O‘zbekiston | 20:57 / 12.12.2019
18093
4 daqiqa o‘qiladi

Rasul Kusherbayev: «Deputatlar jurnalistga bosim o‘tkazish holatini jinoyat kodeksiga kiritib berishlari kerak»

12 dekabr kuni siyosiy partiyalar vakillari va O‘zbekistondagi xorijlik diplomatlar o‘rtasida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda AQSh, Buyuk Britaniya va Janubiy Koreya elchilari hamda BMTning O‘zbekistondagi bosh koordinatori qatnashdi.

Uchrashuvda diplomatlar Oliy Majlis deputatligi uchun nomzodlarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildi. BMT vakili Helena Freyzerning O‘zbekistonda OAV erkinligini ta'minlash borasida deputatlarning o‘rni qandayligi bo‘yicha savoliga O‘zLiDeP fraksiyasi a'zosi, deputat Rasul Kusherbayev javob qaytardi.

«Birinchi navbatda, infrastruktura bilan bog‘liq muammo bor. Ayni vaqtda internet nashrlar ancha jadallashib rivojlanyapti. Lekin hozircha chekka hududlarni internet tarmog‘i bilan qamrab olishning imkoni bo‘lmayapti. Yaqinda hukumatga bir yil ichida barcha aholi punktlaridagi maktablarni optik tolali internet bilan ta'minlash talabini qo‘ygandik. Hamma qishloqlarda maktablar bor, agar ular internetga ulansa, aholining internet bilan qamrab olinishi oshadi. Hukumat bu talabni qondirishni o‘z zimmasiga oldi.

Qonunlarga keladigan bo‘lsak, jurnalistlar erkinligi huquqiy ta'minlangan. Lekin ularga nisbatan qo‘llanayotgan cheklovlar bo‘lsa, mas'ullar tomonidan javobgarlikni kuchaytirish va muqarrarligini ta'minlash masalasi muammo bo‘lib turibdi. Shuning uchun kelajakda deputatlar jurnalist faoliyatiga xalaqit berganlik, bosim o‘tkazganlik, to‘siq qo‘yganlik uchun jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lish masalasini jinoyat kodeksiga kiritib berishi kerak. Bu deputatlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishi, deb o‘ylayman.

Jurnalistlarga bosim o‘tkazgan shaxs kim bo‘lishidan qat'i nazar qonun oldida javob berishi shart, kechirim so‘rab qutulishi kerakmas. Bu borada joylardagi hokimlardan umuman qoniqmaganman», deya deputatning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri. 

 

Davra suhbati davomida Rasul Kusherbayev BMTning «Nogironlar huquqlari to‘g‘risida»gi Konvensiyasini O‘zbekiston nima sababdan hanuz ratifikatsiya qilmayotgani haqidagi savolga javoban ushbu xalqaro hujjat ratifikatsiyasiga qarshiligini aytdi.

«So‘nggi 5 yil ichida bu ratifikatsiya haqida eshitganim yo‘q. Bu xalqaro hujjatni qabul qilishdan oldin yaxshilab hisob-kitobini yuritish kerak. Xarajatlar qaysi manbadan qoplanishi aniqlanishi zarur. Agar bu harakat tadbirkorlar uchun qo‘shimcha xarajat talab qiladigan bo‘lsa, ratifikatsiyani yanayam kechiktirish lozim. Hujjatni hech qanday hisob-kitoblarsiz qabul qilamiz deyish oson. Bundan kim qiynaladi? Tadbirkorlar asosiy soliq to‘lovchilar qatlami hisoblanadi. Shuning uchun, albatta, ular bilan maslahat qilish kerak. Budjetga kim ko‘p mablag‘ tushiradigan bo‘lsa, o‘shaning (tadbirkor - tahr.) faoliyatini cheklaydigan harakat qilmasligimiz lozim», dedi Kusherbayev.

Boshqa partiya vakillari ham o‘z fikrlarini bildirishdi. «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi a'zosi Nodir Tilavoldiyev ratifikatsiya qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, «Adolat» SDP vakili bo‘lgan Oydin Abdullayeva bu jarayon O‘zbekiston uchun biroz vaqtli ekanligini ta'kidladi.

Mavzuga oid