O‘zbekiston | 09:25 / 09.03.2020
12082
13 daqiqa o‘qiladi

Vazirlar Mahkamasi kadastr sohasiga aloqador qaror qabul qilishi kutilyapti

Yer uchastkasi, bino va inshootlar kadastri sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatishning ayrim ma'muriy reglamentlari tasdiqlanadi

Foto: Shutterstock

Vazirlar Mahkamasining “Yer uchastkasi, bino va inshootlar kadastri sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatishning ayrim ma'muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Quyidagilar yer uchastkasi, bino va inshootlar kadastri sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi:

axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini faol joriy etish, tegishli tizimlarni davlat organlarining elektron ma'lumotlar bazalariga integratsiya qilish va ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonini soddalashtirish;

sohaga oid davlat xizmatlarini kompozit tarzda ko‘rsatishni amalga oshirish;

ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari sifatini oshirish va ko‘chmas mulkni sotishda ortiqcha tartib-taomillarni qisqartirish;

davlat organlari va boshqa tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro yaqin idoralararo elektron hamkorlik o‘rnatish;

O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalini (YaIDXP) davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun yagona axborot maydonchasi sifatida belgilash.

Quyidagilar tasdiqlanadi:

Ko‘chmas mulk obektlariga kadastr pasportini taqdim etish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti;

Ko‘chmas mulk obektiga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti;

Ipotekani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti;

Bino va inshootlarni ijaraga berish shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti;

O‘zganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish huquqi (servitut) to‘g‘risidagi kelishuvni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti;

Fuqarolarning nomida shaxsiy turar joy mavjud yoki mavjud emasligi to‘g‘risida ma'lumotnoma berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti;

Kadastr pasportini va ko‘chmas mulk obektiga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi davlat reyestridan ko‘chirmani bir vaqtda taqdim etish bo‘yicha kompozit davlat xizmatini ko‘rsatish sxemasi;

Kadastr pasportini rasmiylashtirish, qurilishi tugallangan obektni foydalanishga qabul qilish dalolatnomasini va ko‘chmas mulk obektiga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi davlat reyestridan ko‘chirmani bir vaqtda taqdim etish bo‘yicha kompozit davlat xizmatini ko‘rsatish sxemasi;

Ko‘chmas mulk obekti bo‘yicha kadastr ma'lumotlarini va kadastr yig‘ma jildini tayyorlash xamda kadastr pasportini rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizom.

Belgilanishicha, ushbu qaror bilan tasdiqlangan ma'muriy reglamentlarga muvofiq ko‘rsatiladigan davlat xizmatlaridan foydalanish uchun yuridik va jismoniy shaxslar quyidagilar orqali murojaat qiladilar:

davlat xizmatlari markazlari;

yagona interaktiv davlat xizmatlari portali;

davlat notarial idoralari;

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi;

rieltorlik tashkilotlari;

tijorat banklari.

Ko‘chmas mulk obektiga kadastr pasportini berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma'muriy reglamentiga ko‘ra, u jismoniy va yuridik shaxslarga ularga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk obektini kadastr pasportini berish hamda talab etilganda obektni manzilini belgilash tartibini belgilaydi.

Ko‘chmas mulk obektini kadastr hisobiga olish va kadastr yig‘majildini shakllantirish natijasida ko‘chmas mulk obekti bo‘yicha elektron shaklda kadastr pasporti rasmiylashtiriladi.

Kadastr pasportining shakllari quyidagi turlar bo‘yicha belgilanadi:

ko‘p kvartirali uydagi turar joyning kadastr pasporti;

yakka tartibdagi turar joyning kadastr pasporti;

noturar joy toifasidagi ko‘chmas mulk obektining kadastr pasporti;

yer uchastkasining kadastr pasporti;

ko‘p kvartirali turar joyda joylashgan noturar joyning kadastr pasporti;

qurilishi tugallanmagan obektning kadastr pasporti;

Ko‘chmas mulk obektiga kadastr pasporti quyida keltirilgan harakatlar vujudga kelganda rasmiylashtiriladi yoki qayta rasmiylashtiriladi:

ko‘chmas mulk obekti bo‘yicha birlamchi inventarizatsiya ishlari bajarilganida;

ko‘chmas mulk obektining bir qismi begonalashtirilganda (bunda ikki qismiga alohida kadastr pasporti shakllantiriladi);

ayrim binolar va inshootlarga yoki ularning bir qismiga bo‘lgan huquqning boshqa shaxsga o‘tishi munosabati bilan yer uchastkasini bo‘lishda;

qurilishi tugallangan obektni foydalanishga qabul qilishga qadar;

yer uchastkasining maydoni o‘zgarganda;

bino va inshootlar maydonlari o‘zgarganda;

ko‘chmas mulk obektining manzilini belgilashda yoki o‘zgartirishda;

ko‘chmas mulk obektining toifasi o‘zgarishida.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri davlat yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri korxonasi filiallari kadastr yig‘ma jildini shakllantirib, uning natijasi bo‘yicha elektron shaklda kadastr pasportini taqdim etadilar.

Ko‘chmas mulk obektiga kadastr yig‘ma jildini shakllantirish va uning natijasi bo‘yicha kadastr pasportini taqdim etish DK filiallari va quyidagi davlat organi va tashkilotlar bilan elektron raqamli imzoni (ERI) majburiy tartibda qo‘llash orqali faqat idoralararo elektron o‘zaro bog‘lanish yordamida amalga oshiriladi:

Davlat xizmatlari markazlari;

Davlat notarial idoralari;

Davlat aktivlarini boshqarish Agentligi;

Rieltorlik tashkilotlari;

Tijorat banklari.

Ko‘chmas mulk obekti bo‘yicha kadastr pasportini berish sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.

 Ariza beruvchilar kadastr pasportini olish uchun vakolatli organga o‘zi kelib murojaat etadi.

O‘zi kelib murojaat etganda vakolatli organ mas'ul xodimi ariza beruvchi nomidan davlat xizmatidan foydalanish uchun so‘rovnomani elektron shaklda to‘ldiradi.

So‘rovnomaga ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni tasdiqlovchi hujjat ilova qilinadi.

Vakolatli organlar tomonidan ariza beruvchilardan ushbu bandda ko‘rsatilmagan ma'lumotlarni hamda boshqa hujjatlarni talab qilish qat'iyan taqiqlanadi.

Vakolatli organ so‘rovnoma to‘ldirilgandan so‘ng tegishli DK filialiga yuboradi.

DK filiali belgilangan tartibda ko‘chmas mulk obektining o‘lchov ishlarini amalga oshiradi xatlovdan o‘tkazadi, talab etilganda ko‘chmas mulk obektining manzilini belgilaydi yoki o‘zgartiradi.

Kadastr pasportini tayyorlash obektning murakkabligiga qarab quyidagi muddatlarda amalga oshiriladi:

ko‘chmas mulk obektlarining turar joyga oid qismi bo‘yicha:

ko‘p kvartirali uydagi kvartira — 5 ish kungacha;

yakka tartibdagi turar joy (dala hovli) — 7 ish kungacha;

ko‘chmas mulk obektlarining noturar joyga oid qismi bo‘yicha:

umumiy maydoni 100 kv.m. gacha bo‘lgan ko‘chmas mulk — 7 ish kungacha;

umumiy maydoni 100 kv.m dan 1000 kv.m. gacha bo‘lgan ko‘chmas mulk — 10 ish kungacha;

umumiy maydoni 1000 kv.m dan 5000 kv.m. gacha bo‘lgan ko‘chmas mulk — 15 ish kungacha;

umumiy maydoni 5000 kv.m dan 15000 kv.m. gacha bo‘lgan ko‘chmas mulk — 20 ish kungacha;

umumiy maydoni 15000 kv.m dan 50000 kv.m gacha bo‘lgan ko‘chmas mulk — 25 ish kungacha;

umumiy maydoni 50000 kv.m dan ortiq bo‘lgan ko‘chmas mulk — 30 ish kungacha.

Malaka shahodatnomasiga ega bo‘lgan kadastr muhandisi tomonidan tayyorlangan texnik kadastr ishi mavjud bo‘lsa, kadastr pasportini berish 5 ish kuni mobaynida amalga oshiriladi.

Kadastr yig‘ma jildi shakllantirilganidan so‘ng DK filiali kadastr pasportini berish va manzilni belgilanganligi yoki o‘zgartirilganligi (talab etilganda) uchun to‘lov miqdori qiymati ko‘rsatilgan xabarnomani (invoys) vakolatli organga yuboradi yoki rad etishning aniq sabablarini va qonunchilik normalarini ko‘rsatgan holda uni yuborishni rad etadi.

Kadastr pasporti taqdim etish va manzilni belgilash yoki o‘zgartirish (talab etilganda) uchun undiriladigan to‘lov miqdorlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 7 maydagi “Davlat kadastri sohasida davlat xizmatlari narxlarini belgilashda tabaqalashtirilgan yondashuv tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 186-son qarorga asosan belgilanadi.

Ariza beruvchi xabarnomani olgandan so‘ng 10 kun mobaynida kadastr pasporti berishning to‘lov qiymatini xabarnomada qayd etilgan miqdorda to‘laydi.

Kadastr pasporti berish uchun to‘lov qiymati to‘langanligi axborot-kommunikatsiya tizimi orqali tasdiqlanadi.

Belgilangan muddatda tegishli to‘lov miqdori to‘lanmasligi kadastr pasportini berishni rad etish uchun asos bo‘ladi. Ushbu holatlarda ariza beruvchi umumiy tartibda davlat xizmatidan foydalanish uchun takroran murojaat qilishga haqli.

Quyidagi hollarda kadastr pasportini rasmiylashtirish bepul amalga oshiriladi:

ko‘chmas mulk obekti bo‘yicha birlamchi kadastr yig‘majildi (pasporti) mavjud bo‘lib, begonalashtirilganda yoki obektda o‘zgarishlar (rekonstruksiya, qo‘shimcha va alohida qurilish) mavjud bo‘lmaganda;

ko‘chmas mulk obektining bir qismi begonalashtirilganda yoki toifasi o‘zgarganda obektning qolgan qismiga;

ko‘chmas mulk obektining faqat manzili o‘zgarganda. Bunda manzilini belgilash uchun to‘lov undiriladi.

To‘lov miqdori quyidagi tartibda taqsimlanadi:

a) Davlat xizmatlari markazlariga o‘zi kelib murojaat etganda:

20 foizi — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi budjetdan tashqari jamg‘armasining shaxsiy hisob raqamiga o‘tkaziladi;

qolgan mablag‘lar to‘liq miqdorda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri davlat yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri korxonasi hisob raqamiga o‘tkaziladi;

b) Davlat notarial idoralari, Davlat aktivlarini boshqarish Agentligi, rieltorlik tashkilotlari yoki tijorat banklari orqali murojaat etganda:

10 foizi — Davlat notarial idoralari, Davlat aktivlarini boshqarish Agentligi, rieltorlik tashkilotlari yoki tijorat banklari hisob raqamiga o‘tkaziladi;

qolgan mablag‘lar to‘liq miqdorda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri davlat yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri korxonasi hisob raqamiga o‘tkaziladi.

DK filiali tomonidan kadastr pasportini rasmiylashtirishni rad etish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:

ariza shakli to‘liq emas yoki xato to‘ldirilishi;

ko‘chmas mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emasligi;

ariza beruvchi yoki uning vakili kelishilgan vaqtda va manzilda bo‘lmagan taqdirda va o‘lchov ishlarini amalga oshirishni imkoni bo‘lmaganda;

vakolatli organ tomonidan faqat kadastr pasportini rasmiylashtirish bo‘yicha ko‘chmas mulk obektiga taqiq yoki xatlov qo‘yilganligi.

DK filiallari tomonidan obektning kadastr pasportini rasmiylashtirishda ushbu bandda ko‘rsatilmagan asoslar bo‘yicha rad etish qat'iyan taqiqlanadi.

To‘lov amalga oshirilganidan so‘ng, DK filiali QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan kadastr pasportini elektron shaklda rasmiylashtiradi va tegishli vakolatli organga yuboradi.

Vakolatli organ kadastr pasporti tushganidan so‘ng o‘n daqiqa mobaynida uni ariza beruvchining elektron manziliga yuboradi va talabgorni bu haqda axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi. Vakolatli organ talabgorning so‘roviga ko‘ra unga kadastr pasportini elektron shaklda yoki qog‘oz shaklida berishi mumkin.

Mavzuga oid