O‘zbekiston | 14:14 / 01.06.2023
7142
5 daqiqa o‘qiladi

“Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun – korrupsiyaga qarshi kurashishda muhim qadam

Senatning 1 iyun kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun maqullandi. Ushbu qonun korrupsiyaning bir ko‘rinishi bo‘lgan manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va tartibga solishning huquqiy asosini ta’minlaydi.

Xudoyor Meliyev Foto: Kun.uz

 Mazkur qonun Prezident Farmonida nazarda tutilgan topshiriq ijrosi yuzasidan Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan.

O‘zbekistonning xalqaro indekslardagi holatlari tahlil qilinganda, “Jahon odil sudlov loyihasi” tashkilotining 2022 yildagi Huquq ustuvorligi indeksida “Korrupsiyadan xolilik” indikatori bo‘yicha O‘zbekiston 66-o‘rinni egallagan va bu ko‘rsatkich bilan 4 bandga yuqoriladi.

“Transparency International” tashkilotining Korrupsiyani qabul qilish indeksida ham asosiy ko‘rsatkichlardan biri aynan manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishga qaratilgan qonunlar mavjudligi va ularga amal qilinishidir. Ushbu indeksda O‘zbekiston 2022 yil yakunlari bo‘yicha 180 ta mamlakat ichida 126-o‘rinni egalladi

Qonun bilan davlat tashkilotlarida manfaatlar to‘qnashuvi vaziyatlari to‘g‘risida xabar berish va tartibga solish natijasida “xolis qaror qabul qilish madaniyati” shakllanishiga xizmat qiladi.

O‘z navbatida, qonun bilan “manfaatlar to‘qnashuvi” tushunchasiga aniq ta’rif berilib, ushbu vaziyat kimlar o‘rtasida va qachon vujudga kelishi mumkinligi aniq belgilanmoqda.

Manfaatlar to‘qnashuvi – davlat tashkiloti xodimining, uning yaqin qarindoshlarining va unga aloqador shaxslarning shaxsiy manfaatlari bilan fuqarolarning, tashkilotning yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelgan va kelayotgan (mavjud manfaatlar to‘qnashuvi) yoxud yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan (taxmin qilinayotgan manfaatlar to‘qnashuvi) vaziyat.

Davlat tashkiloti xodimlari, ularning yaqin qarindoshlari va ularga aloqador shaxslarning manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish sohasidagi huquq va majburiyatlari belgilanmoqda;

Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish maqsadida davlat tashkiloti xodimlariga bir qator cheklovlar belgilanmoqda. Masalan:

– o‘zi ishlayotgan davlat tashkiloti nazorat qiladigan tijorat tashkilotlarida ulushga o‘zi yoki yaqin qarindoshlari egalik qilishi;

– tijorat tashkilotlarining ta’sischisi (aksiyadori, ishtirokchisi) bo‘lish, bundan aksiyadorlik jamiyatlarining ommaviy muomalada bo‘lgan 10 foizigacha aksiyalariga egalik qilish mustasno;

– o‘zi ishlayotgan davlat tashkilotida o‘zining, yaqin qarindoshlari yoki unga aloqador shaxslarga taalluqli ishlarni ko‘rib chiqishda vakil sifatida ishtirok etish;

– o‘zi ishlayotgan davlat tashkilotining mulkini sotib olishda, ijaraga olishda ishtirok etishi yoxud ushbu savdolarda yaqin qarindoshlarining ishtirok etishi (bundan elektron auksion mustasno) taqiqlanadi;

Mazkur cheklovlar Polsha, Rossiya, Gruziya, Latviya va boshqa davlatlarning qonunchiligida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishga oid belgilangan cheklovlardan foydalanilgan.

Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, aniqlash va tartibga solish bo‘yicha vakolatli tuzilmalar tizimi belgilanmoqda. Jumladan:

– Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi;

– korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari;

– kadrlar bilan ishlash bo‘linmalari;

– odob-axloq komissiyalari.

Davlat tashkilotida aniqlangan manfaatlar to‘qnashuvi vaziyatlarini hisobga olish reyestri yuritilishi nazarda tutilmoqda.

Manfaatlar to‘qnashuviga oid talablarni buzganlik uchun quyidagi huquqiy oqibatlar belgilanmoqda:

– manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha cheklovlarga amal qilmagan davlat tashkiloti xodimlariga nisbatan intizomiy javobgarlik;

– manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan holda qabul qilingan qarorlar va tuzilgan bitimlar sud tartibida haqiqiy emas deb topilishi va aybdor xodimdan yetkazilgan zarar undirish.

– Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga davlat organi xodimlarining manfaatlar to‘qnashuvi haqida xabar bermaganligi va uni tartibga solinmaganlik uchun ma’muriy jarimalar belgilanmoqda.

Mazkur Qonun qabul qilinishi natijasida davlat tashkilotlarida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, aniqlash va tartibga solishning samarali mexanizmlarini joriy etish, uning huquqiy oqibatlarini aniq belgilash hamda O‘zbekistonning korrupsiyaga oid xalqaro reytingdagi ko‘rsatkichlarini oshirishga xizmat qiladi.

Adliya vaziri o‘rinbosari X. Meliyev

Mavzuga oid