O‘zbekiston | 15:44 / 04.01.2020
23048
2 daqiqa o‘qiladi

DSQ raisi o‘rinbosari yangi soliq tizimida imtiyozlarning bekor qilinishi sababini izohladi

Foto: KUN.UZ

Bugun, 4 yanvar kuni Adliya vazirligi tashabbusi bilan yangi tahrirdagi Soliq kodeksining mazmun-mohiyati bo‘yicha matbuot anjumani tashkil etildi. 

Yangi soliq kodeksiga ko‘ra, 2020 yil 1 yanvardan ayrim mahsulotlarga, jumladan kitob savdosiga nisbatan ham QQS joriy etiladi. Bu amaliyot natijasida kitoblar narxi yaqin vaqt davomida 18-27 foizga qimmatlashishi mumkin. 

Matbuot anjumanida ishtirok etgan Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mubin Mirzayev mazkur o‘zgarishga izoh berdi.

«Har xil stavkalarning qo‘llanilishi soliq qonunchiligini qiyinlashtirib yuboradi. Kodeksni ishlab chiqishda ko‘plab ekspertlarni jalb qilganmiz. Ularning fikricha, soliq stavkalarining hal xilligi masalani chigallashtiradi, bir xillik esa boshqarishni soddalashtiradi. Lekin sohaga haqiqatda   yordam berish lozim bo‘lsa, uni soliqdan emas, balki budjetdan pul ko‘rinishida berish ma'qulroq. Shu sabab biz Moliya vazirligi bilan ushbu o‘zgartirishni kiritdik. 

Jahon amaliyotiga qarang, masalan, Rossiyada qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga 10 foiz QQS kiritilgan. Ular ham buning noto‘g‘riligini tan olmoqda, chunki stavkalarning pasaytirilgani o‘sha sohani qo‘llab-quvvatlashga imkoniyat bermaydi. Soliq qonunchiligi og‘irlashadi. Shuning uchun yordamga muhtoj sohaga budjetdan subsidiya ko‘rinishida yordam bergan ma'qulroq», - deydi M. Mirzayev.

Bundan oldin, soliq turlari qisqartirilgani xabar berilgandi.

Mavzuga oid