“Buni qancha tez qilsak, avtomobil bozorida raqobat paydo bo‘ladi”. Prezident elektromobil tarmog‘ini rivojlantirish loyihalari bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 oktabr kuni elektromobil tarmog‘ini rivojlantirish va xizmat ko‘rsatish qamrovini oshirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Taqdimotda “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati rahbarlari xorijiy kompaniyalar bilan erishilgan kelishuvlar, o‘zlashtirilishi kutilayotgan modellar haqida axborot berdi. Elektromobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, quvvatlash stansiyalari tarmog‘ini kengaytirish, butlovchi qismlarni mahalliylashtirish masalalari muhokama qilindi.
– Elektromobillar kundalik hayotimizga jadal kirib boryapti. Import oshyapti. Nima uchun? Chunki talab bor. Bunday mashinalarning xarajati kam. Eng muhimi, odamlarimiz shuni ma’qul ko‘ryapti. Shunday ekan, xalqimizga zamonaviy elektromobillar yetkazib berishimiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Elektromobillarning yurish xarajati oddiy avtomobilga nisbatan 10 baravar, tabiatga zarari esa 3 baravar kam. Rivojlangan mamlakatlarda bunday transportlardan foydalanish ko‘paymoqda. Buning uchun katta infratuzilma kerak.
– Har bir qarorimizda bir yillik emas, o‘n yilliklarni ko‘zlashimiz kerak. Ekologiyani inobatga olib, kelajakni inobatga olib, bu tarmoqni hozirdan rivojlantirishimiz zarur. Buni qancha tez qilsak, avtomobil bozorida raqobat paydo bo‘ladi. Boshqa elektromobil kompaniyalari ham keladi, – dedi Prezident.
Sohada tajribaga ega xorijiy kompaniya bilan qo‘shma korxona tashkil qilib, ommabop elektromobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.
Davlat rahbari elektromobillarning narxi arzon bo‘lishi kerakligiga alohida e’tibor qaratdi. Bu esa butlovchi qismlarning mahalliylashtirilganlik darajasiga bog‘liq. Elektromobil tannarxi 30 foizini akkumulyator, 10 foizini elektr o‘tkazgichlar tashkil qiladi. Litiy, mis, grafit kabi xomashyo zaxiralaridan foydalanib, bunday qismlarni bemalol o‘zimizda ishlab chiqarish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, mahalliy elektromobil xaridi uchun olingan kredit foizining bir qismi qoplab berilishi belgilandi.
Elektromobillarga xizmat ko‘rsatish tarmog‘ini kengaytirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Kelgusi ikki yilda joylarda ikki mingta quvvatlash stansiyalari tashkil etish vazifasi qo‘yildi. Bu stansiyalarga ham yer, mulk va foyda solig‘idan imtiyoz qo‘llaniladi. Tadbirkorlarga quvvatlash stansiyalari orqali elektrni erkin narxda sotish huquqi beriladi.
Bu tarmoqqa ixtisoslashgan mutaxassislar tayyorlash muhimligi ham ta’kidlandi. Turin politexnika universitetida elektromobillar bo‘yicha ilmiy laboratoriya tashkil etilishi, professor-o‘qituvchi va mutaxassislar Xitoy, Germaniya, AQSh, Koreya kabi davlatlarga malaka oshirishga yuborilishi aytildi.
Mavzuga oid
20:47 / 12.11.2024
“Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz” - Shavkat Mirziyoyev
20:26 / 12.11.2024
Mirziyoyev: Yevropaga “yashil” energiya yetkazish bo‘yicha ko‘p tomonlama bitim imzolaymiz
17:29 / 12.11.2024
Mirziyoyev BMT miqyosida Daryo ekotizimlarining butunligi deklaratsiyasini tuzishga chaqirdi
23:45 / 11.11.2024