon bermadi – bu safar u to‘pni yelkasi bilan to‘sib qoldi. Lekin mezbonlarning bosimi oshishda davom etdi, «Siti» futbolchilarida charchoq ko‘zga tashlana boshladi. Gvardiola esa zaxira imkoniyatlaridan foydalanishga shoshilmadi.

O‘ynning 68-daqiqasida Donnarummani o‘z himoyachisi noqulay ahvolda qoldirdi. Qishki transferlarda sotib olingan Mark Geyi unga pas berishda noaniq harakat qildi va bundan Terno Barri foydalanib qoldi. Avvaligaga Maykl Oliver «Everton» futbolchisini ofsaydda deb hisoblab, golni inobatga olmagandi, ammo VAR vaziyatga aralashib, uning xatosini tuzatdi – to‘p hujumchiga raqib himoyachisidan borganda o‘yindan tashqari holat hisoblanmaydi.

Besh daqiqa o‘tib Husanov ham xatoga yo‘l qo‘ydi. U to‘pni oldirganidan keyin raqib burchak zarbasi ishladi va shu standart vaziyatdan ikkinchi gol o‘tkazildi. Jyeyms Garnerning uzatmasidan keyin Jyeyk O’Brayyen bosh bilan darvozani ishg‘ol etdi. Donnarumma hakam qarshisida tiz cho‘kkan holda o‘ziga nisbatan fol ishlatilganiga ishontirishga urindi, ammo Oliver maydon markazini ko‘rsatdi, Gvardiola esa yuzini timdalay boshladi. «Everton» ikkinchi bo‘limda yaxshiroq o‘ynayotgandi va haqli gollarini urdi.

Keyin esa Barri dublni rasmiylashtirdi – bu safar Husanov ofsayd chizig‘ini ushlashda xatoga yo‘l qo‘ydi va hujumchi bo‘sh darvozani ishg‘ol etdi.

«Siti» fanatlari darhol stadionni tark etishga kirishdi. Lekin ko‘p o‘tmay ular ortga qaytishdi. Bu muxlislar Erling Holandning golini o‘tkazib yuborishdi – norvegiyalik hujumchi o‘z texnik mahoratini ishga solib, to‘pni darvozabon ustidan oshirib yo‘lladi.

Oliver o‘yinga olti daqiqa qo‘shib berdi, «Siti» esa sakkizinchi daqiqada hisobni tenglashtirdi. Doku jarima maydoni tashqarisidan yana bir chiroyli gol urdi.

Ammo bu hisob «shaharliklar»ni qoniqtirmasdi va hakamning o‘yin yakunlangani haqidagi hushtagidan so‘ng mehmonlar tushkun kayfiyatda qolishdi. Endi «Siti» turnir jadvalida «Arsenal»dan 5 ochkoga ortda qolmoqda va barchasi londonliklarning o‘ziga bog‘liq.

«Arsenal»ning navbatdagi raqiblari turnir jadvalining quyi qismida joylashgan jamoalar («Vest Hem», «Byornli» va «Kristal Pelas»), bu o‘yinlarda Arteta jamoasini istalgan hisobdagi g‘alabalar qanoatlantiradi va u holda «Siti» o‘zi qanday natijalar qayd etishidan qat’i nazar, birinchi o‘ringa ko‘tarila olmaydi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid