Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Marg‘ilonda ko‘chada o‘ynab o‘tirgan yosh bolani Gentra'da bosib ketgan haydovchiga hukm o‘qildi
55 yoshli ayol sudda bolani ko‘rmay qolganini, hatto bosib o‘tganda yig‘lagan ovozini eshitmaganini aytgan. “Bilganimda darrov to‘xtardim. Masalan, itni ezib ketsangiz ham to‘xtaysiz-ku”, degan u. Bolaning otasi esa farzandi oyoqqa turgan bo‘lsa-da, ahvoli to‘la-to‘kis yaxshi emasligini bildirgan.
Foto: Videodan kadr
Marg‘ilon shahrida ko‘p qavatli uy oldida o‘ynab o‘tirgan 2,5 yashar bolani mashinasida bosib o‘tib ketgan ayol jinoiy jazoga tortildi. Bu haqda Ruxsor TV telekanali xabar berdi.
Holat shaharning Zuxro ko‘chasida sodir bo‘lgan. Ko‘p qavatli uy yo‘lagida o‘ynab o‘tirgan Abubakr Akramjonovni shu yerdagi xonadonlardan birida yashovchi 55 yoshli ayol Gentra mashinasida bosib ketgan. Hodisa oqibatda tan jarohati olgan bola shifoxonaga yotqizilgan.
55 yoshli haydovchi sudda o‘sha kuni yaqin qarindoshining uyiga borish maqsadida yo‘lga chiqqanini, yurgan vaqtida hech qanday bolaning ovozi eshitilmagani va mashinada biror nima bosib o‘tganini sezmaganini aytgan.
“Bilganimda darrov to‘xtardim. Masalan, itni ezib ketsangiz ham to‘xtaysiz-ku! Kelganimda ham yo‘q, men bosmadim, dedim. Yig‘laganini ham eshitmabman. Kameradan ko‘rdim. Telefon bo‘ldi, bittasini urib ketibsiz, oyog‘i va qo‘li shilinibdi, deyishdi. Ko‘rib, ketib qolibsiz, deyishdi. Kamerani ko‘ringlar, men urganim yo‘q, deb tan olmadim. Keyin ertasiga o‘sha kamerani ko‘rishgan ekan, men ekanman”, degan u o‘z ko‘rsatmasida.

Ayol 5 yil avval haydovchilik kursini tamomlab, haydovchilik guvohnomasi olganini bildirgan.
Bolaning otasi sudda farzandining ruhiy holati o‘zgarganini, haydovchi 3 oy o‘tgan bo‘lsa-da, biror marta qo‘ng‘iroq qilmaganini ma’lum qilgan.
“Bitta gapni gapirsangiz, qo‘rqib ketadi. Ko‘chaga olib chiqsangiz, mashina kelsa, uyga kiraman, deydi. Oldin doim ko‘chada bo‘lgan, o‘ynagan, boshqa qilgan, uyga kirmayman deydigan bola hozir uydan ko‘chaga chiqqisi kelmaydi”, degan u.
Ota suddan haydovchi ayolga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni, yetkazilgan moddiy zarar bilan ma’naviy zararni ham qoplab berishini so‘ragan.

Sud hukmi bilan haydovchi Jinoyat kodeksining 117-moddasi 1-qismida (Xavf ostida qoldirish) hamda 266-moddasi 1-qismida (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 2 yil muddatga barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda uydan chiqishini butunlay cheklashdan iborat 2 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Shuningdek, haydovchidan bolaning otasiga 2 mln 350 ming so‘m moddiy va 25 mln so‘m miqdorda ma’naviy zarar undirish belgilangan.
YTH 2025 yil 10 may kuni sodir bo‘lgandi. Ko‘p qavatli uylar oralab juda sekin harakatlangan avtomobil yo‘l chetida o‘ynab o‘tirgan bolaning ustidan yurib o‘tgan – mashinaning old g‘ildiragi jabrlanuvchining ko‘krak qismini, orqa g‘ildiragi esa tos qismini bosib o‘tgan. Haydovchi ayol bolaning baqirishini ham eshitmay, bamaylixotir o‘z yo‘lida davom etib, hodisa joyidan ketib qolgandi.
Mavzuga oid
11:02 / 28.10.2025
Mirzaobod tumani sobiq hokimi jinoiy jazoga tortildi
10:59 / 24.10.2025
Qora Gentraʼdagi bezorilar jinoiy jazoga tortildi
13:40 / 27.09.2025
Marg‘ilonda tez yordam mashinasi YTHga uchrashi oqibatida ikki kishi jarohat oldi
11:43 / 28.07.2025