Jahon | 15:00 / 24.03.2026
3521
10 daqiqa o‘qiladi

AQSh–Eron muzokaralari, Ukrainada davom etayotgan urush va Kolumbiyada qulagan samolyot – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

AQSh–Eron muzokaralari boshlanishi mumkin

Urushning to‘rtinchi haftasiga kelib — 23 mart kuni prezident Donald Tramp AQSh va Eron «Yaqin Sharqdagi adovatni mutlaq hal qilish» borasida «juda yaxshi va samarali» suhbatlar o‘tkazganini yozdi.

U Eronning energetika tizimiga zarba berish rejasini besh kunga kechiktirganini aytdi. Trampning bu bayonoti dam olish kunlaridagi tahdidlar va Eronning javob qaytarish va’dalari ortidan keskinlikni pasaytirdi.

Keyinroq Tramp jurnalistlarga uning maxsus vakillari yakshanba kuni Eronning yuqori martabali rasmiysi bilan muhokamalar o‘tkazganini va bu davom etishini ma’lum qildi.

«Bizda asosiy kelishuv nuqtalari bor, deyarli barcha masalalar bo‘yicha kelishuvga egamiz deb ayta olaman», dedi u Florida shtatidan Memfisga jo‘nab ketishidan oldin. Tramp bu safar jiddiy niyatda ekanini qo‘shimcha qildi: «O‘ylashimcha, bu hamma uchun yaxshi kelishuv bilan yakunlanishi mumkin».

Tramp AQSh bilan aloqada bo‘lgan Eron rasmiysining ismini oshkor qilmadi, lekin: «Biz o‘zim ishonadigan eng hurmatli va yetakchi shaxs bilan ish olib boryapmiz», dedi. Vaziyatdan xabardor boshqa manbalarga ko‘ra, Eron tomonidan muzokara ishtirokchisi Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir G‘olibof bo‘lgan.

Muhammad Boqirning o‘zi esa AQSh bilan bunday muzokaralar bo‘lmaganini aytdi. «AQSh bilan hech qanday muzokaralar o‘tkazilmadi. 'Soxta xabarlarʼ moliya hamda neft bozorlarini manipulyatsiya qilish shuningdek, AQSh va Isroil tushib qolgan botqoqlikdan qochish uchun ishlatilmoqda», deb yozdi u.

Shuningdek Eron Inqilobiy gvardiyasi ham AQSh nishonlariga yangi hujumlar boshlayotganini e’lon qildi va Trampning so‘zlari Tehronning kurashiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmasligini bildirdi.

Eron Tashqi ishlar vazirligi esa Tramp tasvirlaganidek muzokaralar bo‘lib o‘tganini tasdiqlamagan bo‘lsa-da, keskinlikni kamaytirish tashabbuslarini qayd etdi. Vazirlikka ko‘ra, tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi ummonlik hamkasbi bilan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bilan bog‘liq o‘zgarishlarni ko‘rib chiqqan va maslahatlashuvlarni davom ettirishga kelishib olgan.

Reutersʼning pokistonlik rasmiyga tayanib yozishicha, Tramp Pokiston armiyasi qo‘mondoni Asim Munir bilan qo‘ng‘iroqlashgan. Shundan so‘ng AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens, shuningdek, Uitkoff va Kushner shu haftada Islomobodda Eron rasmiylari bilan uchrashishi kutilmoqda. Oq uy Trampning Munir bilan qo‘ng‘iroqlashganini tasdiqladi, ammo Islomobodga ehtimoliy tashrif borasida izoh bermadi.

Eron OAVlari ham prezidenti Mas’ud Pizishkiyon va Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif urush ta’sirini muhokama qilganini xabar berdi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu esa dushanba kuni Tramp bilan gaplashganini, Isroil Livan hamda Eronga hujumlarni davom ettirishini aytdi.

Kolumbiyada samolyot quladi

23 mart kuni Kolumbiya harbiy samolyoti havoga ko‘tarilish paytida halokatga uchradi. Hodisa oqibatida 66 kishi halok bo‘lgan, qutqaruvchilar bedarak yo‘qolgan to‘rt kishini qidirmoqda.

Mamlakat qurolli kuchlari rahbari Alexandro Lopesning ma’lum qilishicha, Hercules C-130 transport samolyoti bortida 128 kishi, jumladan, harbiylar va politsiyachilar bo‘lgan. Omon qolganlardan 57 nafari kasalxonaga yotqizilgan.

Baxtsiz hodisa samolyot Puerto-Leguizamo shahridan havoga ko‘tarilayotgan vaqtda sodir bo‘lgan. Qutqaruvchilar samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagining oxiriga yaqin joyda zarbaga uchragan, deb hisoblamoqda. Shundan keyin shiddat bilan qulayotgan vaqtda samolyot qanoti daraxtga tegib ketgan. Natijada halokat samolyotning yonib ketishiga va bortdagi portlovchi qurilmalarning portlashiga sabab bo‘lgan.

Samolyotni ishlab chiqargan Lockhead Martin kompaniyasi vakili ushbu hodisani tekshirishda yordam berishga tayyorligini aytdi.

Dushanba kuni halokatga uchragan samolyotning bort raqami so‘nggi yillarda AQSh tomonidan Kolumbiyaga yetkazib berilgan uchta samolyotning birinchisiga mos keladi. Fevral oxirida Boliviya Harbiy havo kuchlariga tegishli Hercules ham aholi zich joylashgan kvartalga qulab, 20 kishi halok bo‘lgandi.

Rossiya–Ukraina urushi ham davom etmoqda

Rossiya qo‘shinlari seshanbaga o‘tar kechasi raketalar va dronlar qo‘llagan holda Ukrainaning bir necha viloyatiga hujum qildi. Mahalliy hokimiyat organlarining xabar berishicha, Poltava va Kiyev viloyati hamda Zaporijjya shahri o‘qqa tutilgan.

Poltava viloyatida Rossiyaning kombinatsiyalashgan hujumi tufayli ikki kishi halok bo‘ldi, yana 11 kishi jarohatlandi. Turar joy binolari va mehmonxonaga zarar yetkazilgani qayd etildi, yong‘inlar kelib chiqdi.

Rossiya armiyasining ommaviy zarbasi Zaporijjyaga ham to‘g‘ri keldi. Oltita ko‘p kvartirali uy, do‘kon, noturar joy binolari, sanoat infratuzilmasi obekti zarar ko‘rgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, shaharga qilingan Rossiya hujumi natijasida bir kishi halok bo‘lgan, yana besh kishi yaralangan.

Bundan tashqari, Kiyev viloyatida Rossiya dronlari kuzatildi, rasmiylar havo hujumidan mudofaa tizimi ishlayotgani haqida xabar berdi.

«Shimoliy Koreya yadroviy davlat bo‘lib qoladi»

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In parlamentdagi nutqida Pxenyan yadroviy davlat maqomiga ega bo‘lishi ortga qaytmas jarayon ekanini bildirdi. «O‘z-o‘zini himoya qilish va yadroviy tiyib turish qobiliyatini kengaytirish milliy xavfsizlik, mintaqaviy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanish uchun o‘ta muhimdir», dedi Kim dushanba kuni Oliy Xalq Majlisidagi chiqishida.

Shuningdek, u yadroviy qurolsizlanishni iqtisodiy manfaatlar yoki xavfsizlik kafolatlariga almashtirish g‘oyasini rad etdi.

«Mustaqil davlatlarning qadr-qimmati va huquqlari bir tomonlama, kuch va zo‘ravonlik bilan shafqatsizlarcha poymol qilinayotgan bugungi dunyo voqeligi — davlat mavjudligi va tinchligining haqiqiy kafolati nima ekanini yaqqol o‘rgatmoqda», dedi Kim.

Tahlilchilarning fikricha, ushbu fikrlar AQShning Erondagi urushiga qarshi bilvosita tanqid bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, Kim Janubiy Koreya «eng ashaddiy dushman davlat sifatida tan olinganini» aytdi. U Seulni Shimoliy Koreya suverenitetini buzishga qaratilgan har qanday urinish «hech qanday ikkilanishsiz shafqatsizlarcha bostirilishi» haqida ogohlantirdi.

Xavfsizlik siyosati bilan bir qatorda Kim iqtisodiy ustuvorliklarni ham belgilab, yangi besh yillik rivojlanish rejasini tasdiqladi. Xalqaro baholashlarga ko‘ra, Shimoliy Koreya dunyodagi eng kambag‘al davlatlardan biri bo‘lib, iqtisodiyoti qattiq sanksiyalar ostida va surunkali taqchillik mavjud.

Janubiy Koreya prezident ma’muriyati Kimning so‘zlarini «tinch-totuv yashash uchun nomaqbul» deb atadi va faqat muloqot hamda hamkorlik Koreya yarimorolida o‘zaro xavfsizlik va farovonlikni ta’minlashini qo‘shimcha qildi.

Yevroittifoq va Avstraliya kelishuvi

Yevropa Ittifoqi va Avstraliya erkin savdo to‘g‘risidagi kelishuvni tuzish bo‘yicha muzokaralarni yakunladi. Bu haqda 24 mart kuni Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen va Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaneze e’lon qildi.

2018 yildan beri ishlab chiqilayotgan «Erkin savdo to‘g‘risida»gi kelishuv Yevropadan Avstraliyaga tovarlar eksporti uchun bojlarning 99 foizidan ortig‘ini bekor qilishni nazarda tutadi. Bryusselga ko‘ra, bu yevropalik tadbirkorlarga bojlar hisobidan yiliga qariyb 1 milliard yevro tejash imkonini beradi.

O‘z navbatida, Avstraliya Yevropani o‘ta muhim xomashyo bilan ishonchli tarzda ta’minlashi va ularning importi uchun bojlarni pasaytirishi kutilmoqda. Avstraliya hukumati Yevropa bilan erkin savdo birinchi yilning o‘zidayoq mamlakatga 6 milliard yevro daromad keltirishini kutmoqda.

Savdo kelishuvi hali kuchga kirmadi. U a’zo davlatlar va Yevroparlament, shuningdek, Avstraliya parlamenti tomonidan ma’qullanishi kerak. Savdo kelishuvlaridan tashqari, Bryussel va Kanberra yangi mudofaa bitimi ham imzoladi.

Kristi Noem o‘rniga yangi vazir

AQSh Senati dushanba kuni Markveyn Mallinni Milliy xavfsizlik departamenti (Homeland Security) kotibi etib tasdiqlash uchun ovoz berdi. Prezident Donald Trampning ushbu tanlovi 54-45 ovoz nisbati bilan tasdiqlandi.

Sobiq kotib Kristi Noem yanvar oyida Minnesota shtatida Immigratsiya va bojxona nazorati agentlari tomonidan amerikaliklarning o‘ldirilishi ortidan ichki tekshiruvlarga duch kelgandi.

Shundan so‘ng, demokratlar Trampni Noemni ishdan bo‘shatishga undab kelishgan. Shuningdek, unga qarshi impichment rezolyutsiyasiga ham imzo chekkan.

Senatorlar Mallinga oldingi boshqaruv davridagi hodisalar bo‘yicha savollar berdi. Xususan, ICE agentlari sud orderisiz uylarga kirishda davom etishi yoki yo‘qligi haqida so‘radi.

«Biz biror shaxsni ta’qib qilayotgan holatimizdan tashqari, sud orderisiz uyga yoki tadbirkorlik binosiga kirmaymiz», dedi Mallin.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid