Jahon | 23:16 / 17.01.2026
6497
10 daqiqa o‘qiladi

Venesuela ustidan nazorat Trampni “neft qiroli”ga aylantira oladimi?

Dunyo bo‘yicha eng katta tasdiqlangan neft zaxirasi Venesuela hissasiga to‘g‘ri keladi – taxminan 303 milliard barrel. Taqqoslash uchun, bu miqdor AQSh va Rossiyadagi umumiy zaxiralardan ham 2 barobarga ko‘p. Tramp va uning jamoasi prezident Nikolas Maduro olib qochilganidan keyin Venesueladagi mislsiz qora oltin zaxiralari ustidan to‘liq nazorat o‘rnatish haqida ochiqcha bayonotlar bera boshladi.

Dastlab Venesuela AQShga 30 milliondan 50 million barrelgacha neft yetkazib berishi kerakligi iddao qilingan bo‘lsa, keyin neft narxini bir barrel uchun 50 dollargacha arzonlanlashtirish rejalari haqida xabarlar chiqa boshladi.

Xo‘sh, rasmiy Vashington neftni o‘z manfaati uchun ishlaydigan siyosiy qurolga aylantira oladimi?

Neft qazib olishning qisqarishi

Yuqorida Venesuela dunyodagi eng katta neft zaxiralariga ega ekaniga to‘xtaldik, biroq jahon energetika bozorlarida bu mamlakatning hozirgi o‘rni juda kichik. Venesuelada kuniga o‘rtacha bir million barrel neft qazib olinadi, bu global taklifning 1 foizini tashkil etadi.

O‘tgan asrning 50-yillarida Venesuelada kuniga 1,5 million barrel neft qazib olinardi, bu o‘sha davrdagi jahon neft qazib chiqarish hajmining qariyb 15 foiziga teng bo‘lib, Fors ko‘rfazi mamlakatlari barchasi birgalikda qazib olganidan ham ko‘proq miqdor bo‘lgan. Mamlakat neft sanoatida deyarli barcha eng yirik kompaniyalar faoliyat yuritgan. Rasmiy Karakas 1960 yilda Eron, Iroq, Kuvayt va Saudiya Arabistoni bilan birga OPEK'ni tashkil etgan asoschilardan biri hamdir. Ammo qazib olish pasayishi va eksport majburiyatlarini bajarish qobiliyati susayishi ortidan, uning tashkilotdagi ta’siri sezilarli darajada zaiflashdi.

2005 yilgacha Venesuela AQShning eng yirik neft ta’minotchisi bo‘lgan. Biroq vaziyat tubdan o‘zgardi: 2007 yilda Ugo Chaves sanoatni milliylashtirdi, jumladan, mamlakatda ishlayotgan Amerika kompaniyalariga tegishli mulklarni ham musodara qildi. Natijada sohaga yillar davomida yetarlicha sarmoya kiritilmay qoldi, xalqaro sanksiyalar ham Venesuela neft sektori rivojlanish imkoniyatlarini jiddiy chekladi. Ayrim g‘arb kompaniyalari, jumladan Chevron, mamlakatda ishlashda davom etayotgan bo‘lsa-da, sanksiyalar rejimining kengayishi va eksportga cheklovlar kuchayishi ortidan ularning ishtiroki sezilarli darajada qisqarib ketdi.

Muammoli jihatlar

Karnegi Berlin markazining katta ilmiy xodimi Sergey Vakulenkoning tahlillariga ko‘ra, bir qator omillar sabab Venesuela neft sanoati tasavvur qilinganichalik istiqbolli bo‘lmasligi mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy zaxiralar dunyodagi eng yirik neft to‘plangan hudud – Orinoko daryosi bo‘yida joylashgan bo‘lib, bu yerda qator muammoli jihatlar bor. Konlardagi qatlamlarga neft bilan oziqlanuvchi bakteriyalar tushib qolishi natijasida butun zaxira degradatsiyaga uchragan. Bakteriyalar neftning yengil fraksiyalarini “yeb yuborgani” sababli, u yerda faqat o‘ta og‘ir va yopishqoq xomashyo qolgan. Bunday neftni oddiy usullar bilan qazib olishning iloji yo‘q: undan foydalanish mumkin bo‘lishi uchun maxsus qayta ishlovdan o‘tkazish talab etiladi, bu esa qazib olish tannarxini keskin oshiradi. Texnologiyalar kun sayin rivojlanib borayotgan bo‘lsa-da, ularning narxi hali ham qimmatligicha qolyapti.

Og‘ir neft qatlam ichidagi harorat va bosimda oquvchanligini saqlab turgan taqdirda ham, yer yuzasiga chiqqach tezda qotib qoladi. Shu sababli uni quvurlar yoki tankerlar orqali tashish uchun yengil uglevodorod fraksiyalari, masalan benzin bilan suyultirishga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, ko‘pincha qatlamni qo‘shimcha ravishda qizdirish zarur bo‘ladi. Bularning barchasi neft qazib olishni nihoyatda qimmat qiladi. Yakunda ham bozorda odatiy navlarga nisbatan 15–20 foizga arzonroq sotiladigan neft olinadi.

Og‘ir neftni apgreyder deb ataladigan maxsus qurilmalardan o‘tkazish mumkin – ular og‘ir fraksiyalarning bir qismini benzin va dizel fraksiyalariga aylantirib, neftning bozor qiymatini oshiradi. Ammo bu jarayon ham qo‘shimcha xarajatlarni talab qiladi. Shu sababdan 2000-yillar boshida ham Orinoko daryosi havzasidagi zaxiralarning iqtisodiy jihatdan samaradorligiga shubha bilan qarab kelingan. Keyinchalik neft narxlari uch xonali raqamga chiqishi fonida qazib olishning rentabelligi qayta baholanadi va Venesuela neft zaxiralari qog‘ozda bir necha barobarga oshib ketadi.

Venesuela va Meksika uzoq yillardan buyon og‘ir neftni katta hajmlarda qazib olib kelgani, AQSh esa ular uchun asosiy bozor bo‘lgani sababli, Meksika qo‘ltig‘i sohilidagi Luiziana va Texas shtatlarida og‘ir neftni qayta ishlashga moslashtirilgan ko‘plab neftni qayta ishlash zavodlari barpo etilgan. Bu zavodlarning biznes modeli xomashyoni arzonroq narxda xarid qilish va texnik imkoniyatlar hisobiga murakkabliklarni bartaraf etishga asoslangan. Biroq so‘nggi yillarda Kanadada og‘ir neft qazib olish sezilarli darajada oshdi va bozor Venesuela neftiga muqobil manbaga ega bo‘ldi.

Umuman olganda, yengil neftni qayta ishlash osonroq, og‘ir neft esa odatda bitumga o‘xshash qoldiq mahsulotlar hajmi ko‘payishiga olib keladi. Venesuela dunyodagi eng yirik isbotlangan neft zaxiralariga ega, ammo uning asosiy qazib olinadigan qismi og‘ir neft hissasiga to‘g‘ri keladi.

Tramp neftni arzonlashtira oladimi?

Sergey Vakulenkoning ta’kidlashicha, realistik jihatdan yiliga 10 milliard dollardan kam bo‘lmagan miqdorda sarmoya kiritilgan taqdirda, 4–5 yil davomida har yili qazib olish hajmini 200–250 ming barrelga oshirish mumkin. Biroq bu asosan an’anaviy neftga taalluqli raqamlar. Brent markali neft narxi barreliga 50–55 dollar bo‘lgan sharoitda, o‘ta og‘ir neft qazib olishni kengaytirish istiqbollari mutlaqo noaniq bo‘lib qoladi. Bunday loyihalar o‘zini oqlashi uchun narxlar kamida 20–30 dollarga oshishi kerak.

Bundan tashqari, qazib olishni ko‘paytirish faqat eski konlarda keng ko‘lamli ishlar olib borish hisobiga bo‘lishi mumkin. Buning uchun esa katta miqdorda uskunalar, burg‘ilash va servis brigadalari hamda boshqa mutaxassislar zarur. Hozir Venesuelada bularning deyarli hech biri yo‘q.

Shu tariqa, Venesuela neft sanoatini qayta tiklash tez va ulkan daromadlarni va’da qilmaydi. Bu esa Amerika neft kompaniyalarini murakkab tanlov qarshisida qoldirishi mumkin. Ularda Venesuelasiz ham puxta rejalashtirilgan loyihalar “konveyeri” mavjud. Texnik, moliyaviy va inson resurslari ham keyingi yillar uchun taqsimlab bo‘lingan. Kompaniyalar bunday sharoitda kelajagi mavhum va siyosiy xatarlar yuqori hududga katta investitsiya kiritishdan tiyilishni afzal ko‘rishi mumkin.

Xitoy va Rossiyaga ta’siri

2000-yillar oxiridan boshlab Xitoy banklari Venesuela neft sanoatiga faol ravishda pul kiritishni boshladi va bu mamlakat uchun eng asosiy tashqi moliyalashtirish manbalaridan biriga aylandi. Rasmiy Karakas to‘lovlarni xom neft jo‘natmalari ko‘rinishida amalga oshirgan. Maduroning hibsga olinishi va siyosiy beqarorlik kuchayishi Xitoy uchun ham xavflarni oshirdi. Venesuelaning Pekin oldidagi qarzi 10 milliard dollardan oshadi va uning qaytarilishiga bo‘lgan ishonch avvalgidek emas.

O‘tgan yili Venesuela nefti Xitoy umumiy import hajmining qariyb 4 foizini tashkil etgan. Shunday bo‘lsa-da, rasmiy Pekin uchun eng katta yo‘qotish Lotin Amerikasidagi pozitsiyasi kuchsizlanishi bo‘lishi mumkin. Vashington bu mintaqani o‘zining ta’sir doirasi deb hisoblaydi. 2000-yildan buyon Pekin Lotin Amerikasidagi aksariyat mamlakatlar uchun AQShni ortda qoldirib, birinchi yoki ikkinchi yirik savdo hamkoriga aylandi. Donald Tramp prezidentligi davrida AQShda bojlarning oshirilishi bu jarayonni yanada tezlashtirdi. Lekin endi, Maduroning o‘g‘irlanishidan keyin mintaqa davlatlari Xitoy bilan munosabatlarda ehtiyotkorlikni kuchaytirishi mumkin.

Boshqa tomondan, neft narxining pasayishi Pekin uchun foydali bo‘ladi. Chunki Xitoy tashqi neftga eng ko‘p bog‘langan va eng katta importyor davlat.

Maduroning hibsga olinishi fonida rossiyalik milliarder Oleg Deripaska Venesuela nefti ustidan nazorat AQShga jahon neft narxlarini boshqarish, shu orqali Rossiya iqtisodiyotiga ta’sir ko‘rsatish imkonini beradi, degan ogohlantirish bilan chiqqandi. Ammo Venesuela neft sanoatining real holatidan kelib chiqiladigan bo‘lsa, ushbu mamlakat qisqa muddat ichida jahon bozoriga katta hajmda mahsulot chiqarish qobiliyatiga ega emas. Agar ko‘proq yangi neft hajmlari bozorga chiqsa ham, u nisbatan qimmat tannarxli bo‘ladi. Bu bilan jahon neft narxlarini barreliga 50 dollardan past darajada ushlab turish deyarli imkonsiz.

Достон Аҳроров
Muallif Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid