Sog‘lom hayot | 21:46 / 19.09.2025
9630
3 daqiqa o‘qiladi

To‘yib uxlamaslik 172 ta xastalikni keltirib chiqarishi mumkin – tadqiqot

Olimlar uyqu va uyg‘onishning bir xil vaqtiga rioya qilish muhimligini ta’kidladilar.

Foto: Getty images

Uyqu sifatining yomonligi kamida 172 ta xastalik, jumladan, astmadan tortib temiratki virusigacha bo‘lgan kasalliklarning ko‘payishi bilan bog‘liq. Yangi tadqiqotda 88 mingdan ortiq odam haqida to‘plangan bioma’lumotlardan foydalanildi, deb yozdi Science.

Xitoyning Pekin universiteti Tibbiyot ilmiy markazi tadqiqotida salomatlik va biosinovlar bo‘yicha Britaniya bio-banki ma’lumotlaridan foydalanildi, bu tadqiqotchilarga ish uchun ko‘proq material berdi.

Olimlar odamlarning sirkad ritmlari barqarorligi va ularning bir xil uyqu va uyg‘onish vaqtiga qanchalik izchil rioya qilishi kabi omillar o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqladi.

Tadqiqotchilar agar odamda uyqu bilan bog‘liq yomon odatlar bo‘lsa, kamida 92 ta kasallikning 20 foizi rivojlanishi mumkinligini misol qilib keltirdi. Xususan, agar odam soat 00:30 dan keyin, ya’ni uxlash uchun g‘ayrioddiy vaqtda yotishga odatlangan bo‘lsa, unga jigar sirrozi tashxisi qo‘yish xavfi 257 foizga teng.

Bundan tashqari, kunlik uyqu tartibidagi sezilarli o‘zgarishlar 6,8 yillik tadqiqot davrida gangrena ehtimolini 261 foizga oshiradi.

Maqolada tushuntirilishicha, ko‘pincha odamlar kechqurun ozgina spirtli ichimlik ichadi va shunga ko‘ra kech yotadi. Ehtimol, aynan shu odat jigar sirrozi xavfi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, agar odamning uyqu vaqti har kuni o‘zgarib tursa, u boshqa odatlarga, masalan, parhez yoki jismoniy faollikka kamroq rioya qiladi, degan taxmin ham bor. Ma’lumki, bu odatlar boshqa ko‘plab kasalliklar bilan ham bog‘liq.

«Bizning xulosalarimiz muntazam uyquning ahamiyati yetarlicha baholanmaganini ta’kidlaydi», dedi katta tadqiqotchi Shenfen Van.

Uning ta’kidlashicha, kech yotish zararli bo‘lsa-da, e’tibor qaratish kerak bo‘lgan boshqa omillar ham bo‘lishi mumkin.

Qayd etilishicha, agar odam ma’lum sabablarga ko‘ra soat 01:00 gacha yotishga ulgursa va ertalab kamida soat 08:00 gacha uxlasa, bu unchalik yomon emas.

Har qanday holatda ham, deyiladi maqolada, o‘z hayotiy tanlovni shubha ostiga qo‘ymaslik kerak. Faqat ular tufayli uyquni yo‘qotmaslik lozim.

Mavzuga oid