O‘zbekiston | 04:53 / 10.01.2018
7250
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda «Investitsiya» va «Milliy logistika» portallari ishga tushadi

2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasi e'lon qilindi.

Dasturning III bobi «Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yo‘nalishlari» deb nomlangan. Uning Tarkibiy o‘zgartirishlarni chuqurlashtirish, milliy iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish hisobiga uning raqobatbardoshligini oshirish bo‘limida amalga oshirilishi mo‘ljallanayotgan quyidagi chora-tadbirlar belgilab olinmoqda.

Jumladan, Milliy yuk tashuvchilarni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik sub'yektlariga qo‘shimcha sharoitlar yaratish maqsadida «Milliy logistika portali»ni tashkil etish rejalashtirilmoqda.

2018 yil 20 martgacha O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ, Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Axborot texnologiyalari vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi savdo vazirligi tomonidan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihasi tayyorlanadi.

Mazkur loyihada tadbirkorlik sub'yektlari ushbu portal orqali dunyoning barcha nuqtalarida milliy yuk tashuvchilarning transportlari haqida ma'lumotlarni «onlayn» rejimida tezkor olishi va buyurtma berish imkoniyati yaratilishi, xalqaro logistika kompaniyalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali ushbu portal imkoniyatlarini kengaytirish nazarda tutiladi.

Shuningdek, Internet tarmog‘ida mahalliy va xorijiy investorlarni zarur statistik axborotlar, biznesni yuritish uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan ta'minlaydigan «Investitsiya portali»ni ishga tushirish rejalashtirilmoqda.

Buning uchun 2018 yil 1 maygacha Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Axborot texnologiyalari vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi ishlab chiqiladi. Qaror loyihasida:

  • O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya portalini yaratish, ushbu portalni 2018 yilning 1 iyulidan boshlab ishga tushirish va doimiy ishlashini ta'minlash;
  • mamlakatning investitsiya salohiyati to‘g‘risida, taqdim etilayotgan imtiyozlar, investitsiya kiritish afzalliklari, infratuzilma, geografik joylashuv, shuningdek, davlat mulki obektlari, investorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar to‘g‘risida davlat tili, rus tili va boshqa xorijiy tillarda kengaytirilgan axborotlar;
  • mahalliy va xorijiy investorlarga interfaol shaklda davlat organlari hamda boshqa tashkilotlarning xizmatlari;
  • investorning qayerda va qanday usulda murojaat qilganligidan qat'i nazar, murojaatlar ko‘rib chiqilishining amaldagi holati va natijasidan xabardor bo‘lib turish imkoniyatini ta'minlash nazarda tutiladi.
Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid