O‘zbekiston | 14:16 / 12.05.2023
16002
6 daqiqa o‘qiladi

Tabiat muhofazasi Qizil kitobga kiritilgan hayvonlarni ovlashdan keladigan pulga qarab qolganmi?

Mahalliy qonunchilik Qizil kitobga kiritilgan hayvonlarni pul evaziga ovlashga ruxsat beradi. Tabiat resurslari vazirligi mablag‘ tabiat muhofazasiga sarflanishini aytyapti. Xo‘sh, jonivorni o‘ldirmasdan ko‘paytirishning iloji yo‘qmi? Yo‘qolib ketish xavfi ostidagi jonzotlarni otishga ruxsat berilsa, ular nega Qizil kitobga kiritiladi?

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda Qizil kitobga kiritilgan hayvonlarni ovlash, ayniqsa, xorijlik ovchilar tomonidan ovlash oxirgi vaqtlarda sezilarli ko‘paygan. Masalan, yaqinda rossiyalik ovchi Sergey Mazurkevich 1 bosh morxo‘r va Buxoro qo‘yini ovlagani o‘zbek auditoriyasida yetarlicha norozilik keltirib chiqardi. Shunga o‘xshash voqea 2021 yilda boshqa bir rus ovchisi bilan ham bo‘lgandi. O‘shanda Yevgeniy Shirokov 2 dona qo‘ng‘ir ayiqni otishga ruxsatnoma olib, bitta ayiqni otgach jamoatchilikda keskin rezonans ko‘tarilgandi. Natijada ovchidan ikkinchi qo‘ng‘ir ayiqni ovlashga berilgan ruxsatnoma qaytarib olingandi. Umuman yovvoyi hayvonlarni ovlashga ruxsatnoma olish nimani anglatadi?

Hayvonlarni ovlashga ruxsatnoma olish

Qonunchilikka ko‘ra, yovvoyi jonivorlarni ovlash uchun maxsus ruxsatnoma olish talab qilinadi. Uni Tabiat resurslari vazirligi ovchiga har bir hayvon uchun alohida beradi. O‘zFA qoshidagi Zoologiya instituti esa har yili yoki chorakda jonivorlar yashash hududi va populyatsiyasini o‘rganib, bir yilda qaysi turdagi jonivordan nechta ovlash mumkinligi haqida o‘z xulosasi va kvotasini tasdiqlaydi. Vazirlik ruxsatnoma berayotganda shu xulosadan foydalanadi.

Kun.uz ham aynan rus ovchilari otgan morxo‘r va Buxoro qo‘yiga belgilangan kvota haqida vazirlikka so‘rov yuborgandi. Taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, O‘zFAning 2022 yil 5 dekabrdagi xulosasida 8 bosh (4ta ovlashga, 4ta ko‘paytirishga) burama shoxli echki (morxo‘r) va 4 bosh Buxoro tog‘ qo‘yi (Urial)ga kvota ajratilgan.

Shu o‘rinda muhim ma’lumotni aytib o‘tish kerak: bu 2 jonivor O‘zbekistonda u qadar ko‘p emas. Zoologiya instituti rahbari Baxtiyor Xolmatovning Kun.uz’ga bergan ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda yashayotgan morxo‘rlarning umumiy soni 750dan ortiqni, Buxoro tog‘ qo‘yi esa 150 donani tashkil qilib turibdi.

Berilgan pul jonivor hayotiga arziydimi?

Qizil kitobga kiritilgan jonivorlarni ovlash uchun ruxsatnoma qonunchilikda ko‘rsatilgan to‘lovni amalga oshirgandan keyin beriladi. Chet ellik jismoniy va yuridik shaxslar mahalliy ovchilardan ko‘proq to‘laydi. Masalan, rus ovchilari otgan morxo‘r uchun 25 ming dollar, Buxoro tog‘ qo‘yi uchun esa 10 ming dollar miqdorda to‘lashi ko‘rsatilgan. Xo‘sh, ular beradigan pul noyob hayvonning o‘ldirilishi, insonni tabiatning bir bo‘ladigan ajratish uchun arziydimi, degan savol tug‘iladi. Ushbu savolni Kun.uz vazirlikka ham berdi. Ularning javobiga ko‘ra, yovvoyi hayvonlarni ovlashdan tushgan pul tabiatni muhofaza qilish loyihalari va tadbirlariga sarflanadi.

O‘simlik va hayvonot dunyosi obektlarining zararkunandalari va kasalliklariga qarshi kurashish bo‘yicha tadbirlar, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish, kengaytirish, ularning faoliyati va rejimini ta’minlash hamda jihozlash bo‘yicha tadbirlar, o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish va qayta tiklash bo‘yicha pitomniklar barpo etish ishlariga yo‘naltiriladi”, – degan qisqa javob bilan cheklandi vazirlik.

Ammo shu o‘rinda ochiq qolib ketayotgan jihat bor: tabiatni muhofaza qilish tadbirlari Qizil kitobga kiritilgan hayvonlarni ovlashdan keladigan pulga qarab qolganmikan?

Qizil kitobga kiritilgan jonivor nega ovlanadi?

Istalgan jonivorni otishga ruxsat berilsa, nega jonivorlar Qizil kitobga kiritiladi, Qizil kitob muhofaza uchun emasmi? Baxtiyor Xolmatovning tushuntirishicha, odatda otishga ruxsat berilganda hayvonning jinsi, reproduktiv xususiyatini yo‘qotganligi va urchishda ishtirok etish va etmasligi kabi xususiyatlari inobatga olinadi. Ya’ni u jonivor Qizil kitobga kiritilgan bo‘lsa ham, har yili ularning soni va ko‘payish holati yaxshilab o‘rganib chiqiladi. “Juda ko‘payib ketgan bo‘lsa, ovlashga qari, urchishda ishtirok etmaydiganlari tanlab olinadi”, – dedi u.

Bu savolga vazirlik bergan javob ham Zoologiya instituti rahbarining fikrlariga juda yaqin. Qizil kitobga kiritilgan hayvonlarni ovlamasa, ular tabiiy ko‘payib ketadi degani emas. Aksincha, o‘lja olish maqsadida ov qilish, ularning ayrim hollarda sonini tartibga solish ham hayvonlardan oqilona foydalanish va ularning tabiiy ko‘payishiga yordam berishga qaratilgan tadbirlardan biri hisoblanadi”, – deya javob berdi Tabiat resurslari vazirligi mutaxassislari.

Qo‘shimcha qilinishicha, agar yovvoyi hayvon turlari vaqti-vaqti bilan ov qilinmasa, tabiiy yashash arealiga sig‘may, aholi yashash punktlariga kelib, insonlar hayotiga va sog‘lig‘iga xavf soladi. Shuningdek, boshqa hayvonlar arealining qisqarishiga olib keladi.

Masalan, ovlangan Buxoro tog‘ qo‘yi sun’iy pitomnikda ko‘paytirilgan bo‘lib, ovchilik xo‘jaligiga qo‘yib yuborilgan va aynan shu hayvon ovchilik xo‘jaligida ov qilingan”, – deydi mutaxassis.

Zuhra Abduhalimova, jurnalist

Mavzuga oid