O‘zbekiston | 21:18 / 30.01.2024
29245
9 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda “powerbank ijarasi”dan daromad olish taklif etilmoqda. Bu navbatdagi moliyaviy piramida bo‘lishi mumkin

Respublikaning turli hududlarida odamlar “Parker” savdo belgisi ostidagi loyihaga faol jalb qilinmoqda. Shartlar oddiy: tashkilotchilar tomonidan taqdim etilgan mobil ilova yuklab olinib, ro‘yxatdan o‘tiladi va belgilangan tariflar asosida pul tikiladi. Tikilgan pulga go‘yoki dunyoning qaysidir burchagida powerbank xarid qilinib, ijaraga beriladi. Odamlarni bunga ishontirish uchun esa 20 kun oldin tashkil qilingan MChJ guvohnomasi ko‘rsatilmoqda.  

Ijtimoiy tarmoqlarda “Parker” kompaniyasi bilan bog‘liq reklama va e’lonlar ko‘paymoqda. Kun.uz holat yuzasidan kichik surishtiruv o‘tkazdi.  

Kompaniya e’lonlarida oson pul topish, ya’ni pul tikib, yaxshigina daromad olish haqida gap boradi. Hududlarda ushbu kompaniya o‘tkazgan tadbirlarga minglab odamlar to‘planmoqda. Jumladan, shunday tadbirlardan biri yaqinda Samarqand shahrida o‘tkazilgan. Tadbirda ming kishi qatnashgan.  

Shuningdek, kompaniya ma’lum bir guruhga “choyxona” tashkil qilib berish orqali ham ommaga “tanilishga” intilyapti. Ya’ni kompaniya hamkori (pul tikkan odam) 10-15 kishini biror restoranda yig‘ib, tadbir o‘tkazib beradi. Tadbir jarayonida “investitsiya kiritish” sxemasi haqida tushuntirish beriladi va yig‘ilganlarni “safga qo‘shib olishga” harakat qilinadi. Tadbir uchun sarf qilingan xarajat esa xorijda ekani aytilayotgan noma’lum kompaniya tomonidan qoplab beriladi.  

Men bugun “Parker” kompaniyasiga qiziqishi bo‘lgan 18 nafar tanishimga ziyofat o‘tkazib berdim. Juda zo‘r bo‘ldi. Hamma tashrif buyurgan insonlar kompaniyamiz haqida iliq taassurotlarga ega bo‘lishdi. Kompaniya haqida ma’lumotlarni bilib oldilar. Bu ziyofatda A hamkorim B hamkorni va C hamkorni shu zahoti ulanishdi va uskuna sotib olishdi. Bundan tashqari, bir nechta hamkorlarimga sinovli uskunasini ishga tushirib berdim. Yana 3-4 kishi tez kunda kredit chiqarib, PL4 hamda PL3 uskunani sotib olishlarini aytdilar. Ziyofatni tashkillashtirishda yaqindan yordam bergan “Parker” kompaniyasi rahbariyatiga va alohida dilerim Luciye xonimga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman”, deya yozgan kompaniya hamkorlaridan biri.  

Odamlarga nima taklif qilinmoqda?

Har bir moliyaviy piramidada xo‘rak vazifasini “katta daromad” jumlasi bajarib beradi. “Parker” nomi bilan tanishtirilayotgan loyiha ham odamlarga oson va tez katta daromad olishni taklif qilmoqda.

Buning uchun kompaniyaning yangi mijoziga mobil ilova (ushbu mobil ilova rasmiy internet do‘konlarida mavjud emas) tashlab beriladi. Mijoz ilovada ro‘yxatdan o‘tgach, investitsiya kiritadi, ya’ni pul tikadi. Ko‘riladigan daromad tikiladigan pul miqdoriga qarab oshib boradi. Tashkilotchilari bu pul tikishni “powerbank sotib olish” deya izohlamoqda. Sababi yangi mijoz ilova orqali pul tikib, go‘yoki powerbank qurilmasini sotib oladi. U pul to‘lagan qurilma esa dunyoning qaysidir shaharlariga o‘rnatilgan bo‘ladi va ijaraga beriladi. Ijaradan tushgan pul esa mijozning foydasiga aylanadi.

Masalan, yangi mijoz 1-darajali jihoz sotib olish uchun 120 USDT (kriptovaluta, hozirgi kunda 1 USDT 1 dollar qiymatga ega) pul tiksa, kuniga 3, oyiga 90, yiliga esa 1095 USDT daromad ko‘rishi aytiladi. Odamlar agar 47 000 USDTga 13-darajali qurilma sotib olsa, bir kunga 1175, oyiga 35250 yoki yiliga 428 875 USDT daromad ko‘rish mumkinligiga ishontirilmoqda.  

To‘lov kriptovalutada, shartnoma esa yo‘q

“Parker”ga qo‘shilgan yangi mijozlar pulni kriptovalutada tikadi. Buning uchun maxsus ilovalar ishlab chiqilgan. Ro‘yxatdan o‘tilgach ilovada mijozning o‘z hisob raqami yaratiladi. Maxsus elektron hamyonlar orqali bank kartasidan so‘m kriptovalutaga aylantiriladi va ilovadagi hisobga o‘tkaziladi. Bu bilan go‘yoki qurilma sotib olinadi. Kunlik daromad ham ushbu hisobda kriptovaluta ko‘rinishida shakllanib boradi. Uni esa yana so‘mga aylantirib, bank kartasiga ko‘chirib olishadi.

“Parker” to‘liq onlayn shaklda ishlaydi, kompaniya va mijoz o‘rtasida biror shartnoma, huquqiy munosabat yoki jonli muloqot yo‘q: bu ishning boshida kim turganligini hech kim bilmaydi.

Qariyb 50 ming dollarga sotib olingan qandaydir qurilma dunyoning qaysidir burchaklarida turib, kompaniya mijozi uchun daromad keltirishi biroz shubhali. Biroq O‘zbekistonda bu loyihaga ishonch bildirayotgan va undan daromad orttirishni umid qilgan odamlar talaygina.   

“Kuyib qolishga hech kim kafolat bermaydi”

Kun.uz’dagi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston hududida “Parker” kompaniyasining 10 ga yaqin dilerlik markazlari ochilgan. Ulardan biri Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida.

Mazkur markaz asoschisi Oxunjon Jo‘rayev hisoblanadi. U 2024 yilning 5 yanvar kuni “PARKER SHARED TECHNOLOGIES” MChJni tashkil qilib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan. “Parker”ga jalb etilganlarga mazkur MChJning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi haqidagi guvohnoma hamda ustavi taqdim etilmoqda ekan. MChJ tijorat faoliyati va boshqaruv masalalari bo‘yicha maslahat berish bilan shug‘ullanishi qayd etilgan.  

Kun.uz mavzu yuzasidan Oxunjon Jo‘rayevdan izoh oldi. 

Maktabning 9-sinfini tamomlagach, kollejda o‘qidim. “Parker”ga Rossiyada ishlab yurgan paytim qiziqib, 50 dollar pul tikkanman. Ushbu pulim ortidan 180 ming rubl daromad ko‘rdim. Endi bu ishni O‘zbekistonda davom ettirmoqdaman.

Asosiy maqsadimiz mahsulotni odamlarga tanishtirish. Bu kompaniya qurilmalari hozirda Xitoyda ishlab chiqarilyapti. Qurilmalar odam gavjum joylarda o‘rnatiladi. Aytaylik, metroda kimningdir telefon quvvati tugab qoldi. U metro bekatida o‘rnatilgan qurilma orqali telefonini quvvatlantirishi mumkin. Buning uchun ma’lum bir miqdorda haq to‘laydi. Investitsiya kiritganlarning daromadi ana shu puldan shakllanadi.

Hozircha O‘zbekistonda biror bir joyda “Parker” powerbank’lari o‘rnatilmagan. Odamlarga tushuntirish va tanitish uchun bizga bir nechta qurilma jo‘natilgan. Qurilma O‘zbekiston bozoriga endi kirib keladi.

Investitsiya kiritish tariflari kompaniya tomonidan belgilangan. Hozirda o‘zim 4400 USDTlik qurilma sotib olganman.

Barcha ishlar mobil ilovada bajariladi, kompaniya rahbarlari bilan uchrashmaganmiz. Pul tikkanlar kuyib qolmasligiga hech kim kafolat bermaydi.

Biz hech kimni majburlaganimiz yo‘q. Masalan, Samarqanddagi dilerimiz ming kishilik tadbir qildi. Tadbirga 41 ming dollar mablag‘ sarflandi. Bu xarajatni kompaniya qoplab berdi. Agar firibgarlik bo‘lganida kompaniya bu pulni to‘lab bermagan bo‘lardi”, deydi Oxunjon Jo‘rayev.  

Suhbatdan ma’lum bo‘ldiki, Oxunjon Jo‘rayev MChJni aynan nima maqsadda ta’sis qilganini o‘zi ham bilmaydi. “Firmani davlat tashkilotlari bilan hamkorlik qilish uchun kerak bo‘ladi deb ochgandim”, deydi u.

Shuningdek, Oxunjon Jo‘rayev tizimni xorijdan turib boshqarayotganlarni tanimasligini, ularning birortasini ko‘rmaganligini, muloqot faqat internet orqali (asosan Telegram’da) bo‘lishini aytdi.

Moliyaviy piramida

Bu doimiy ravishda yangi ishtirokchilarning mablag‘larini jalb qilish orqali tuzilma a’zolariga daromad to‘lab borishni nazarda tutuvchi tizim. Bunda piramidaning birinchi ishtirokchilarining daromadlari keyingi ishtirokchilar hisobidan to‘lanadi.

Aksariyat moliyaviy piramidalarda tuzilmaga ma’lum miqdorda pul kiritish va o‘zidan keyin 2 yoki undan ortiq ishtirokchilarni jalb qilish shartini bajarish evaziga kiritgan pulini oshig‘i bilan qaytarib olish va’da qilinadi.

Tizim ishonchli ko‘rinishi uchun unga ba’zi elementlar qo‘shilishi mumkin. Bunda ishtirokchi go‘yoki biror buyum, dori vositalari, “sog‘lomlashtiruvchi” giyohlar yoki shunga o‘xshash tovar hamda mahsulotlarni xarid qilayotganday bo‘ladi. Ammo aksariyat hollarda bu “oldi-sotdi” bozor qonunlarining eng sodda shartlariga ham mos kelmaydi.   

Maqolamizda qalamga olingan holat ham navbatdagi moliyaviy piramida – odamlarning pulini to‘plab olish uchun o‘ylab topilgan sxema bo‘lishi mumkin. Unga qiziqish bildirayotgan hamyurtlarimizga laqma bo‘lmaslikni, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga esa “Parker vasvasasi”ni tekshirib ko‘rishni tavsiya qilamiz.

Ruslan Saburov,
Kun.uz

Mavzuga oid