2021 yil 11 yanvar kuni O‘zbekistonga “Kiyev–Istanbul–Toshkent” yo‘nalishidagi samolyotda Ukraina fuqarosi bo‘lgan Maksim Muntyan ismli shaxs uchib kelgan. Aeroportdan chiqib, Toshkent ko‘chalariga qadam qo‘ygan Muntyan yirik xalqaro firibgarlik ipining bir uchini O‘zbekistonga tortib kelganini o‘sha vaqtda hech kim bilmagandi: firibgarlar guruhi juda qisqa vaqtda minglab o‘zbekistonliklarni millionlab dollarga chuv tushirdi. Bu “Ahmadboy ishi”dan so‘ng sodir etilgan eng yirik moliyaviy piramidalardan biri bo‘ldi.

Niqob

2021 yil boshida O‘zbekistonda avvaliga Farg‘onada, keyin Toshkent shahrida “Golden cash” brendi ostida zargarlik buyumlari do‘koni ochiladi. Ushbu brend reklamaning kuchi bilan juda qisqa vaqt ichida ommaga tanilib, shov-shuvga aylangan. “Golden cash”ni taniqli shaxslar reklama qilishi odamlarda unga bo‘lgan ishonchni yanada oshirgandi.

Biroq bu katta moliyaviy piramidaning boshlanishi edi: odamlarning cho‘ntagidagi millionlab dollarlarga ko‘z tikkanlarga yonlaridan pul sarflab, 2-3 ta zargarlik buyumlari do‘konini sahnalashtirish cho‘t emasdi. Va ular bu ishni osongina uddalashgan.

2021 yil 15 yanvar kuni “Golden cash store” MChJ davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi. Uning faoliyat turi ixtisoslashgan do‘konlarda soatlar va zargarlik buyumlari chakana savdosi edi. MChJ ta’sischisi va rahbari Maksim Muntyan bo‘lgan.

“Golden cash store” MChJning ustav fondi 11 mlrd so‘m qilib belgilangan. Biroq bu ustav fondi shakllantirilmagan. Bu ko‘zlanayotgan yirik firibgarlikka qonuniy tus berish yo‘lidagi harakatlar edi xolos.

Shundan so‘ng 2021 yil 25 may kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi davlat asillik darajasi nazorat inspeksiyasi tomonidan “Golden cash store” MChJga tasdiqnoma taqdim etilgan. Bu tasdiqnoma odamlarga “Mana litsenziya, bizning ishimiz qonuniy” deyish uchun muhim qadam edi.

Firibgarlar hatto “Golden cash store” MChJga halollik sertifikati ham tayyorlagan.