O‘zbekiston | 16:05 / 15.02.2023
10979
4 daqiqa o‘qiladi

Yuklamasi me’yordan oshgan elektr va gaz tarmoqlariga yangi iste’molchilarni ulash taqiqlandi

Prezident “Yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish sohasida davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Yoqilg‘i-energiya resurslaridan oqilona va samarali foydalanishni ta’minlash va bu boradagi jarayonlarni raqamlashtirish maqsadida:

a) mavjud elektr va gaz tarmoqlari hamda qurilmalarining yuklamasi belgilangan me’yordan oshgan taqdirda, ularga yangi iste’molchilarni ulash qat’iyan taqiqlanadi;

b) 2023 yil 1 martdan boshlab:

nazorat tadbirlarini amalga oshirishda tafovutlarni aniqlash maqsadida O‘zenergoinspeksiyaga “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgazta’minot” AJ, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “O‘ztransgaz” AJlarning elektr energiyasi va tabiiy gazni nazorat qilish hamda hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlaridagi yoqilg‘i-energiya resurslari iste’moli to‘g‘risidagi ma’lumotlarni monitoring qilish imkoniyati yaratiladi;

elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarlik bo‘yicha tuzilgan dalolatnomalarni elektron shaklda rasmiylashtirish va tegishli ma’lumotlarni “E-maʼmuriy ish” tizimiga kiritish tartibi joriy etiladi;

v) 2023 yil 1 iyuldan boshlab yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan elektr energiyasi hamda tabiiy gazni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar elektr va gaz ta’minoti korxonalarining dasturiy ta’minoti yoxud "Shaffof qurilish" milliy axborot tizimi orqali elektron raqamli imzodan foydalangan holda tuzilishi belgilandi.

Bunda:

  • mazkur tartib yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun yoqilg‘i-energiya resurslari iste’moli bo‘yicha limitlarni belgilash va ularga o‘zgartirishlar kiritishga ham tatbiq etiladi;
  • davlat buyurtmachilari bilan tuzilgan shartnomalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portaliga avtomatik ravishda yuborilishi ta’minlanadi;
  • budjet buyurtmachilari bilan tuzilgan shartnomalar g‘aznachilik bo‘linmalarida elektron shaklda (inson omilisiz) ro‘yxatdan o‘tkaziladi;

g) 2023 yil 1 oktyabrga qadar mavjud elektr energiyasi va tabiiy gazni uzatish hamda taqsimlash tarmoqlari va qurilmalari yuklamasi oshib ketishining oldini olish imkoniyatini yaratish maqsadida ular bioaxborot tizimiga kiritiladi hamda elektr va gaz ta’minoti korxonalarining dasturiy ta’minoti hamda "Shaffof qurilish" milliy axborot tizimi bilan integratsiya qilinadi.
  
Bunda, elektr energiyasi va tabiiy gazni uzatish hamda taqsimlash tarmoqlari va qurilmalari mazkur tizimlar bilan integratsiya qilingandan so‘ng elektr va gaz tarmoqlariga ulanishda ulanish nuqtalari avtomatlashtirilgan tarzda inson omilisiz tanlanadi: 

d) 2023 yil 1 oktyabrdan boshlab elektr va gaz tarmoqlari va qurilmalarini qurishda loyiha hujjatlarini vakolatli organlar bilan kelishish tegishlicha elektr va gaz ta’minoti korxonalarining dasturiy ta’minotlari orqali aniq muddatlarda amalga oshirilishi belgilandi.

Energetika vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “UzGasTrade” AJ, “Hududgazta’minot” AJ bilan birgalikda elektr va gaz ta’minoti korxonalarining dasturiy ta’minotlari ishlab chiqilishi va ishga tushirilishi hamda nazarda tutilgan texnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlaydi.

Mavzuga oid