Jamiyat | 19:09 / 17.04.2020
56609
3 daqiqa o‘qiladi

Namanganda ichki ishlar xodimlariga bo‘ysunmagan deputatga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan – IIV

15 aprel kuni avtomashinasini majburiy sug‘urta qilishni unutgani uchun ichki ishlar xodimlari tomonidan to‘xtatilgan xalq deputatlari Namangan shahar kengashi deputati profilaktika inspektorining telefonini sindirgan, uni tinchlantirmoqchi bo‘lgan boshqa xodimning pogoni va xizmat ko‘krak nishonini yulib olgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bu haqda Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Xabarda qayd etilishicha, 2020 yil 15 aprel kuni soat 21:45 larda Xalq deputatlari Namangan shaxar kengashi deputati T.M. o‘ziga tegishli bo‘lgan Matiz rusumli avtomashinasida sherigi bilan birgalikda Yangiqo‘rg‘ondan kelayotib “Qizilko‘prik” postidan Namangan shahri hududiga kirmoqchi bo‘lgan paytda IIB xodimi tomonidan to‘xtatilgan. Hujjatlarni ko‘zdan kechirish vaqtida avtomashina majburiy sug‘urta qilingan sana ko‘rsatilgan muddatdan o‘tib ketgani aniqlangan.

“Haydovchi mashinasini majburiy sug‘urta qilishni unutgan holatlarda avtomobil jarima maydoniga olib boriladi. Biroq deputat guvohnomasini pesh qilib, bu unga avtomashinani sug‘urta qilmasdan boshqarish huquqini berishini aytgan.

2004 yilda qabul qilingan Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining maqomi to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasining qonunida Deputat o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, ushbu Qonun va boshqa qonunlarga muvofiq amalga oshiradi, deb belgilab qo‘yilgan. Mazkur qonunda deputat vakolatlari ham ko‘rsatib o‘tilgan, biroq transport vositasini hujjatsiz boshqarish huquqi bu vakolatlar qatoriga kiritilmagan. 

Deputat viloyat IIB katta inspektori, mayor Ilhomjon Abdurahmonovning qonuniy talablarini bajarmasdan avtomashinadan tushib uning qo‘liga urib yuborishi natijasida profilaktika inspektorining qo‘lida bo‘lgan telefon apparati yerga tushib ketib shikastlangan. Viloyat IIB YHXB inspektori, safdor Husanboy Ziyoviddinov huquqbuzarni tinchlantirmoqchi bo‘lganida u  xodimning pogoni va xizmat ko‘krak nishonini yulib olib, boshqa tomonga uloqtirib yuborgan”, deydi IIV axborot xizmati vakili Sayfiddin To‘raxo‘jayev.

Ma'lum qilinishicha, ushbu holat bo‘yicha 2020 yil 16 aprel kuni Namangan shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

 

Mavzuga oid